Murojaat.gov.uz platformasi ishga tushirildi
Bu bilan aholiga mahalladan turib barcha davlat organlariga murojaat qilish imkoni yaratildi
Davlatimiz rahbari asos solgan virtual qabulxona va Xalq qabulxonalari instituti xalq bilan ochiq, to‘g‘ridan to‘g‘ri va doimiy muloqotni tashkil etish, har bir inson uchun har qanday ariza, shikoyat yoki taklif bilan bevosita O‘zbekiston Prezidentiga bevosita murojaat etish imkoniyatini yaratdi. Qariyb olti yil davomida Prezident virtual qabulxonasi tizimiga kelib tushgan qariyb 7 million 315 ming murojaat ko‘rib chiqilib, ularning 4 million 326 mingdan ziyodi (59,1 foizi) qanoatlantirilgani mamlakatimizda har bir insonning murojaat qilish huquqi ro‘yobga chiqarilishi uchun eng qulay shart-sharoitlar yaratilganining yaqqol isboti bo‘lish bilan birga, Prezident virtual qabulxonasi tizimi aholi muammolarini hal etishning samarali mexanizmi sifatida hayotda o‘zini oqladi, deyish uchun ham yetarlicha asosdir.
Albatta, hayot bir joyda to‘xtab turmaydi. Binobarin, davlatimiz rahbari belgilab bergan inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish, mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning eng asosiy va zarur shartiga aylantirish borasidagi strategik maqsadlarga erishish, birinchi navbatda, mahalladan turib barcha davlat organlariga murojaat qilish hamda ularning rahbarlari bilan muloqot qilish tizimini yaratish bilan chambarchas bog‘liqdir. Binobarin, keng jamoatchilik muhokamasi natijasida «Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari» tamoyiliga asosan ishlab chiqilgan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi va uni «Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturida xalq bilan ochiq muloqot mexanizmlarini yanada takomillashtirish, mahalladan turib barcha davlat organlariga murojaat qilish hamda ularning rahbarlari bilan muloqot qilish tizimini yaratish bo‘yicha vazifalar belgilangan edi.
Mazkur huquqiy hujjatlarda belgilangan norma va vazifalar ijrosi doirasida Prezident Xalq qabulxonalari, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamkorligida davlat organlari va tashkilotlariga kelib tushgan murojaatlarni ro‘yxatga olish, ularni ko‘rib chiqish va natijasini nazorat qilish bo‘yicha Murojaatlar bilan ishlashning yagona onlayn platformasi – murojaat.gov.uz portali yaratilib, 1 sentyabr kuni test rejimida ishga tushirildi. Asosiy maqsad – vazirliklar, qo‘mitalar, idoralar va hokimliklarga kelib tushgan murojaatlarni jamlovchi markazlashgan tizimni yaratgan holda ularni ko‘rib chiqish muddati va sifati ustidan raqamli nazorat o‘rnatish, aholining kundalik turmush tarziga bevosita ta’sir qiluvchi masalalar bo‘yicha murojaatlar tezkor va sifatli ko‘rib chiqilishini ta’minlash, mahalla institutini jamoatchilik boshqaruvi va nazoratining tayanch bo‘g‘iniga aylantirishdan iborat.
Shiddatli davr taqozosi
Xo‘sh, murojaatlar bilan ishlashning Yagona onlayn platformasiga ehtiyoj nimadan kelib chiqdi? Bu platformani tashkil qilishning asosiy sabablari nimada?
Ma’lumki, o‘tgan qariyib olti yil davomida aholi asosan besh manba – besh mexanizm orqali bevosita davlat rahbariga murojaat yuborish imkoniyatidan foydalanmoqda:
– Qo‘ng‘iroqlarni qabul qilish markazidagi 10-00 yoki 0-800-210-00-00 telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qilish;
– Prezident virtual qabulxonasi sayti – pm.gov.uz saytiga elektron murojaat qoldirish;
– Prezident Xalq qabulxonalariga borib, murojaat qilish;
– Prezident pochtasiga yozma xat yuborish;
– ommaviy, sayyor va shaxsiy qabullarga borib, davlat organlari rahbarlari bilan yuz-yuz muloqot qilish.
Bu besh mexanizm orqali kelib tushgan murojaatlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Fuqarolar huquqlarini himoya qilish va murojaatlar bilan ishlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi bo‘linmasi va Xalq qabulxonalari tomonidan qabul qilinib, saralanib, tegishli tashkilotlarga aniq muddatli topshiriq bilan yuborilib, ularning ko‘rib chiqilishi va masalalar hal qilinishi ustidan tizimli monitoring-u nazorat amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, davlat va xo‘jalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlariga yuborilgan murojaatlar shu davlat organlari tomonidan « - r» («Rahbarga murojaat») indeksi bilan ro‘yxatga olinib, ko‘rib chiqilmoqda. Mazkur davlat organlari, idoralar va tashkilotlarning bevosita o‘zlariga kelib tushgan murojaatlar bilan ishlash borasidagi faoliyatini o‘rganishlar, Prezident virtual qabulxonasiga kelayotgan murojaatlar tahlili «- r» indeksli murojaatlar ko‘rib chiqilishi ustidan yetarlicha monitoring va nazorat o‘rnatilmaganini, bu bo‘yicha hatto o‘z vaqtida javob xatlari ham berilmayotgan holatlar ham tez-tez uchrayotganini, buning oqibatida ko‘plab odamlar mahalla yo tuman-shaharning o‘zida yechim topish imkoni bor masalalar yuzasidan ham faqat davlat rahbariga murojaat yo‘llashga majbur bo‘layotganini ko‘rsatmoqda.
Qolaversa, Respublika ishchi guruhlarining hududlardagi ommaviy qabullarida ham aholi hamon oddiy-oddiy masalalarga yechim so‘rab vazirlik mas’ullariga murojaat qilayotgani ham, birinchi navbatda, quyi bo‘g‘inlardagi rahbarlarning murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha shaxsiy javobgarligi va mas’uliyatini oshirishni, qolaversa, aholiga mahalladan turib barcha davlat organlariga murojaat qilish, xususan, rahbarlar bilan videoaloqa orqali muloqotni bosqichma-bosqich tashkil etish, bunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Xalq qabulxonalarining mahallalar bilan samarali aloqalarini yo‘lga qo‘yishni hayotning o‘zi taqozo etmoqda.
Xalq qabulxonasidan videomurojaat
Ayni paytda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, 20 dan ortiq mutassadi tashkilotlar bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Murojaatlarni ko‘rib chiqish va nazorat qilish jarayonlariga raqamli texnologiyalarni keng joriy qilish to‘g‘risida» qarori loyihasini tayyorlandi. Mazkur qaror loyihasi bilan barcha mahalla fuqarolar yig‘ini binosini ushbu jarayonlarga bosqichma-bosqich tayyorlab borish, ularni zarur texnik vositalar bilan ta’minlash, mas’ul xodimlarni Yagona onlayn platformada ishlash bo‘yicha malakasini oshirish kabi chora-tadbirlar belgilab olingan.
Endi murojaatchilar davlat organlari rahbarlariga videoaloqa orqali murojaat qilish uchun o‘zi yashaydigan mahalla fuqarolar yig‘iniga shaxsan tashrif buyurgan holda davlat organiga videoaloqa orqali murojaat qilish uchun so‘rovnoma yuboradi.
Bunda:
– murojaatchi o‘zi istiqomat qiluvchi hududdagi mahalla fuqarolar yig‘iniga shaxsini tasdiqlovchi hujjat bilan keladi;
– mahalla fuqarolar yig‘inining mas’ul xodimi murojaatchini Yagona onlayn platforma orqali shaxsini tasdiqlovchi hujjatiga asosan ro‘yxatdan o‘tkazadi, bog‘lanish uchun telefon raqami, murojaatning qisqacha mazmuni va murojaatga tegishli ma’lumotlar (umumiy hajmi 5 megabaytdan oshmagan) bor bo‘lsa, ilova qilgan holda ariza shakllantiradi;
– hududdagi tuman/shahar Xalq qabulxonasini va murojaat yo‘llanilishi zarur bo‘lgan davlat organini tanlaydi;
– mahalla fuqarolar yig‘ini mas’ul xodimi mazkur arizaga o‘ziga tegishli aloqa ma’lumotlarini biriktirib, belgilangan davlat organiga yuboradi;
– murojaatchilar yuborgan har bir so‘rov yuzasidan tashkillashtirilgan videoaloqalar, davlat organi tomonidan murojaatni ko‘rib chiqilishi va boshqa ma’lumotlar mahalla fuqarolari yig‘inining Yagona onlayn platformadagi kabinetida aks ettirib boriladi.
Yakunda Murojaatchi videoaloqa bo‘yicha xabar xati ko‘rsatilgan videoaloqa o‘tkaziladigan kuni videoaloqa boshlanishidan 30 daqiqa oldin tegishli Xalq qabulxonasiga shaxsini tasdiqlovchi hujjati va davlat organi tomonidan videoaloqa orqali murojaat qabul qilishi sanasi va vaqti ko‘rsatilgan xati bilan keladi va mahalla fuqarolar yig‘ini mas’ul xodimiga taqdim etadi.
Xalq qabulxonasi mas’ul xodimi ushbu fuqaroni Yagona onlayn platformadan ro‘yxatdan o‘tgan so‘rovi bo‘yicha belgilaydi va tegishli davlat organi bilan videoaloqani tashkillashtirib beradi. Bunda Xalq qabulxonasi mas’ul xodimi murojaatchiga videoaloqa orqali murojaat yo‘llash vaqtida videoaloqa qurilmalaridan foydalanish bo‘yicha tushunchalar beradi.
Ushbu tizim orqali davlat organiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasidan tashqari barcha manbalardan kelib tushgan (tashkilotning rasmiy veb-sayti, pochta aloqasi, idoraviy ishonch telefoni, fuqarolarning o‘zi kelgan yoki rahbar va mansabdor shaxslarning qabulida bo‘lgan holdagi) hamma murojaatlari Yagona platformada ro‘yxatga olinishi, ularning ko‘rib chiqilishi va ko‘rib chiqish natijalari nazorat qilib borilishi ta’minlanadi.
Yagona onlayn platformada murojaat ro‘yxatga olingach, murojaatchi ko‘rsatgan mobil telefon raqamiga murojaat raqami bo‘yicha tegishli SMS xabarnoma jo‘natiladi. Ushbu xabarnomadagi raqam orqali Yagona onlayn platformada murojaatning statusini kuzatib borish imkoni bo‘ladi.
Bugungi kunda 100 dan ortiq davlat organlarining murojaatlar bilan ishlaydigan 900 nafardan ortiq mutaxassislari ushbu tizimda ishlash bo‘yicha tegishli o‘quvlarga qamrab olindi, ularning bu boradagi bilim va malakasi oshirildi. Joriy yil 1 sentyabrdan davlat organlari Yagona onlayn platformada barcha murojaatlarni ro‘yxatga olib borishni boshladi.
Tahlil imkoniyati oshirildi
Murojaat.gov.uz platformasining yana bir qulayligi – Prezident Xalq qabulxonalari uchun qo‘shimcha ravishda statistik hisobotlarni shakllantirish tizimi takomillashtirilgani, statistik va tahliliy axborotdan foydalanish imkoniyatini boshqarish funksiyalari yaratilgani bilan bog‘liq. Jumladan, bu bilan murojaatlar klassifatorini yuritish funksiyalari takomillashtirildi. Murojaatlar klassifikatorlarining mavzuli birliklarini (yo‘nalish, masala, tasnif) va ularning o‘zaro bog‘liqligini, birining ikkinchisiga mansubligini tahrirlash, birlashtirish, ko‘chirish imkoniyatlari yaratildi.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida Yagona onlayn platformada:
– murojaatlar endi davlat idoralarining eng quyi tizimlari tomonidan ham ro‘yxatga olinib, tahlil qilinadi;
– tashkilot veb-sayti, pochta aloqasi, ishonch telefoni, sayyor qabul va rahbar qabuliga kelgan fuqaro murojaatlarini ro‘yxatga olish orqali yagona baza shakllantiriladi;
– statistik hisobotlarni shakllantirish yanada takomillashtiriladi;
– yuqori turuvchi instansiyalar tomonidan barcha davlat organlari kesimida murojaatlarni ko‘rib chiqish va «raqamli nazorat» olib borish imkoniyati paydo bo‘ladi;
– har bir bosqichda murojaatni ko‘rib chiqish holati bo‘yicha fuqaroni xabardor qilib borish mexanizmi ishga tushadi;
– davlat organlari va tashkilotlarning murojaatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha reytingi shakllantirilib, ommaviy shaklda yoritib boriladi.
Yagona onlayn platformaga kelib tushgan murojaatlar tahlili asosida aholi va tadbirkorlik sub’yektlarining eng dolzarb muammolari ro‘yxati tuzilib, ushbu muammolar yuzaga kelishi sabab bo‘layotgan sohalar o‘rganiladi. Mazkur tarmoqlarga tegishli davlat xizmatlarini elektron shaklga o‘tkazish yoki ularni yanada soddalashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqiladi.
Muxtasar qilib aytganda, davlat organlari va tashkilotlariga kelib tushgan murojaatlarni ro‘yxatga olish, ularni ko‘rib chiqish va natijasini nazorat qilish bo‘yicha Murojaatlar bilan ishlashning yagona onlayn platformasi – murojaat.gov.uz portali eng avvalo aholiga mahalladan turib barcha davlat organlariga murojaat etish, Xalq qabulxonasiga kelib, viloyat va respublika idora-tashkilotlari rahbarlari bilan videomuloqot qilish, hududiy masalalarni – hudud, respublika darajasidagi masalalarni respublika miqyosida ko‘rib chiqib, hal qilish imkonini yaratadi. Bu bilan shu paytgacha Prezident virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalaridan boshqa davlat organlari-yu tashkilotlarga yuborilgan murojaatlar yagona onlayn platformaga birlashtiriladi, ularning ko‘rib chiqilishi ustidan tizimli monitoring va nazoratni amalga oshirish, mahallalarni islohot markaziga aylantirish imkoni yaratiladi.
Dilshod Mirzayev,
Elektron davlat xizmatlarini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter