Norqobil Jalilov: «Chet elda bizdagidek yetti pushtigacha so‘rab-netishmaydi, duch kelgan joyda «Propiskang bormi?» deyaverishmaydi...»

«XXI asr» ijtimoiy-siyosiy gazetasining saytida gazeta Bosh muharriri Norqobil Jalilovning «Fursat g‘animatdir...» nomli maqolasi e’lon qilindi. Tajribali jurnalist O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017-yilning 22-dekabridagi Oliy Majlis palatalariga taqdim etgan murojaatnomasiga o‘z munosabatini bildirish asnosida jurnalistika sohasida yechimini kutayotgan masalalar haqidayam to‘xtalib o‘tdi.
Jurnalist maqolada «jurnalistikada kadrlar masalasi ayanchli ahvoldaligini» aytib o‘tadi va «sohaning ertasi ne kecharkin?» deya xavotirini bildiradi. Norqobil Jalilovning aytishicha, jurnalistika sohasidagi bir nechta muammolarni sanab o‘tarkan, eng avvalo, poytaxt propiskasi masalasi aksariyat iqtidorli yoshlar aksariyati duch kelayotgan eng og‘riqli muammo ekanini ta’kidlaydi:
«Oliy o‘quv yurtlarining jurnalistika yo‘nalishi diplomini qo‘lga kiritgan yigit-qizlar orasidan, xalq iborasi bilan aytganda, boqsa odam bo‘ladigan qalamkashlarni topish tonnalab qum qatidan zar zarrasini ilg‘ashdan mushkul bo‘lsa mushkuldirki, aslo oson emas. Afsuski, adabiyot va jurnalistikani sevadigan, qo‘li qalamga kelib qolgan, eng asosiysi, tajribali ustozlar tahsilini olib, nufuzli nashrlarda ishlashni niyat qilgan kam sonli iste’dodlarning aksariyatini ham ana shu propiska vaji bilan qaysidir ma’noda boy berib qo‘ymoqdamiz. Bor umidlari armonga aylangan, yashin tezligida o‘tib ketguvchi «vaqtinchalik propiska»dan zada bo‘lgan umidli kadrlar, ayniqsa, biror tilni biladigan yosh jurnalistlar diplomini qo‘ltiqlab... ona qishlog‘iga emas, xorijga jo‘nab ketadi! Yoki bo‘lmasa, mo‘may maosh taklif qilgan boshqa bir idoraga ishga joylashadi».
Muallif bu boradagi fikrini davom ettirar ekan, «chet elda bizdagidek yetti pushtigacha so‘rab-netishmaydi, duch kelgan joyda «Propiskang bormi?» deyaverishmaydi... Yoshlarimiz xorijda ham intellektual yo‘nalishda malakali kadrga aylansa-ku yaxshi, diplomini sandiqqa tashlab qora ishning boshini tutib ketayotgan iste’dodlarga achinasan kishi», deya xulosa qiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter