Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Navoiy kambag‘allikdan holi hududga aylanishi shart» — Prezident

«Navoiy kambag‘allikdan holi hududga aylanishi shart» — Prezident

Foto: Prezident matbuot xizmati

Navoiyda 2023-yilda ijtimoiy muammolarni hal etishga qo‘shimcha 655 milliard so‘m, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga yana 750 milliard so‘m resurs ajratiladi. Bu haqda sessiyada davlat rahbari ta’kidlab o‘tdi.

Bundan tashqari, agrar soha, ichimlik suvi va avtomobil yo‘llari loyihalariga qo‘shimcha 180 million dollar jalb qilish bo‘yicha topshiriq berildi.

Bu imkoniyatlardan foydalanib, kelasi yil 240 ming aholi bandligini ta’minlash shartligi ko‘rsatib o‘tildi.

«2023-yil yakuni bilan Navoiy kambag‘allik va ishsizlikdan holi hududga aylanishi shart va zarur», dedi davlatimiz rahbari.

Tuman hokimlari har oy mahalliy kengashga mahalla raislari va faollari oldida  hisobot berishi ta’kidlandi.

Bundan buyon viloyatda Administratsiya vakillari ish olib borishi, ular viloyatda aholini qiynayotgan muammoli masalalarni tezkor yechish masalalari bilan shug‘ullanishi qayd etildi.

Prezidentimiz Navoiy viloyatini respublikaning namunaviy hududiga aylantirish bo‘yicha yangi tashabbuslarni ilgari surdi.

Birinchi tashabbus - viloyat elektr energiyasini tejash bo‘yicha namuna bo‘ladi.

Buning uchun barcha tashkilotlarga 100 foiz quyosh panellari o‘rnatiladi. Barcha suv nasoslarini samarali ishlatish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Ikkinchi tashabbus - «Yashil makon» loyihasini amalga oshirishda viloyat namunaviy hududga aylantiriladi. Buning uchun:

- barcha fermerlar tomonidan dala chetlariga tut va uzum ekish tizimi yo‘lga qo‘yiladi;

- viloyatning 330 mahallasi va xonadonlarda rayhon va yalpiz ekish, qayta ishlash va sotish namunaviy tizimi yaratiladi.

Ushbu tashabbusni amalga oshirish uchun barcha sharoitlar yaratilib, alohida imtiyoz va preferensiyalar joriy qilinadi.

Uchinchi tashabbus - yaylovlarni ishga solish orqali echkichilik va qo‘ychilikni keskin rivojlantirish.

Viloyatga 200-300 ming bosh echki va qo‘y olib kelinadi va alohida dastur ishlab chiqiladi.

To‘rtinchi tashabbus - viloyatda infratuzilma ob’yektlari qurilishida resurslarni 30 foizgacha tejash namunasi.

Ushbu tashabbusni amalga oshirishga, korrupsiyasiz shaffof tizim yaratishga  viloyat prokurori mas’ul bo‘ladi. Sektor rahbarlari bu tizimni ishlatadi.

Yangi hokim va barcha sektor rahbarlariga ushbu tashabbuslarni amalga oshirish orqali bir yil davomida viloyatni ishsizlik va kambag‘allik to‘liq bartaraf etilgan hududga aylantirish yuzasidan topshiriqlar berdi.

Yig‘ilish yakunida davlatimiz rahbari Navoiy ahliga ezgu tilaklarini bildirib, barchaga yangi muvaffaqiyatlar tiladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring