Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonda yarim yilda o‘simlik dunyosiga qancha zarar yetkazilgani ochiqlandi

O‘zbekistonda yarim yilda o‘simlik dunyosiga qancha zarar yetkazilgani ochiqlandi

Foto: «Senat.uz»

Bugun, 28-iyul kuni Oliy Majlis Senati Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasi hamda Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasining qo‘shma majlisi o‘tkazildi. Unda senatorlar, Qo‘mitalar ekspertlari, mutasaddi vazirlik va idoralar vakillari, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Majlisda parlament yuqori palatasining o‘n yettinchi yalpi majlisida ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan masalalar dastlabki tarzda muhokama qilindi. Shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisining davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarning kesilishiga doir axboroti eshitildi.

Qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 3-fevraldagi PF-6155-son Farmoni bilan 2019-yil 1-noyabrda respublika hududida davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarning qimmatbaho navlari kesilishiga joriy etilgan moratoriyning amal qilish muddati 2021-yil 31-dekabrga qadar uzaytirilgan.

Moratoriy davrida 5 mingdan ortiq jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan 166 ming tup atrofida qimmatbaho navli davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarni kesishga ruxsat so‘rab qilgan murojaatlar rad etilib, saqlab qolingan.

Majlisda ushbu sohada amalga oshirilayotgan ishlarga qaramay daraxtlarning noqonuniy kesilishi bilan bog‘liq tizimli muammolar saqlanib qolganligi ta’kidlandi.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 24-avgustdagi PF-6044-sonli Farmoniga muvofiq, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasiga davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni kesishga ruxsatnoma berish vakolatini mahalliy davlat hokimiyati organlaridan Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi organlariga berishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish va hukumatga kiritish vazifasi yuklatilgan. Biroq shu kunga qadar mazkur topshiriq bajarilmagan.

Qolaversa, Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 17-yanvardagi 43-sonli qarori bilan Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasiga daraxtlarni muhofaza qilish maqsadida ularning soni, turi, yoshi, tanasining diametri, geografik joylashuvi va boshqa parametrlari bo‘yicha hisobga olish hamda reyestrini yuritish topshirilgan. Ammo bugunga qadar Qo‘mita tomonidan jamoatchilikka bu borada ma’lumotlar berilmagan, yangidan ekilgan daraxtlarning hisobini yuritish ishlari ham tizimli tashkil etilmagan.

Yana bir jihat. Ko‘chatlarning yagona elektron bazasini yaratish va unga hududlarda ekilgan ko‘chatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni kiritib borish ishlari e’tibordan chetda qolgan.

Achinarlisi, 2021-yilning 6 oyi davomida respublikada daraxt va butalarning noqonuniy kesilishi bilan bog‘liq 2 597 ta huquqbuzarlik sodir etilgan va o‘simlik dunyosiga 6,7 mlrd so‘m zarar yetkazilgan.

Majlisda senatorlar tomonidan davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarning kesishning oldini olish, atrof-muhit va ekologiyani asrab-avaylash borasidagi tizimli ishlarni tashkil etishga qaratilgan tadbirlarni yanada kuchaytirishga doir fikr-mulohazalar bildirildi.

Mazkur masala yuzasidan Oliy Majlis Senati Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasi hamda Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasining qo‘shma majlisining tegishli qarori qabul qilindi.

Bundan tashqari, majlisda xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining ayrim qarorlarini o‘rganish natijalari to‘g‘risidagi masala muhokama qilindi.

Xususan, xalq deputatlari Yakkabog‘ tuman Kengashining 2021-yil 23-martdagi «Yakkabog‘ tumanidagi «Abduqodir hamkor», «Nodirbek Asilbek chorva», «Shaxboz Sardor Shoxjaxon» fermer xo‘jaliklari hamda «Qoplan dara», «Qoplan dara shaxzodasi» mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi agrofirmalarga tegishli yer maydonlari maqsadsiz foydalanib kelayotganligi sababli tuman zaxira fondiga qaytarish to‘g‘risida»gi qarorini o‘rganish natijalari ko‘rib chiqildi. Mazkur Qarorga asosan «Qoplon dara shaxzodasi» MChJ shaklidagi agrofirma hamda yana qator fermer xo‘jaliklariga yer maydonlari ajratish to‘g‘risidagi tuman hokimining qarorlari bekor qilinib, yer maydonlari tuman zaxira fondiga qaytarilgan.

Qolaversa, xalq deputatlari Uzun tuman Kengashining 2020-yil 9-noyabrdagi «Tumandagi paxta-g‘alla ekini uchun ajratilgan yer maydonlaridan samarali-oqilona foydalanishni yo‘lga qo‘yish to‘g‘risida»gi qarorini o‘rganish natijalari muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, o‘rganishlar davomida Uzun tumani hokimining 2020-yil 26-martdagi qarori bilan fuqaro I.Murtazayevga paxta-g‘allachilik yo‘nalishidagi fermer xo‘jaligi tashkil etish uchun 52,7 gektar yer maydoni ajratilgan. Qarorga asosan 2020-yil 11-aprelda yerdan foydalanish bo‘yicha 31 yilga mo‘ljallangan ijara shartnomasi tuzilgan. Ammo xalq deputatlari Uzun tumani Kengashining 2020-yil 9-noyabrdagi «Tumandagi paxta-g‘alla ekini uchun ajratilgan yer maydonlaridan samarali-oqilona foydalanishni yo‘lga qo‘yish to‘g‘risida»gi qarori bilan «Zamin Sulton Baraka» hamda yana 35 ta fermer xo‘jaligi bilan tuzilgan yer ijara shartnomalari muddatidan oldin bekor qilinib, yer maydonlari tuman hokimligi zaxirasiga qaytarilgan.

Mazkur qarorlar amaldagi bir qator qonunchilik hujjatlariga zid ravishda qabul qilinganligi ta’kidlandi. Shuningdek, ushbu masala yuzasidan Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasining tegishli qarori qabul qilindi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring