Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Navoiyda noqonuniy qurilayotgan ko‘p qavatli binolar aniqlandi

Navoiyda noqonuniy qurilayotgan ko‘p qavatli binolar aniqlandi

Foto: Qurilish vazirligi matbuot xizmati

Qurilish vazirligi Navoiy viloyatida shaharsozlikka ruxsat beruvchi hujjatlar rasmiylashtirilmasdan hamda hududiy inspeksiyani xabardor etmasdan bir qator ko‘p qavatli turar joy ob’yektida qurilish-montaj ishlari amalga oshirilayotganini aniqladi.

1. Zarafshon shahar 14-mikrorayonida «Sifat qurilish Zarafshon» MChJ tomonidan shaharsozlikka ruxsat beruvchi hujjatlar rasmiylashtirilmagan hamda hududiy inspeksiyani xabardor etmasdan ko‘p qavatli turar joy ob’yektida noqonuniy ravishda qurilish-montaj ishlari boshlangan.

Ushbu holat yuzasidan Navoiy viloyat qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi tomonidan tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlarini va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilni xabardor etgan holda qisqa muddatli inspektorlik tekshiruvi o‘tkazilgan. Tekshiruv natijasiga ko‘ra, qurilish ob’yekti vaqtinchalik yopiq to‘siq bilan o‘ralmagani hamda texnik ijro hujjatlaridan umumiy jurnal, materiallarning kirim nazorati, maxsus ishlar, beton, payvand, texnika xavfsizligi jurnallari yuritilmagani aniqlandi.

Qisqa muddatli tekshiruv natijasiga ko‘ra, jamiyat mansabdoriga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 99-moddasi 7-qismi (ob’yektlarni davlat ekspertizasining loyiha-smeta hujjatlari, shuningdek, qurilish sohasida nazorat qilish va yo‘l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish inspeksiyalarining ruxsatnomasisiz qurish) bilan o‘rnatilgan tartibda hujjatlar to‘plami rasmiylashtirilib, Zarafshon shahar jinoyat ishlari bo‘yicha sudiga yuborilgan.

2. Zarafshon shahar 14-mikrorayonidagi «Zarafshon binoinshoot qurilish» MChJ tomonidan shaharsozlikka ruxsat beruvchi hujjatlar rasmiylashtirilmagani hamda hududiy inspeksiyani xabardor etmasdan ko‘p qavatli turar joy ob’yektida qurilish-montaj ishlari boshlanganlik holati aniqlangan.

Foto: Qurilish vazirligi matbuot xizmati

Ushbu holat yuzasidan o‘tkazilgan inspektorlik tekshiruvi natijasiga ko‘ra, mansabdor shaxsga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 99-moddasi 7-qismi bilan o‘rnatilgan tartibda hujjatlar to‘plami rasmiylashtirilib, Zarafshon shahar jinoyat ishlari bo‘yicha sudiga taqdim etilgan.

3. Zarafshon shahar 13-mikrorayonidagi Zarafshon Golden Group MChJ tomonidan ham shaharsozlikka ruxsat beruvchi hujjatlar rasmiylashtirilmagan hamda hududiy inspeksiyani xabardor etmasdan ko‘p qavatli turar joy ob’yektida qurilish-montaj ishlarini boshlangan.

Foto: Qurilish vazirligi matbuot xizmati

Ushbu holat yuzasidan hududiy nazorat inspeksiyasi tomonidan prezident huzuridagi tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlarini va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilni xabardor etgan holda qisqa muddatli inspektorlik tekshiruvi o‘tkazilgan.

Tekshiruv natijasiga ko‘ra, mas’ul fuqaroga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 99-moddasi 7-qismi bilan o‘rnatilgan tartibda hujjatlar yig‘ilib, Zarafshon shahar jinoyat ishlari bo‘yicha sudiga yuborilgan.

4. Zarafshon shahar 19-mikrorayonida «Hakimzoda» MChJ tomonidan shaharsozlikka ruxsat beruvchi hujjatlar rasmiylashtirilmagani hamda hududiy inspeksiyani xabardor etmasdan qurilish-montaj ishlari boshlanganlik holati aniqlangan.

Foto: Qurilish vazirligi matbuot xizmati

Ushbu holat yuzasidan o‘tkazilgan tekshiruv natijasiga ko‘ra, ob’yekt to‘liq rasmiylashtirilmagani, poydevor, zamin, tuproq ishlari bo‘yicha geologik xulosalari yo‘qligi, QTEL va IIChL (POS va PPR) tashkil etilmagani hamda qurilish ob’yekti vaqtinchalik yopiq to‘siq bilan to‘liq o‘ralmagani ma’lum bo‘lgan. Shu bois Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 99-moddasi 7-qismi bilan o‘rnatilgan tartibda hujjatlar rasmiylashtirilib, Zarafshon shahar jinoyat ishlari bo‘yicha sudiga taqdim etilgan.

5. «Mirsaid Bahrom» MFY hududida «Osyo Yugra» xususiy korxonasi tomonidan shaharsozlikka ruxsat beruvchi hujjatlar rasmiylashtirilmagan hamda hududiy inspeksiyani xabardor etmasdan ko‘p qavatli turar joy ob’yektida noqonuniy ravishda qurilish-montaj ishlari amalga oshirilgan.

Foto: Qurilish vazirligi matbuot xizmati

Mazkur holat bo‘yicha viloyat prokuraturasi, Karmana tumani hokimligi, tuman IIB, tuman prokuraturasi hamda «Osyo Yugra» xususiy korxona rahbari nomiga o‘rnatilgan tartibda qurilish ob’yektini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risidagi xatlar yuborilgan. Natijada buyurtmachi tomonidan qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish to‘g‘risidagi xabarnoma inspeksiyaga kelgan. Jumladan, ro‘yxatdan o‘tgan qurilish ob’yektida inspeksiya tomonidan nazorat ishlari olib borilib, qurilgan qismi uchun instrumental texnik xulosa olish to‘g‘risida bajarilishi majburiy bo‘lgan elektron yozma ko‘rsatma berilgan.

Tekshiruv natijasiga ko‘ra, ob’yektda majburiy yuritilishi lozim bo‘lgan texnik ijro hujjatlaridan umumiy jurnal, materiallarning kirim nazorati, maxsus ishlar, beton, payvand, texnika xavsizligi jurnallari yuritilmagani aniqlandi. Qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish to‘g‘risidagi xabarnomani yubormasdan bajarilgan qurilish-montaj ishlari uchun mas’ul shaxsga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 99-moddasi 7-qismi bilan o‘rnatilgan tartibda hujjatlar to‘plami yig‘ilib, Karmana tumani jinoyat ishlari bo‘yicha sudiga yuborilgan.

6. Navoiy shahar 17-mikrorayonidagi «Laylo ulgurji savdo» MChJ tomonidan ham shaharsozlikka ruxsat beruvchi hujjatlar rasmiylashtirilmagan hamda hududiy inspeksiyani xabardor etmasdan ob’yektda qurilish-montaj ishlari boshlangan.

Foto: Qurilish vazirligi matbuot xizmati

Ushbu holat yuzasidan Navoiy viloyat qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi tomonidan tekshiruv o‘tkazilgan. Tekshiruv natijasiga ko‘ra, ob’yekt to‘liq rasmiylashtirilmagani, poydevor zamin tuproq ishlari bo‘yicha geologik xulosalar taqdim etilmagani, QTEL va IIChL (POS va PPR) tashkil etilmagani aniqlangan.

Tekshiruv natijasiga ko‘ra mansabdor shaxsga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 99-moddasi 7-qismi bilan o‘rnatilgan tartibda hujjatlar to‘plami rasmiylashtirilib, Navoiy shahar jinoyat ishlari bo‘yicha sudiga taqdim etilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring