O‘zbekiston sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlar Jenevada qiziqish uyg‘otdi
Joriy yilning 21-mayidan o‘z ishini boshlagan Jahon sog‘liqni saqlash assambleyasining 71-sessiyasi qizg‘in pallaga kirdi. Jenevada o‘tayotgan ushbu tadbirda JSSTga a’zo 194 ta davlatlar qatorida Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etmoqda.
Mazkur sessiyada O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov ma’ruza qildi. U o‘z chiqishida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlar, tizimni rivojlantirish dasturi va unda belgilangan asosiy vazifalarga to‘xtalib o‘tdi.
— So‘nggi ikki yil ichida O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimida aholining barcha qatlamiga, ayniqsa, uzoq qishloq aholisiga yuqori sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha olib borilayotgan islohotlar bugun davlat siyosatining bosh maqsadiga aylangan, — dedi Alisher Shadmanov. — Shu maqsadda 100 dan ortiq huquqiy-normativ hujjatlar qabul qilindi. Ularda sohaning barcha yo‘nalishlarini kompleks rivojlantirish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar qamrab olingan. Hozirda O‘zbekiston belgilangan vazifalar ijrosi doirasida qator ijobiy natijalarga erishdi. O‘zbekiston tibbiyotidagi eng katta yangiliklardan biri sifatida transplantatsiya amaliyotining yo‘lga qo‘yilganini aytmoqchiman. Xorijlik mutaxassislar bilan hamkorlikda buyrak, jigar va o‘zak hujayra transplantatsiyasi bajarilmoqda.
Shundan so‘ng A.Shadmanov mamlakatimizda xususiy sektorni rivojlantirish, immunoprofilaktika sohasidagi natijalar bilan tanishtirdi. Darhaqiqat, bugun mamlakatimiz tibbiyotida xususiy sektor ulushi ortib bormoqda. Bunda davlatimiz rahbarining xususiy tibbiyot tashkilotlarini yanada rivojlantirish, ularga qo‘shimcha shart-sharoit va imtiyozlar berish bo‘yicha qabul qilingan qarorlari huquqiy asos bo‘lmoqda.
Shuningdek, vazir o‘z ma’ruzasi davomida 2019-2020-yillarda O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasi va unda belgilangan vazifalar bilan tanishtirdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter