O‘zbekistonda dori vositalari va tibbiy buyumlar uchun 914,6 mlrd. ajratildi
![O‘zbekistonda dori vositalari va tibbiy buyumlar uchun 914,6 mlrd. ajratildi](https://static.xabaruz.com/crop/1/0/720_460_95_1072458875.jpg)
O‘zbekiston Milliy matbuot markazida Sog‘liqni saqlash vazirligi va Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tomonidan «Aholini arzon va sifatli dori-darmon bilan ta’minlash tibbiyot sohasida o‘tkazilayotgan islohotlarning bosh maqsadlaridan biri» mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Anjumanda ta’kidlanishicha, davlat tibbiyot tashkilotlariga dori vositalari va tibbiy buyumlar sotib olish uchun 2018 yilda 914,6 mlrd. so‘m, ya’ni 2017 yilga nisbatan 2,5 barobar ko‘p mablag‘ yo‘naltirildi. Shuningdek, xalqaro amaliyotni hisobga olgan holda asosiy kasalliklarga tashxis qo‘yish, ularni davolash va klinik protokollar standartlarining yangi jadvali tasdiqlandi.
Aytilishicha, mamlakatimizda 152 ta farmatsevtika korxonasi faoliyat yurityapti. Ular tomonidan ishlab chiqarilayotgan 2500 nomga yaqin dori-darmon tibbiyotimiz amaliyotida keng qo‘llanilmoqda. Bundan tashqari, xorijiy investorlar tomonidan O‘zbekiston farmatsevtika sanoatiga kiritilayotgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar ulushi ortmoqda. Hozirgi kunda xorijiy investitsiyalar ishtirokida umumiy qiymati 123,9 mln. AQSh dollariga teng 9 ta investitsion loyiha amalga oshirilmoqda. Shundan 87,32 mln. AQSh dollari to‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investitsiyalaridir. Ushbu investitsiyalar, asosan, Xitoy, Hindiston, Germaniya, Buyuk Britaniya va Turkiyalik investorlar tomonidan kiritilmoqda.
Shuningdek, mamlakatda farmatsevtika sanoatiga ixtisoslashgan erkin iqtisodiy zonalar tashkil etilgan. Ayni paytda «Nukus-farm», «Zomin-farm», «Kosonsoy-farm», «Sirdaryo-farm», «Boysun-farm», «Bo‘stonliq-farm» va «Parkent-farm» erkin iqtisodiy zonalari ro‘yxatga olindi. Ushbu hududlarda dorivor o‘simliklarni yetishtirish va farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan loyihalarni amalga oshirish maqsadida 518,9 gektar yer maydoni tanlab olinib, viloyatlar hokimlarining tegishli qarorlari qabul qilindi.
Mazkur erkin iqtisodiy zonalar hududida qiymati 1 361,1 mlrd. so‘mga teng 30 ta loyiha amalga oshiriladi va 1 903 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Hozirda EIZlar hududida amalga oshirilayotgan loyihalar doirasida 400,0 mlrd. so‘mga yaqin mablag‘lar o‘zlashtirilgan. Jumladan, yirik loyihalardan «Sirdaryo» EIZda «Sirdaryo Universal Oyna» MChJ tomonidan qiymati 360,0 mlr.d so‘mga teng «Farmatsevtika shisha idishlari ishlab chiqarish» va «Pharma Plast Holding» MChJ tomonidan 25,0 mlrd. so‘mlik «Tibbiyotda bir martalik ishlatiladigan flakonlar ishlab chiqarishni tashkil etish» loyihalari ishga tushirilgan.
2018 yil 1 avgustdan boshlab, davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun yuqori tartibga soluvchi talablar qo‘yilgan mamlakatlarda amalga oshirilgan dori vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish natijalarini tan olish tartibi joriy etiladi. Bu esa dori vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tizimidagi ortiqcha to‘siqlarga barham beradi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter