O‘zbekiston uchun iqlim o‘zgarishiga moslashish va yumshatishga qaratilgan loyihalarni moliyalashtirish bo‘yicha davlat dasturi ishlab chiqilmoqda
8–10 iyul kunlari Yashil iqlim jamg‘armasi (YaIJ) delegatsiyasi O‘zbekistonda bo‘ldi. Ushbu tashrif YaIJ bilan ishlash bo‘yicha milliy muvofiqlashtiruvchi tashkilot hisoblangan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tashabbusi bilan amalga oshirildi.
Jamg‘arma direktorining o‘rinbosari va Davlat dasturlari departamenti boshlig‘i Nonxlanxla Zindela va Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha dastur menejeri Maksim Surkov boshchiligidagi delegatsiya Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Iqlim o‘zgarishi milliy markazi bilan birgalikda iqlim o‘zgarishi bo‘yicha loyihalar portfelini tizimlashtirish va kengaytirish bo‘yicha bir qator strategik muhokamalar o‘tkazdi.
Shuningdek, tashrif davomida O‘zbekistonda iqlim loyihalarini moliyalashtirish bo‘yicha mamlakat dasturini ishlab chiqishning texnik jihatlari ishlab chiqildi. Ushbu dastur iqtisodiyotning iqlim o‘zgarishi ta’siriga eng zaif bo‘lgan tarmoqlari: suv tanqisligi, cho‘llanish, chang va qum bo‘ronlari, energiya samaradorligi, havo sifati hamda shaharlar va hududlarning iqlim barqarorligini ta’minlash uchun moliyalashtirishdan foydalanish imkonini beradi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2023 yilda Dubayda bo‘lib o‘tgan Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha BMT doiraviy konvensiyasi (COP-28) ishtirokchilarining 28-konferensiyasida e’lon qilingan Mo‘ynoqda iqlim texnologiyalari ko‘rgazmasi markazini tashkil etish loyihasiga alohida e’tibor qaratildi. Mamlakat dasturi Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida bo‘lib o‘tadigan BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy konvensiyasi ishtirokchilarining 29-konferensiyasida taqdim etilishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, vazirlik va mahalliy moliya tashkilotlarining YaIJda akkreditatsiyasini olish masalalari ham muhokama qilindi, bu esa mamlakatda iqlimni moliyalashtirishdan foydalanishni sezilarli darajada osonlashtiradi.
Ma’lumot uchun, Yashil iqlim jamg‘armasi (YaIJ) — bu BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy konvensiyasi (UNFCCC) doirasida rivojlanayotgan mamlakatlarni iqlim o‘zgarishiga moslashish va yumshatish bo‘yicha sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlash uchun yaratilgan xalqaro jamg‘arma.
Jamg‘armaning asosiy maqsadi iqlim loyihalari uchun moliyaviy resurslarni safarbar qilishdir. Bugungi kunga qadar YaIJ boshqaruvida 13,5 milliard AQSh dollari va birgalikda moliyalashda 51,9 milliard AQSh dollari mavjud. Ushbu mablag‘lar rivojlangan mamlakatlar tomonidan iqlim o‘zgarishi ta’siriga zaif rivojlanayotgan mamlakatlarni qo‘llab-quvvatlash va moliyalashtirish uchun 100 milliard AQSh dollari miqdorida ajratiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter