Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘z farzandi uchun onasiga aliment to‘lamay yurgan ayol Qashqadaryodan topildi

O‘z farzandi uchun onasiga aliment to‘lamay yurgan ayol Qashqadaryodan topildi

Bunaqa holat doim ham uchrayvermaydi: o‘z farzandi uchun er emas, ayol... aliment to‘laydi! Kimga deng? Onasiga!

Bolajonligi bilan dunyoga dong‘i ketgan o‘zbeklar uchun naqadar achinarli holat!

Fuqaro M.D. o‘xshamagan turmushida (turmush deb bo‘lsa) orttirgan bir nafar farzandini o‘z onasi qaramog‘iga bergandi. Xo‘p, bolaga qarovchi naqd, biroq uning moddiy ta’minoti-chi?! Ayol o‘z farzandi ta’minotidan bo‘yin tovlagach, onasi tomonidan sudga tortildi. Natijada  fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudi M. D.ga o‘z farzandi uchun onasi foydasiga ma’lum miqdorda aliment to‘lash majburiyatini yukladi.   

Mazkur sud hujjati Majburiy ijro byurosining Yunusobod tuman bo‘limiga kelib tushdi. Ungacha aliment pullari yig‘ilib-yig‘ilib, 10 million so‘mga borib qolgandi. Biroq hali biror tiyindan darak yo‘q. Ijrochilar qarzdor ayolni so‘nggi bora ogohlantirildi: qarzingizni tezroq to‘lang, yo‘qsa, 15 (o‘n besh) sutkaga «kesilishingiz» aniq!  

Shundan keyin ham ayoldan darak bo‘lmadi. Davlat ijrochisi qarzdorning yashash manziliga borsa, u joydayam yo‘q. Qarzdor ayolga nisbatan qidiruv e’lon qilishdan boshqa chora qolmadi. 

Qidiruv bo‘yicha inspektorning sa’y-harakati natijasida qarzdor ona Qashqadaryo viloyatidan topildi.

Bu yog‘i nima bo‘ldi?

MIB Toshkent shahar boshqarmasi mas’ul xodimasi Marg‘uba Amonovaning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, vaziyat huquqiy ta’sir chorasi qo‘llashgacha yetib bormadi. Davlat ijrochisining astoydil harakati natijasida ona va qiz yarashtirildi. Eng samarali chorayam shu, aslida: buvi nabirasi ta’minoti uchun o‘z qiziga nisbatan chora ko‘rdirishi, juda yumshoq aytganda, yoqimsiz holat. Shu ma’noda tomonlarning yarashgani ma’qul. Bo‘lib o‘tgan ishlar esa farzand ta’minotidan qochib bo‘lmasligini yana bir bor anglatadi.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring