Otamning so‘nggi nigohi...
Boshqalarni bilmadimu, lekin mening umrim toshqin daryoga o‘xshaydi. Doim shoshib yuraman. Yoki tabiatim shundaymikan? Kollejga direktor bo‘lganimga bir yil bo‘lmagan, yangi kollejning qurilishi bitmagan, davomat har qanday dolli g‘ulli rahbarning ham dardu dunyosini ostin ustun qiladigan davrlar edi. 2008-yilning 17-may kuni ertalab kollejimiz yonidagi maktabda 9-sinf bitiruvchilari bilan kollej mutasaddilarining uchrashuviga shoshilayotgandim.
Uchrashuvda jo‘shqin ma’ruzalar qilib bitiruvchilarni o‘zim rahbarlik qilayotgan kasb-hunar kollejiga jalb etishim zarur. Kollej bilan uyimiz orasi esa naqd yigirma chaqirim chiqardi. Turmush o‘rtog‘im mashinani o‘t oldirishi bilan yoniga o‘tirib oldim.
– Meni kollejimiz yonidagi falon maktabga eltib qo‘ymasangiz bo‘lmaydi, kechikayapman!!!
Yo‘limiz ota hovlim joylashgan ko‘chadan o‘tardi. Shoshilinch ketayotganimizda ko‘chada otam turganini ko‘rib betoqat bo‘ldim. Tinchlikmikan, nega bashang kiyinib chiqib turibdiyikanlar? Meni biror yerga olib borib qo‘yinglar, demasa edi. Hayolimdan o‘tgan o‘ydan asablarim taranglashdi. Otam go‘yoki biz ko‘rmay o‘tib ketadigandek shoshib qo‘l silkidilar. Mashina otamning yonida to‘xtadi.
– Assalomu alaykum, rais?! Tinchlikmi bunday? – turmush o‘rtog‘im otamga rais, deb murojaat qilardi.
– Tuman markazidagi kasalxonaga ketayotgandim. Olmasam bo‘lmaydigan tibbiy muolajalarim bor. Kunduzi yotib davolanishga qaror qildim. Yo‘llaring o‘ng bo‘lsa, meni tashlab qo‘ysangiz... – otam kuyovni sizlab murojaat qilardi. Otam kuyovni chinakam pir, deb bilardi.
– Yaxshi, yo‘limiz o‘ng bo‘lmasa ham siz uchun o‘ng qilamiz, – dediyu menga old o‘rindiqni bo‘shatib berishimga ishora qildi, ilkis mashinadan tushib orqa o‘rindiqqa o‘tdim. Telefonim betoqat jiringlar, goh maktab direktori, goh o‘rinbosarlarim tinmay telefon qilishar, maktabda meni kutishayotganini bildirib hokimlik vakillari ham tinmay telefonimga sim qoqishardi. Bir zum ham bo‘shamay telefon qo‘ng‘iroqlariga javob bera-javob bera orqa o‘rindiqqa o‘tdim. Mashina o‘z o‘rnidan jildi. Navbatdagi telefon qo‘ng‘irog‘iga javob berganimdan so‘ng otam gap qotdilar:
– Qizim shu zormanda telefon qo‘ng‘iroqlarining hammasiga javob berishing shartmi? Bunday o‘zingni ehtiyot qilsang-chi.
– Shart, shart, javob bermaslik mumkinmas!!! – keskin javob berdim.
– Eh bolama, quloqlaring bir zum tinmaydi. Qachon qarama, telefonda gaplashasan, axir buning o‘ziga yarasha zarari bor-ku, bolam...
Otam negadir odatdagidan boshqacha ohangda so‘zladi. So‘zlarida allaqanday, siniqlik, tushunarsiz mung bordek tuyuldi. Bu orada mashinamiz Sho‘rchi tumani, To‘la mahallasi hududidagi shundoqqina M-41 magistral yo‘l biqinida joylashgan kollej oldidan o‘tayotgandi.
– Ehhey, bunchalar hashamatli kollejlar qurildiya, qizim,sen ishlayotgan kollej ham shunday hashamatlimi? Kollejingni ko‘rish menga nasib qilarmikan?
Otamning so‘zlari erish tuyuldi. Ko‘p ishni tindirayotgan rahbar qiyofasida tipirchilab soatga qaradim: otamni kasalxonaga tashlab qo‘yadigan bo‘lsak men kechikaman. Demak, tuman markaziga tushib qolishim kerak. Men ishlaydigan kollej joylashgan Olatemir mahallasiga qatnaydigan kirakashlarning mashinasiga o‘tirish... mashinaga yo‘lovchi to‘lishini kutish... betoqatligimni otamdan yashirib o‘tirmadim.
— Eeee ota, mening kollejim bu kollejdan ikki karra hashamatli. Lekin bugun yaxshigina kech qoldim. Meni bir emas, ikki emas, naqd uchta maktabning bitiruvchi o‘quvchilari kutib o‘tiribdi.
Otam jim qoldilar. Old o‘rindiqda ketayotganliklari uchun yuzlarini ko‘rmadim. Aftidan kechikishimga sababchi bo‘lganliklari uchun xijolatda o‘tirardilar.
– Omadingni bersin qizim, – dedi to‘satdan.
Eshitmaganlikka oldim. Tuman markazidan Olatemir mahallasiga qatnovchi taksilar turadigan joyga kelib mashinadan shiddat bilan tushdim. Xayr-ma’zurni nasiya qilib oldinga intildim. Shu payt otam ortimdan chaqirdilar.
– Rayhon!!!
Shart ortimga o‘girildim. Shoshayotganim, vaqtimning kamligi yuz-ko‘zlarimdagi malollanishdan yaqqol sezilib turardi.
– Ha ota, chaqirdingizmi?!!
– Yo‘q, o‘zim, boraver, qizim Xudo omadingni bersin! Otam bu gapni go‘yoki: «Alvido bolam, bu so‘ngi uchrashuvimiz», degandek ohangda aytdi. O‘zim bilib-bilmay yuragimni nimadir kuydirgandek bo‘ldi. Shu tobda otamning nigohi butun vujudimni teshib o‘tgandek bo‘ldi. Otamning nigohlarida diydorimni bir ko‘rib qol, keyin armon qilma, bolam, degan ma’no bor edi. Otamning nigohlari boyagi keskin shashtim va g‘ayratimni so‘ndiradigan darajada sirli va sinoatli bo‘lsa-da, ahamiyat bermadim.
Mashina qo‘zg‘oldi. Men ham bir so‘z aytmadim. Ters burildim-da, ketdim.
Uchta maktabdan kelgan 200 ga yaqin 9-sinf bitiruvchilari bilan uchrashuvimiz ko‘ngildagidek o‘tdi. Tabiiyki, uchrashuvda telefonim ovozsiz rejimga qo‘yilgan edi. Uchrashuvda avvallari tuymagan allaqanday g‘ashlik meni tark etmadi. Uchrashuv tugashi bilan telefonimni yoqdim. Telefonimni yoqishim bilan qo‘ng‘iroqlar kela boshladi.
— Qanday odamsan, nega telefonga javob bermaysan, kasalxonaga yetib kel, otang og‘ir!!
Turmush o‘rtog‘imning qisqa gapidan adoyi tamom bo‘ldim. Kasalxonaga yetib kelganimda otam koma holatida bo‘lib, oldilariga hech kimni kiritishmayotgandi. Aniqlanishicha, otamga bir daqiqada 150 tomchidan yuborilishi kerak bo‘lgan tomchi dori hamshira to‘yga shoshayotganligi uchun tezlashtirilgan, talab doirasidan chiqilgan tomchi dori o‘z ishini ko‘rsatib yurakdagi tromblarni ko‘chirib yuborgan ekan. Otam komada 5-6 soat yotdilar. Doktorlar sanoqli daqiqalar qolganini ma’lum qilib, oxirgi marta xayrlashish uchun imkon berishdi. O‘sha kuni otam Robbimning huzuriga qaytish qildilar.
Men esa cheksiz-chegarasiz armon og‘ushida qoldim. Armonlarim meni tilkalaydi, burda-burda qiladi. Betizgin o‘y-xayollar og‘ushida iztirob chekaman. Iztirobim izillatadi: qiz bo‘lguncha qizigan tosh bo‘lsang bo‘lmasmidi, qiz bo‘lgandan ko‘ra bir parcha muz bo‘lganingda avloroq edi, o‘sha kuni otangga joyingni bo‘shatib berayotganingda nega malollanding?!
Otang mashinaga chiqqandan keyin ham nega bo‘lar-bo‘lmas qo‘ng‘iroqlarga andarmon bo‘lib, otang bilan suhbat qurmading?!
Sening kollejing ham mana shunday hashamatlimi, deganida, ha otajon, davolanib bo‘lganingizdan keyin sizni, albatta, kollejimga olib boraman, deb nega aytmading?!
So‘nggi bor ismingni aytib chaqirganida, nega qaytib borib qo‘llaridan tutmading?!
Ne-ne odamlarga iltifot qilishni bilasan-ku, boshliqlar oldida, hokimu hukamolar qarshisida bosh egib itoatda turasan-ku?!
Nega otangning oldida g‘o‘ddayasan?! Otangsiz endi kimsan? Bilib qo‘y, otangsiz qorong‘u tunsan!!!
Otamdan keyin vaqtim ko‘p bo‘ldi. O‘sha otamning oyoqlari yetmagan kollejda otamdan keyin 10 yil rahbarlik qildim. Har bahorda otamning oyoqlari yetmagan o‘sha kollejga minglab daraxtu gullar ekdim. Otamning oyoqlari yetmagan kollejdan minglab shogirdlarim uchirma bo‘ldi. Otamning ismi bilan 4 mingga yaqin diplomlarni imzoladim. Otam aytganlaridek, qanchadan qancha qo‘ng‘iroqlarga javob bermasam ham bo‘lishini tushunib yetdim. Otamdan keyin ham mana 14 yildirki, rahbarlik lavozimlarida ishlab kelayapman. 30 oy otamning ismi sharifi bilan «Surxon tongi» va «Zarya Surxana» gazetalari 60 minglab nusxada bosmadan chiqdi. Otamning ismi sharifi yozilgan davlat mukofotlari va ko‘krak nishonlarining yorliqlarini olganimda yuzlarimga bosdim. Otamning ismi sharifi yozilgan faxriy yorliq va tashakkurnomalarni bag‘rimga bosib, otamning taftini topolmadim. Mana uch yildirki, mahallalarning minglab xodimlariga malakasini oshirganlik to‘g‘risidagi sertifikatga otamning ismi sharifi ostida imzo chekmyapman. Otam aytganidek Alloh omadimni berdi. Hamisha omad men bilan yonma-yon qadam tashladi. Hozir otamni Makkayu Madinaga olib borishga imkonim bor, lekin otam yo‘q!
Rayhon Rahimova
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter