Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Nafosat Ollashukurovaning ruhiy holati nisbatan barqaror» — Ombudsman

«Nafosat Ollashukurovaning ruhiy holati nisbatan barqaror» — Ombudsman

Foto: Videolavhadan skrinshot

«O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq 2019-yil 21-oktyabr kuni Ombudsman tomonidan tuzilgan monitoring guruhi sud qaroriga ko‘ra 2019-yil 26-sentyabrda Xorazm viloyatining psixonevrologik dispanseriga davolash uchun joylashtirilgan fuqaro N.Ollashukurova bilan uchrashdi.

Monitoring guruhi tarkibida Ombudsman vakillaridan tashqari O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi vakillari, «Ezgulik» inson huquqlari jamiyati rahbari A. Tashanov va «Najot» huquqni himoya qilish tashkiloti rahbari X.Yakubov, shuningdek, psixiatriya sohasida yetakchi ekspertlar qatnashdi.

Monitoring guruhi tashrifi davomida N. Ollashukurovaning ruhiy holati nisbatan barqarorligiga va muloqot qila olishiga ishonch hosil qilgan.

Suhbat davomida u o‘ziga tibbiyot muassasasi xodimlarining samimiy munosabatda ekanligini va unga nisbatan biror-bir ruhiy yoki jismoniy ta’sir o‘tkazish hollari bo‘lmaganligini qayd etgan.

N.Ollashukurova uni ma’muriy javobgarlikka tortish uchun asos bo‘lgan o‘z xatti-harakatlari yuzasidan afsusda ekanligini bildirgan.

«Monitoring guruhida qatnashgan tibbiyot xodimlari tomonidan N. Allashukurovaning kasallik tarixini o‘rganishi natijasida, uning tashxisi kasalliklar xalqaro tasnifi KXT-10 mezonlariga mos kelishini va unga davolanish klinik simptomatikaga muvofiq tayinlanganligini ko‘rsatdi», deyiladi Ombudsman xabarida.

Tashrif vaqtida mutaxassislar bemor holati nisbatan yaxshilanganligini qayd etgan. Shu bilan birga, ayni vaqtda tushkunlik alomatlari saqlanib turganligi va belgilangan davolash kursini davom ettirish zarurligi ta’kidlandi. Dispanser vrachlari tomonidan belgilangan dori vositalari orasida insonning ruhiy faoliyatini pasaytiradigan kuchli ta’sir ko‘rsatuvchi preparatlar yo‘qligi ma’lum bo‘lgan.

N. Ollashukurova ota-onasi bilan telefon orqali suhbatlashdi va ularga o‘zining holati, qulay muhitda saqlanayotganligi hamda unga tibbiyot xodimlari hurmat bilan munosabatda bo‘layotganligi haqida xabar qildi. N. Ollashukurova to‘rt mahal issiq parhez taom bilan ta’minlangan.  

Suhbat vaqtida N. Ollashukurova yuqorida bayon etilganlardan tashqari o‘zining moddiy ahvolidan xavotirda ekanligini va davolangandan so‘ng, ishga joylashish istagini bildirgan.

Monitoring guruhi N. Ollashukurova bilan uchrashgan vaqtda uning akasi Tojimurod ham ishtirok etgan.

Eslatib o‘tamiz, oktyabr oyi boshlarida xorazmlik bloger N.Olloshukurovaning ruhiy asab kasalliklari dispanseriga yotqizilgani haqida xabar berilgandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring