«Yo, Alloh, yolg‘on xabar tarqatadiganlarga O‘zing jazo ber!» – Obidov «Ozodlik»ni duoibad qildi
Farg‘ona viloyati hokimining matbuot kotibi Muhammadjon Obidov «Ozodlik»ning «panjasiga panja urdi».
Urgandayam yayrab-yayrab, xumordan chiqib urdiki, buni taniqli jurnalistning o‘zini tutishi-yu gap ohanglaridan bilvolish qiyin emas.
«Ozodlik» chakana qovun tushirmabdi-da. Emishki, Quvasoyda IIB xodimlari tomonidan kaltaklangani aytilayotgan fuqaro vafot etibdi, go‘yo?! Yana deng, u kaltaklar zarbidan yetgan og‘ir jarohat oqibatida kasalxonada omonatini topshirganmish...
«Ozodlik»ning ayni xabari Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligi tomonidan o‘z vaqtida rad etilganidan xabaringiz bo‘lsa kerak. Shunga qaramay, Muhammadjon hoji aka boshidan oshib yotgan yumushlardan ortib (u nafaqat Farg‘ona viloyati hokimining matbuot kotibi, balki bir vaqtning o‘zida «Farg‘ona haqiqati» gazetasi bosh muharriri, shuningdek, jurnalistlar ijodiy uyushmasining viloyat bo‘limi raisi ham), Quvasoyga borib, «marhum»ni topib, u bilan suhbat quradi. «Marhum» suhbat jarayonida «Ey, «Ozodlik», meni nega u dunyoga jo‘natvorishding, mana, tirikman, meni hech kim urgani yo‘q!» mazmunida gaplar aytadi.
Albatta, tirik odamni o‘lganga chiqarish toqat qilib bo‘lmaydigan holat. Shundanmi Muhammadjon hoji aka hissiyotlarga berilib, «Ozodlik»ning o‘zbek xizmati xodimlarini «tishi tushgan bo‘ri»ga qiyoslash barobarida «Yo, Alloh, yolg‘on xabar tarqatayotganlarga O‘zing jazo ber!» deya duoibad qivoradi...
Boxabarsizki, o‘g‘rilikda gumon qilingan mahalliy fuqaro Quvasoy IIB xodimlari tomonidan kaltaklanganiga oid xabar yuzasidan prokuratura tomonidan tergovoldi tekshirish o‘tkazilmoqda. Tekshirish natijalari haqida hali ma’lum qilingani yo‘q. Huquqni muhofaza qiluv organlari tomonidan nuqta qo‘yilishi kerak bo‘lgan masalaga Muhammadjon Obidovning «hashar»ga kelishi prokuratura ishini yengillashtiradigan ko‘rinadi. Nega desangiz, hoji aka bilan hamsuhbat bo‘lgan «marhum»ning (biroz sun’iy bo‘lsa-da) «meni hech kim urgani yo‘q!» mazmunidagi gaplari masalaga uzil-kesil nuqta qo‘yadi-da. Bundan u IIB xodimlari tomonidan kaltaklangani haqida prokuraturaga murojaat qilgan opasi yolg‘on xabar bergan bo‘lib chiqadimi?! Ayni savolga javobni tergovoldi tekshiruv natijasidan topsak kerak, nasib. Ikkinchidan, M.Obidovning «raddiyasi» tergovoldi tekshiruv ishlariga ta’sir ko‘rsatdimi-yo‘qmi – bu savol javobi prokuraturaga tan endi...
Darvoqe, Quvasoyda fuqaro IIB xodimlari tomonidan kaltaklanganiga oid xabarlarda shahar Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Elyor G‘aniyev Farg‘ona viloyatining ma’lum va mashhur hokimi Shuhrat G‘aniyevning jiyani ekani alohida urg‘ulangan edi. Muhammadjon Obidov lavhasi nihoyasida bunga alohida to‘xtalib o‘tadi. Aytiladiki, Quvasoy shahar IIB boshlig‘i E.G‘aniyev viloyat hokimi Sh G‘aniyevga jiyan ekani rost. Faqat jiyan amakisi iqtidorga kelguncha IIBda rahbarlik lavozimini egallab ulgurgan ekan...
Raddiya-lavhaning o‘zak nuqtasi ham shunda, chamasi...
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter