Oltiariqda hokim va IIB boshlig‘i haydab ketgan 65 bosh qo‘y «izsiz yo‘qoldi»
«Adolat» gazetasining so‘nggi sonida Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro Hasanboy Yunusovning «Qo‘ylarimiz «yo‘qolib» qoldi» nomli murojaati e’lon qilindi. Quyida ushbu murojaatni e’tiboringizga havola etamiz.
«Men Farg‘ona viloyati, Oltiariq tumani, «Qiziltepa» MFY Guliston ko‘chasidagi 56-uyda yashayman. Vaqtincha ishsizman. Ro‘zg‘orni tebratish uchun uyda qo‘y boqib, sotaman. Bolalarimning rizqi ham shunga qarab qolgan. Afsuski, yigirma kundan buyon oilamizning tinchi buzilgan. Keling, sizlarni bo‘lib o‘tgan voqea tafsilotlari bilan tanishtiray.
2018-yilning 20-yanvar kuni soat 16:00 da qo‘shnilarim Rahmatjon Abduqahhorov va Raim Qodirov bilan qo‘ylarimizni «Qiziltepa» MFY hududidagi «Shohimardonsoy» fermer xo‘jaligi yonidagi zovur yoqasida boqayotgan edik. Bir sovliq tug‘a boshladi. Biz shu bilan ovora bo‘lib qolibmiz. Qo‘ylarning bir qismi fermer xo‘jaligiga qarashli g‘alla ekilgan maydonga kirib ketibdi.
Shu voqea ustiga tuman hokimi va IIB boshlig‘i kelib qoldi. Qo‘ylarga e’tiborsiz bo‘lganimiz uchun ming pushaymon ekanimizni bildirsak-da, IIB boshlig‘i va mahalla noziri qo‘ylarni haydab ketdi.
Joriy yilning 22-yanvar kuni Oltiariq tuman ma’muriy sudi ushbu ishni ko‘rib chiqib, aybimizga iqror ekanimizni hisobga olib, har birimizga jarima belgiladi. Uni vaqtida to‘ladik. Bundan tashqari, «Shohimardonsoy» fermer xo‘jaligiga yetkazilgan zarar — 1 320 000 so‘mni ham o‘z ixtiyorimiz bilan qoplab berdik. Hech kimda bizga qarshi da’vo qolmaganidan so‘ng qo‘ylarni so‘rab, tuman hokimi X.Niyozovga uchrashdik. Hokim buva qo‘ylaringizni bilmayman, dedi. IIB boshlig‘i I.Saydinov qabuliga bordik. U ham qo‘ylarning taqdiridan bexabar ekanini, bu ish bilan shug‘ullanmasligini bildirdi.
Ushbu masalada yordam so‘rab viloyat hokimi huzuriga borishga jazm etdik. Afsuski, hokimning qabuliga kiritish uyoqda tursin, dardimizni ham eshitishni istashmadi. Shundan buyon qo‘ylarni olish ilinjida qilgan murojaatlarimiz havoda qolib ketmoqda. Nahotki, mening aybim bilan oila a’zolarim, qo‘shnim Rahmatjon va Raimlarning farzandlari kam-ko‘stini but qilib kelgan 65 bosh qo‘y o‘z-o‘zidan «yo‘qolib» qolsa?
Hududimizda oila boqish uchun hech qanday ishlab chiqarish korxonasi va ish o‘rni yo‘q. Ko‘pchilik ishsiz. Yoshlar ish qidirib Rossiyaga borishadi. Borolmaganlar esa mol va qo‘y boqib, ro‘zg‘or tebratadi.
Yuqorida ta’kidlaganimdek, men ham shu ish ortidan farzandlarimni voyaga yetkazayapman. Afsuski, shuni ham bizdan tortib olishdi. Sizlardan iltimos, menga va qo‘shnilarimga tegishli qo‘ylarni olishda yordam bering. Biz yo‘l qo‘ygan xatomizdan ming bora pushaymonmiz.
Hasanboy Yunusov,
Farg‘ona viloyati, Oltiariq tumani, «Qizilpepa» MFY»
Tahririyatdan: biz bu mavzuni o‘rganishda davom etamiz.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter