Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonda haqiqiy kuz qachon boshlanishi aytildi

O‘zbekistonda haqiqiy kuz qachon boshlanishi aytildi

Foto: «Xabar.uz»

O‘zbekistonda kuzning boshlanishi iqlim sharoitiga ko‘ra taqvim sanalariga mos kelmaydi, deyiladi «O‘zgidromet» xabarida.

Sentyabr oyi, taqvim bo‘yicha kuz oyi deb hisoblansada, lekin O‘zbekistonda yoz fasli kabi hali ham asosan kam bulutli va quruq ob-havo, faqat yozga qaraganda qulayroq harorat foni ustun turadi.

Iqlimshunos olimlarning fikricha, O‘zbekistonda kuz aslida o‘rtacha kecha-kunduzlik havo harorati + 20° dan pastga tushganda boshlanadi.

Ko‘p yillik iqlimiy ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston hududining katta qismida o‘rtacha kecha-kunduzlik havo harorati sentyabr oyining so‘nggi o‘n kunligida +20° dan pastga tushadi, ammo oy oxirigacha ushbu qiymatga yaqin bo‘lib turadi.

Sentyabr oyida yog‘ingarchilik yilning eng quruq oyi — avgust oyiga nisbatan biroz ko‘p bo‘ladi. Hududning katta qismi bo‘yicha oylik yog‘ingarchilik miqdori biroz bo‘lib, 2-5 mm.ni tashkil etadi, janubda va cho‘l hududlarda esa undan ham kam bo‘ladi.

Qayd etilishicha, oktabr oyida kunlar qisqara boshlaganda, harorat pasayishi sezilarli bo‘lganda, yomg‘ir tez-tez yog‘ganda haqiqiy kuz boshlanadi.

«Albatta, sentyabr oyidagi ob-havo sharoiti har doim ham iqlimiy, ya’ni o‘rtacha ko‘p yillik sharoitlarga mos kelmaydi. Ayrim yillarda yog‘ingarchilik me’yordan 2-3 marta ko‘p yoki oyning o‘rtacha harorati me’yordan 1-1,5° ga past bo‘ladi. Ammo bunday sentyabr oylari kam, o‘rtacha har 6-8 yilda bir marta kuzatiladi», deyiladi tahlilda.

Oktabrda va ayniqsa, noyabrda o‘rtacha havo harorati yanada yuqori tezlikda pasayishda davom etadi. Yog‘ingarchilik tez-tez va ko‘proq miqdorda bo‘ladi. Noyabr oyida va kamdan-kam hollarda oktabr oyida harorat salbiy qiymatlargacha pasayadi va yog‘ingarchilik nafaqat yomg‘ir shaklida, balki qor shaklida ham yog‘adi.

O‘zbekistonda kuz o‘rtacha kecha-kunduzlik havo harorati +5° S gacha pasayganga qadar davom etadi. Hududning katta qismida bu taqvim sanalariga mos bo‘lib, noyabr oyining eng oxirida sodir bo‘ladi. Biroq, respublikaning shimolida «iqlimiy kuz» noyabr oyining birinchi o‘n kunligida tugaydi. Ammo eng chekka janubda esa deyarli dekabr oyining oxirigacha o‘rtacha kecha-kunduzlik harorat +5° dan yuqori bo‘lib qoladi.

Ushbu haftaning oxirigacha respublika hududi bo‘yicha ob-havo sharoitida deyarli o‘zgarishlar kutilmaydi. Keyingi haftada ob-havo yomonlashishi mumkin, ammo bu qisqa muddatli bo‘ladi. Shu sabab, sentyabr oyining o‘rtasi bo‘lishiga qaramay, O‘zbekistonda «iqlimiy yoz» davom etmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring