MIBning bir funksiyasi boshqa tashkilotga o‘tkaziladi
«Aholining ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasini oshirish va uning sifatini yaxshilash uchun O‘zbekiston Respublikasining suv resurslarini boshqarishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» Prezident Farmoni (PF–5883-son, 26.11.2019-y.) qabul qilindi. Bu haqda «Huquqiy axborot» kanali xabar berdi.
Farmonga muvofiq, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi Yagona davlat suv fondi suvlarini hisobga olish, monitoring qilish, xavfsizligi va sifatini ta’minlashni muvofiqlashtirish sohasida vakolatli davlat organi etib belgilandi.
Shu munosabat bilan vazirlik zimmasiga bir qator qo‘shimcha vazifalar yuklandi.
Jumladan, vazirlik suv balansining yagona axborot tizimini yaratgan holda Yagona davlat suv fondi suvlarining miqdoriy va sifat ko‘rsatkichlari to‘g‘risida ma’lumotlarni to‘plash, umumlashtirish va tizimlashtirish orqali respublikaning yagona suv balansini shakllantirishni tashkil etadi.
Vazirlikning markaziy apparati tarkibiga Yagona davlat suv fondi suvlarini hisobga olish, monitoring qilish, xavfsizligi va sifatini ta’minlash kabi masalalarga mas’ul bo‘lgan vazirning birinchi o‘rinbosari lavozimi kiritildi.
Vazirlik markaziy apparati tarkibida quyidagilar tuzildi:
- Yagona suv balansini shakllantirish va monitoring qilish bosh boshqarmasi;
- Yagona davlat suv fondi suvlarining xavfsizligi va sifatini ta’minlash boshqarmasi;
- Suv ta’minoti va suv chiqarish tizimlariga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish boshqarmasi.
Farmonga ko‘ra, «O‘zsuvta’minot» aksiyadorlik jamiyati tashkil etildi.
2020-yil 1-yanvardan Majburiy ijro byurosining ko‘rsatilayotgan suv ta’minoti va suv chiqarish xizmatlari uchun to‘lovlarning to‘liqligi va o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta’minlash, iste’molchilarning qarzdorligini kamaytirish bo‘yicha funksiyalari «O‘zsuvta’minot» AJ va uning tarkibiga kiruvchi tashkilotlarga o‘tkaziladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter