«Ofatdan eng ko‘p zarar ko‘rgan hudud» — Adiyamanda bugun ahvol qanday?
Avval xabar berganimizdek, Turkiya Respublikasi Prezidenti huzuridagi kommunikatsiyalar boshqarmasi mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan OAV vakillari uchun Turkiyaga press-tur uyushtirdi. Matbuot safarida xabar.uz vakili ham qatnashmoqda.
Adiyaman
10 fevral kuni OAV vakillari Adiyaman viloyati gubernatori Osman Varal bilan uchrashishdi. Viloyat hokimligida bo‘lib o‘tgan muloqotda gubernator zilzila oqibatlari va uni bartaraf etish borasida qilingan ishlarga keng to‘xtaldi.
Xataya va Adiyaman viloyatlari bu ofatdan eng ko‘p zarar ko‘rgan hudud hisoblanadi. Adiyamandagi 115067 ta binoning 33112 tasini qayta tiklab bo‘lmaydi.
Hozir ham Admiyanda devorlari yorilib ketgan, g‘ishtlari o‘pirilgan ko‘plab uylar, binolarni ko‘rish mumkin. Mutasaddilar ularni buzishga shoshilishmayapti, sababi - sud qarori orqali huquqiy yechimni kutishyapti. Ammo binolarni qisqa va uzoq muddatlarda ta’mirlash rejalari tuzilgan, shu asosda ishlar yuritilmoqda.
O‘tgan yilning 6 fevralida ro‘y bergan zilzila natijasida 8500 nafar adiyamanlik nobud bo‘ldi, 16771 kishi jarohat olgan. Ular va yaqinlari olgan ruhiy zarbalarni darhol unutishning iloji yo‘q.
Zilziladan keyin uysiz qolganlar uchun tezkorlik bilan 33724 ta konteyner o‘rnatilgan 58ta maskanlar tashkil qilindi. Hozirda ushbu maskanlarda 120 mingga yaqin kishi yashamoqda.
Yuqorida zilziladan ruhiy jahorat olganlar haqida so‘z yuritildi. Konteynerlarning 4 mingtasi ana shu ruhiy bosimni yengillashtirishga mo‘ljallangan tibbiy va psixologik maskanlar, bolalar uchun sport maydonchalari, ayollarni kasbga yo‘naltirishga mo‘ljallangan o‘quv binolari, kutubxonalar, bolalar uchun turli to‘garak va do‘konlar sifatida faoliyat ko‘rsatmoqda.
Viloyatda ayni paytda 44352 ta ko‘p qavatli uy va kottejlar qurilmoqda. Bitgan uylar qur’a tashlash orqali o‘z sohiblariga topshirilyapti. Yangi uyga ko‘chishni istamagan, eski hovlisida uy qurishni xohlovchilarga imtiyozli kredit berilmoqda. Shu bilan birga, ushbu joylarda yer maydonining tuproq zichligi o‘rganilganidan keyin temir karkasli uy qurishga ruxsat berilmoqda.
Jurnalistlar viloyat markazidan 30 kilometr masofada bunyod etilgan kottej uylarni borib ko‘rishdi. Umumiy maydoni 125 metr kvadrat bo‘lgan 4 xonali uylarda barcha sharoitlar yaratilgan.
Admiyan shahrining Urenli kichik tumanida qurilgan 150 ta ko‘p qavatli uy uch mingta xonadondan iborat. Yoki bo‘lmasa, Inderli kichik tumanida 16 mingta xonadonli ko‘p qavatli uylar barpo etilmoqda. Barchasida sport maydonlari va bolalar o‘yingohlari tashkil etilmoqda.
Bitgan uylar egalariga 20 yillik muddatga foizsiz kredit hisobiga topshirilmoqda.
Kun yakunida OAV vakillari Adiyamandagi markaziy vaqtinchalik yashash markazida bo‘lishdi. Bu yerdagi 1500 ta konteynerda 3500 kishi yashaydi.
Konteynerlardan butun boshli maktab qurilgan. U yerda 750 nafar o‘quvchi ta’lim oladi. Isitish va sovutish tizimi, kanalizatsiya sifatli yo‘lga qo‘yilgan. Konteynerlar shaharchasida tibbiy punkt, ayollarni kasbga o‘qitish markazi, bolalar uchun turli to‘garaklar, kutubxona, sport maydoni va kichik masjid bor.
Bu maskanda yashovchi kattalarning chehrasida, ko‘zida zilzila asoratlari sezilsa-da suhbat qursangiz kelajakka katta umid bilan boqishadi. Ularning farzandlarini esa sport maydonchalari, kutubxona va to‘garaklarda uchratish mumkin.
Ha, hayot ana shunday davom etmoqda.
Turkiyada safari davom etayotgan jurnalistlarning keyingi manzili Malatya viloyati bo‘ladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter