Milliy aviakompaniya Qozog‘istondagi KITF — 2018 ko‘rgazmasida qatnashmoqda

Bugun, 18-aprel kuni Qozog‘istonning Olmaota shahrida «Turizm va sayohat» KITF — 2018 xalqaro o‘n sakkizinchi sayyohlik ko‘rgazmasi ochildi.
Olmaota xalqaro sayyohlik ko‘rgazmasi Markaziy Osiyoning nufuzli xalqaro tadbirlaridan biri hisoblanadi. Bu yilgi ko‘rgazmada o‘ttizdan ziyod mamlakatning to‘rt yuzdan ortiq sayyohlik firma va kompaniyalari vakillari, ekspert va olimlari ishtirok etmoqda.
«Otakent» ko‘rgazma zalida tashkil etilgan KITF — 2018 xalqaro sayyohlik ko‘rgazmasida O‘zbekistonning Qozog‘istondagi muxtor elchisi, O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, «O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasi, « Dolores Travel», « Anur tour», « Yasmina Tour», « Inter Mice Azia» kabi sayyohlik kompaniya va firmalari ishtirok etmoqda.

Mamlakatimizning yagona «O‘zbekiston» stendida respublikamizning qadimiy tarixi va bugungi kuniga bag‘ishlangan videolavhalar, tarixiy shaharlarimiz va arxitektura yodgorliklari, sayyohlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar hamda «O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasi faoliyati haqidagi axborot materiallari, MAK aviaparki, aviakompaniya qatnovlari jadvali taqdim etildi. O‘zbek xalqining milliy liboslari, hunarmandchilik namunalari, Sharq shirinliklari va saxovatli diyorimizda yetishtirilgan mahsulotlar, ayniqsa, mohir oshpazlarimiz tomonidan tayyorlangan palov hamda kuy va raqslar ko‘rgazmaga tashrif buyuruvchilarning hayratini oshirdi.
20-aprelga qadar davom etadigan ko‘rgazmada «O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasining mutaxassislari sayyohlik sohasidagi hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish maqsadida turizm sohasi vakillari, shu jumladan, kurort tashkilotlari, yirik mehmonxonalar, reklama agentliklari, OAV va ko‘rgazmaga tashrif buyurgan mehmonlar bilan bir qator uchrashuv va muzokaralar o‘tkazishni rejalashtirmoqda.
Milliy aviakompaniyaning mazkur turistik forumdagi ishtiroki hamda muzokaralar davomida erishilgan hamkorlik aloqalari, mamlakatimizga sayyohlarni jalb etish va Milliy aviakompaniya qatnovlarida yo‘lovchi oqimining ortishiga xizmat qiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter