«O‘zbekiston ovozi» gazetasi Namangan tuman hokimligini tanqid qildi
Xalq demokratik partiyasi nashri — «O‘zbekiston ovozi» gazetasida Namangan viloyatining Namangan tumani faoliyatiga oid tanqidiy maqola chop etildi.
«Murojaatlarga bepisand munosabat va bajarilmagan dasturlar» sarlavhasi bilan e’lon qilingan maqolada xalq deputatlari tuman kengashi sessiyasi faoliyati yoritilgan.
Unda aytilishicha, tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha mavjud dastur va me’yoriy hujjatlar asosida muayyan ishlar amalga oshirilgan. Biroq yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklardan ham ko‘z yumib bo‘lmaydi.
«Dehqonobod» MFY hududida joylashgan to‘rt qavatli uyda kanalizatsiya yaxshi ishlamasligi sababli, yerto‘lani suv bosib ketgan, fuqarolarning mutasaddi rahbarlarga murojaatlari e’tiborsiz qoldirilgan.
Tadbirkorlik 2018-yil 1-mart holatiga tumanda ro‘yxatdan o‘tgan 1,600 dan ziyod tadbirkorlik sub’yektining 40 foizi turli sabablarga ko‘ra faoliyat ko‘rsatmayapti. Masalan, 2017-yilda ro‘yxatdan o‘tgan «Mo‘jiza shirinligi» MChJ ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun «Xalq banki» tuman filialidan kredit olib, tuman hokimligiga joy ajratib berish haqida murojaat qilgan. Yer ajratilmagani bois, o‘z faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘lgan.
Tumanda zarar ko‘rib ishlayotgan sub’yektlar o‘tgan yilga nisbatan ikki barobar ko‘p. Tadbirkorlarning yer ajratib berish to‘g‘risidagi murojaatlari o‘z vaqtida ko‘rib chiqilmaydi. Mirzahamid Rahimov, G‘anisher Kenjayevlarning arizalari tuman hokimining ish stolida ikki oylab qolib ketgan.
Hokim o‘rinbosari H.O‘rinov hamda tuman arxitektura va qurilish bo‘limi boshlig‘i B.Qo‘chqorovlar fuqarolarning murojaatlariga bepisand munosabatda bo‘lgan.
Sessiyada tumandagi boshqa kamchiliklar va ularning sabablari, muammolarni hal qilish masalasi atroflicha ko‘rib chiqildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter