«O‘lim mashinasi», surgun qilingan ayollar, yetim qolgan bolalar taqdiri... (foto)
«Xabar.uz» Toshkent muzeylari faoliyati, eksponatlari haqida foto va maqolalar berib borishni davom ettiradi. «Muzeyga boramiz» loyihasining bu galgi manzili – Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi.
Muzey Rossiya imperiyasi va sovet hokimiyati davrida vatan ozodligi yo‘lidagi faoliyati uchun qatag‘on etilgan vatandoshlar xotirasini abadiylashtirish, ular ijodi va jasoratini o‘rganish maqsadida 2002 yili tashkil qilingan. Muzey binosi milliy me’moriy an’analar asosida barpo etilgan bo‘lib, yog‘och o‘ymakorligi bilan bezatilgan tashqi tomoni ham alohida eksponatga o‘xshaydi.
Manzil: Toshkent shahri, Amir Temur ko‘chasi, «Shahidlar xotirasi» majmuasida.
Kirish pulli: 10 ming so‘m; o‘quvchi va talabalar uchun chegirmali narxlar belgilangan. Nafaqa yoshidagilar, yetti yoshgacha bo‘lgan bolalar, mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari va imkoniyati cheklanganlar uchun bepul.
Ekskursiya xizmati: O‘zbekiston fuqarolari uchun 15 ming so‘m.
Ish vaqti: Seshanba – shanba 09:00 dan 17:00 gacha.
Yakshanba: 09:00 dan 15:00 gacha.
Dam olish kuni: Dushanba.
To‘liq aylanish uchun: 40 daqiqadan 3 soatgacha vaqt sarflanadi.
– Muzeyimiz uchta zal va bu zallarda mavzulashtirib, joylashtirilgan o‘nta bo‘limdan iborat, – deydi ekskursavodlar bo‘limi boshlig‘i Aziza Axrorova. – Birinchi zalda O‘rta Osiyo (Turkiston)ning chor Rossiyasi tomonidan bosib olinishi va bunga qarshi ko‘tarilgan xalq qo‘zg‘olonlari, o‘tgan asrning 30-yillarida ro‘y bergan siyosiy qatag‘onlargacha bo‘lgan voqealar bilan tanishish mumkin. Ikkinchi zaldagi ekspozitsiyalar 1937-1938, 1940-1950 yillardagi siyosiy qatag‘onlar hamda 80-yillardagi «paxta ishi» haqida hikoya qiladi. Uchinchi zal esa 1991 yil – Mustaqillik yillaridagi O‘zbekiston manzaralarini aks ettirgan.
– Muzeyda nechta eksponat bor va mehmonlarning e’tiborini eng ko‘p tortadigan eksponat qaysi?
– Hozirda mingdan oshiq eksponatlarimiz bor. Ko‘pchilikning e’tiborini ommaviy qatag‘on davrida odamlar yuragiga qo‘rquv solgan, oddiy xalq «O‘lim mashinasi» deb nom qo‘ygan «Qora qarg‘a» nomli avtomobil tortadi. Bu mashina muzeydagi noyob va asl nusxadagi eksponatlardan biri. Odamlar bu mashinani ajal bilan tenglashtirgan. «Qora qarg‘a» olib ketgan odam uyiga qaytmagan. Juda ko‘p yurtdoshlarimiz, ziyolilarimiz o‘z uylaridan aynan mana shu mashinada kechasi olib ketilgan va ko‘p hollarda sudsiz, tergovsiz otib tashlangan. Shuningdek, qatag‘on qilingan xotin-qizlar taqdiri, ularning «aybi» ham ko‘pchilikda savol tug‘diradi.
– Qatag‘on qilingan ayollar suratlari orasida uy bekalari bor ekan. Haqiqatan ham ularning «aybi» nimada bo‘lgan?
– Qatag‘on qilingan ayollarni shartli ravishda ikkiga bo‘lish mumkin: siyosiy faol bo‘lgan rahbar xotin-qizlar va yozuvchi, shoir va faollarning uy bekasi bo‘lgan turmush o‘rtoqlari. Tergov qog‘ozlari tiklanganda bu ayollarning soddaligi, turmush o‘rtog‘i faoliyatidan hatto bexabarligi, aybsiz aybdor bo‘lib qatag‘on qilinganini ko‘rish mumkin. Er-xotin baravar qatag‘on qilingach, ularning farzandlari taqdiri bo‘yicha savol tug‘iladi. Bolalar maxsus yetimxonalarga topshirib yuborilgan. Qarindosh-urug‘lari asrab olishi esa kattagina muammo qilib qo‘yilgan. Qayta-qayta tekshirilib, siyosiy jihatdan «toza» deb topilgachgina bolalar berilgan. Bu orada qanchadan-qancha bolalar yo‘qolgan, qarindosh-urug‘lar, oilalar parchalanib ketgan.
– Muzeyning gavjumligidan ham ko‘rinib turibdiki, bu yerga qiziqish katta. Asosan qaysi yoshdagilar ko‘proq kelishadi?
– Hech ikkilanmay yetti yoshdan yetmish yoshgacha deyish mumkin. Hamkasb yoki kursdoshlari bilan kelgan odam bir-necha kundan keyin oila a’zolarini ham olib keladi. Qayta-qayta tomosha qiladigan mehmonlarimiz ham bor. Xorijliklarda ham muzeyimizga qiziqish juda katta. Ayniqsa rossiyalik mehmonlar ko‘p kelishadi. Qatag‘on yillari fojialari bilan tanishgach, millati nomidan uzr so‘raganlar bo‘lgan. Hatto bir mehmon meni quchoqlab, yig‘lab kechirim so‘ragan edi. Mehmonlar uchun ajratilgan daftarda ham bunday uzrlarni ko‘plab o‘qishingiz mumkin.
Dam olish kunlari uchun rejangiz bo‘lmasa, albatta, Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyiga sayohat qiling. Taqdirlar, taxqirlar, zolimning zulmiga qarshi kurashga kuch topa olgan insonlarning suratdagi nigohi hayot kurashdan iboratligini eslatadi. «Shahidlar xotirasi» majmuasining ko‘m-ko‘k so‘lim manzarasi esa ruhingizga sokinlik beradi.
Dilroz Abrayeva
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter