Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Markaziy bojxona laboratoriyasiga Jahon bojxona tashkilotining mintaqaviy maqomi berildi (foto)

Markaziy bojxona laboratoriyasiga Jahon bojxona tashkilotining mintaqaviy maqomi berildi (foto)

2021 yilning 25 noyabr kuni Davlat bojxona qo‘mitasida Markaziy bojxona laboratoriyasiga Jahon bojxona tashkilotining mintaqaviy maqomi berilishiga va DBQ Bojxona institutida «Bojxona ishi» bakalavriat ta’lim yo‘nalishini PICARD professional standartlarga muvofiq akkreditatsiyadan o‘tkazilganligi bo‘yicha sertifikatni tantanali taqdim etish marosimiga  bag‘ishlangan tadbirlar bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Jahon bojxona tashkilotining Bosh kotibi Kunio Mikuriya, Jahon Bankining O‘zbekistondagi vakili Raul Feliks Yunkera-Varela, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Ozarbayjon hamda Rossiya Federatsiyasi bojxona laboratoriyalari vakillari, Markaziy apparat shaxsiy tarkibi hamda OAV vakillari ishtirok etishdi.

Jahon bojxona tashkilotining boy tajribasi, bevosita Kunio Mikuriya rahbarligi ostida amalga oshirilayotgan ijobiy o‘zgarishlar va tatbiq etilayotgan innovatsion tashabbuslar tashkilotning nufuzini yanada yuqori darajaga ko‘tarmoqda.

Respublikamiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning bojxona ma’muriyatchiligini takomillashtirish bo‘yicha tashabbuslari asosida so‘nggi yillarda sohada ulkan islohotlar amalga oshirildi.

2019 yilda Kunio Mikuriyaning O‘zbekistonga bo‘lgan tashrifidan so‘ng, Jahon bojxona tashkiloti bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha tasdiqlangan «Yo‘l xaritasi»ga binoan O‘zbekistonda bir qator ishlar amalga oshirildi. Xususan:

  • 2020 yilda O‘zbekistonning tashqi savdo sohasida xalqaro darajada e’tirof etilgan hujjatlar – Bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish bo‘yicha Kioto Konvensiyasi va Vaqtincha olib kirish bo‘yicha Istanbul Konvensiyasiga qo‘shilgani mamlakatimizdagi tadbirkorlik va investitsiya muhitining jozibadorligini yanada oshirishga xizmat qiladi;
  • 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan Jahon bojxona tashkiloti va Shveysariya Iqtisodiy hamkorlik Kengashi (SECO) o‘rtasida amalga oshiriladigan «Savdoni soddalashtirish global dasturi»ga qo‘shildi;
  • «Yagona darcha» bojxona milliy tizimini yanada takomillashtirish maqsadida Jahon bojxona tashkilotiga a’zo davlatlarning «Yagona darcha» tizimini qo‘llash bo‘yicha standartlari, amaliyoti o‘rganib chiqildi va amaliyotga tadbiq etildi (2020 yil 1 yanvardan boshlab www.singlewindow.uz.);
  • O‘zbekiston bojxona xodimlari uchun Jahon bojxona tashkilotining «Elektron bojxona Akademiyasi» hamda CLiKC (Bojxona ta’limoti va o‘quv tizimi) elektron ta’lim portalidan foydalanish imkoniyati yaratildi.

Jahon bojxona tashkiloti hamkorligida Davlat bojxona qo‘mitasi Mintaqaviy kinologiya o‘quv markazi (O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi) kadrlar salohiyatini oshirib bormoqda.

O‘tgan davrda bojxona organlari faoliyatini yanada samarali tashkil qilish hamda tovar va transport vositalarini bojxona chegaralari orqali olib o‘tishda qulay sharoitlar yaratish borasida ham quyidagi islohotlar amalga oshirildi. Jumladan:

  • bojxona organlari faoliyatini tizimli tarzda rivojlantirish uchun 2020-2023 yillarga mo‘ljallangan Konsepsiya va «Yo‘l xaritasi» tasdiqlandi;
  • O‘zbekiston Respublikasida TIR-karnet kitobchalari asosida tashuvlarni elektron rasmiylashtirishni nazarda tutuvchi «Ye-TIR» loyihasi sinov tariqasida amaliyotga joriy etildi. Mazkur xalqaro loyiha bojxona rasmiiylashtiruvini yengillashtirish orqali tashqi savdoni jadallashtirish imkonini berib, ayni shu jihati bilan barcha tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilarining manfaatlariga birdek xizmat qilmoqda.

Mamlakatimizning qo‘shni davlatlar bilan chegarada joylashgan bojxona postlari o‘tkazuvchanligini oshirish va infratuzilmasini yanada yaxshilashni taqozo etadi. Shu maqsadda «Ayritom», «Olot», «Yallama», «Farg‘ona», «G‘ishtko‘prik» chegara bojxona postlari yangicha zamonaviy qiyofa kasb etib, dunyoning ilg‘or texnologiyalari bilan jihozlandi.

Ayniqsa Afg‘oniston, umuman, Janubiy Osiyo davlatlari bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni jadal rivojlantirishda muhim o‘rin tutuvchi, ikki davlat o‘rtasidagi yagona o‘tkazish punkti hisoblanuvchi «Ayritom» chegara bojxona posti xalqaro standartlar asosida qayta qurildi va jihozlandi.

Chegara bojxona postlarida qo‘shimcha 4 ta zamonaviy inspeksion-ko‘rik majmuasi o‘rnatildi.

Mazkur islohotlar natijasida hozirda yangi O‘zbekiston bojxonasi nafaqat mintaqada, balki dunyoda ilg‘or bojxona ma’muriyatiga aylanmoqda.

Bojxona tartib-taomillarini yanada soddalashtirish, bojxona tizimida raqamli texnologiyalarni keng qo‘llash orqali inson omilini kamaytirish, bojxona nazorati shakllarini xavflarni boshqarish prinsiplariga asoslangan zamonaviy axborot - kommunikatsiya texnolologiyalari imkoniyatlaridan keng foydalanish orqali «Raqamli bojxona»ga o‘tish borasidagi ishlar izchillik bilan davom ettirilmoqda. Raqamlashtirish tufayli barcha tartib-qoidalar onlayn tarzda, qog‘ozsiz savdo ko‘rinishida amalga oshirilmoqda.

Bugungi kunga kelib bojxona organlari faoliyatiga bojxona mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan 67 ta avtomatlashtirilgan axborot tizimlari va  33 ta interaktiv xizmatlar joriy qilindi.

«Avtomatlashtirilgan tarzda chiqarib yuborish», «Bojxona auditi», «Ye-Tranzit» kabi bir necha avtomatlashtirilgan axborot tizimlari amaliyotga joriy etish choralari ko‘rilmoqda.

Bo‘lib o‘tgan tadbir ushbu islohotlarning davomi sifatida, shuningdek, Markaziy Osiyo mintaqasidagi laboratoriyalar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, Jahon bojxona tashkilotining Markaziy Osiyodagi salohiyatini yanada oshirish maqsadida Davlat bojxona qo‘mitasining Markaziy bojxona laboratoriyasiga Jahon bojxona tashkilotining Mintaqaviy bojxona laboratoriyasi maqomi berilishiga bag‘ishlandi.

Tadbir ishtirokchilari yo‘l xaritasida amalga oshirilishi nazarda tutilgan va muhim vazifalardan biri hisoblangan ushbu «tarixiy hujjat»ning ya’ni Anglashuv Memorandumining imzolash marosimi guvohi bo‘lishdi.

Ushbu maqomga loyiq deb tan olinish uzoq muddatli mashaqqatli mehnat natijasidir.

Davlat bojxona qo‘mitasi Markaziy bojxona laboratoriyasini jahon standartlari darajasiga yetkazish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Laboratoriyaning barcha xonalari Jahon bojxona tashkiloti standartlari asosida loyihalashtirilgan va qurilgan, xavfsizlik qoidalariga to‘liq amal qilingan holda faoliyat olib boriladi, yetakchi ishlab chiqaruvchilarning eng zamonaviy yuqori texnologik, yuqori aniqlikka ega uskunalari bilan jihozlangan.

Markaziy bojxona laboratoriyasini xalqaro «ISO 17025-2019» standarti talablariga mosligi aniqlanib, tegishli akkreditatsiya guvohnomasi berildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 10 sentyabrdagi PF-6310-son  «Bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish va davlat bojxona xizmati organlari tashkiliy tuzilmasini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi farmoni bilan Davlat bojxona qo‘mitasining bojxona organlarining umumiy cheklangan shtatlar soni doirasida Davlat bojxona qo‘mitasi tizimida alohida yuridik shaxs maqomiga ega Markaziy bojxona laboratoriyasi tashkil etildi.

Mazkur qarorga muvofiq, nikotin saqlovchi mahsulotlar va spirtli ichimliklar tarkibini aniqlash, tovarlarni ekspertizadan o‘tkazish va sertifikatsiyalash bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa xizmatlarni ko‘rsatish, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va boshqa turdagi kriminalistik sud ekspertizalarini amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Davlat bojxona qo‘mitasining Markaziy bojxona laboratoriyasiga mintaqaviy bojxona laboratoriyasi maqomini berilishi bojxona organlarining fiskal funksiyalarini amalga oshirishni takomillashtirishda o‘z samarasini beradi.

Mintaqaviy bojxona laboratoriyasi maqomining berilishi:

  • mintaqadagi davlatlar bojxona laboratoriyalari bilan hamkorlikda tadqiqot va ishlanmalar hamda tahliliy sharhlar tayyorlashga Markaziy bojxona laboratoriyasi mintaqadagi bojxona xizmatlariga maslahatlar, tavsiyalar berish, ularning mutaxassislarini o‘qitish bo‘yicha konsultatsiya va o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazishga imkoniyat yaratib beradi;
  • Jahon bojxona tashkiloti, uning mintaqaviy bojxona laboratoriyalari va tashkilotning boshqa ishtirokchilari tashkil etadigan konferensiya, forum, konsultatsiya, seminar, simpozium, davra suhbati va boshqa tadbirlarda ishtirok etishga zamin yaratadi.

Kunning ikkinchi yarmida, DBQ Bojxona institutida Jahon bojxona tashkiloti Bosh kotibi Kunio Mikuriya ishtirokida institutning «Bojxona ishi» ta’lim yo‘nalishini JBTning PICARD xalqaro standartlariga muvofiqligi bo‘yicha akkreditatsiyadan o‘tganligi to‘g‘risidagi guvohnomani tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tish kerakki, bojxona sohasida professional mutaxassis tayyorlash uchun xalqaro standartlar hisoblanuvchi – PICARD standartlari Jahon bojxona tashkiloti va Xalqaro bojxona universitetlari tarmog‘i tomonidan 2005 yilda ishlab chiqilgan. Bugungi kunda Jahon bojxona tashkilotiga a’zo bo‘lgan 183 ta davlatdan bor yo‘g‘i 10 ta davlatda 13 ta oliy ta’lim muassasasining ta’lim dasturlari ushbu standartlar bo‘yicha akkreditatsiyadan o‘tkazilgan. 

Davlat bojxona qo‘mitasi Bojxona institutining «Bojxona ishi» ta’lim yo‘nalishini ushbu standartlarga muvofiq akkreditatsiyadan o‘tkazilishi institutda bojxona ishi sohasida xalqaro standartlarga muvofiq raqobatbardosh kadrlar tayyorlanishini xalqaro miqyosda tan olinishini anglatadi.

Tadbir davomida institut Kengashi tomonidan Kunio Mikuriyaga «DBQ Bojxona instituti Faxriy professori» unvoni berish to‘g‘risidagi qaror o‘qib eshittirildi va unga tegishli diplom va mantiya topshirildi.

Shuningdek, institut ta’lim dasturining xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazilishi xorijiy davlatlarning bojxona sohasidagi akademik doiralari bilan ilmiy hamkorligini kuchaytirish, professor-o‘qituvchilar va talabalarning akademik mobilligini rivojlantirish, xalqaro ta’lim bozoridagi o‘rnini oshirish, jumladan Markaziy Osiyoda bojxona ishi bo‘yicha xalqaro ta’lim dasturlarini amalga oshiruvchi «xab»ga aylanish imkonini beradi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring