O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktoriga o‘rinbosar tayinlandi
O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (O‘zA) bosh direktoriga o‘ribosar tayinlandi. Bu haqda Adliya vazirligining «Huquqiy axborot» kanalida xabar berildi.
Xabarda qayd etilishicha, Hukumat qaroriga muvofiq Abubakir Qulto‘rayevich O‘rozov O‘zA bosh direktorining o‘rinbosari etib tayinlangan. Xabarda bu qaror qachon qabul qilingani haqida ma’lumot berilmagan.
Abubakir O‘rozov shu paytgacha O‘zAning Respublika axboroti tahririyati Bosh muharriri sifatida ishlab kelayotgan edi. Bungacha esa u Mahalliy axborot tahririyati bosh muharriri, O‘zA kotibiyati mudiri, Bosh direktor yordamchisi vazifalarida faoliyat yuritgan.
U 2013-yili O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma ikki yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan «Eng ulug‘, eng aziz» respublika ko‘rik-tanlovining Bosma OAV xodimlarining jurnalistik ishlari nominatsiyasi bo‘yicha 2-o‘ringa sazovor bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidentining farmoniga asosan 1992-yil 5-fevral kuni Respublika Telegraf Axborot agentligi O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (O‘zA) sifatida qayta tashkil etilgan. Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 21-apreldagi 202-qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Milliy axborot agentligi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, O‘zAning bosh vazifasi axborot to‘plash va ularni ommaviy axborot vositalariga, davlat organlariga, muassasalarga, korxonalarga va tashkilotlarga, jamoat birlashmalariga, shuningdek, respublikadagi va uning tashqarisidagi xususiy kishilarga yetkazib berishdan iborat. O‘zA axboroti o‘zbek, rus, ingliz, fransuz, nemis, ispan, arab va xitoy tillarida tarqatiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter