«Kun.uz» faoliyatiga to‘sqinlik qilgan bozor xodimlari ishdan bo‘shatildi
28-mart kuni «Toshkent savdo markazi» (sobiq «Abu Saxiy» bozori) hududida «Kun.uz» ijodiy guruhi jurnalistik faoliyatini amalga oshirishda bozor ma’muriyati xodimlari tomonidan to‘sqinlikka uchragani haqida xabar bergan edik.
«Kun.uz» nashrining ma’lum qilishicha, 29-mart kuni «Toshkent trade center» MChJ («Toshkent savdo markazi» yoxud sobiq Abu-Saxiy bozori) ma’muriyati Bosh direktor Alisher Xusainov va «Kun.uz» xodimlari ishtirokida ijodiy guruh a’zolarining faoliyatiga to‘sqinlik bo‘lgani yuzasidan ochiq suhbat uyushtirildi. Mavjud dalillar va tushuntirishlar natijasida bozor ma’muriyati bosh direktori voqeadan bexabar ekanligini va yuzaga kelgan ko‘ngilsiz voqea uchun uzr so‘rab, xizmat tekshiruvi o‘tkazishga buyruq berishi haqida ma’lum qildi.
30-mart kuni xizmat tekshiruvi jarayonida korxonaning ayrim xodimlari tomonidan «Kun.uz» elektron ommaviy axborot vositasi vakillariga nisbatan hurmatsizlik bildirilib, nomunosib xatti-harakatlar sodir etilganligi aniqlandi.
Tekshiruv xulosasiga asosan, Tezkor ishlar va rejim nazorati boshlig‘i o‘rinbosari T.D.Idrisaliyev, Infrastrukturadan foydalanganlik hamda bino va inshootlarning ijarasi uchun to‘lovlar nazorati bo‘limi menejerlari R.X.Xotamov, M.M.Sharipov va B.B.Djurayev, shuningdek savdo markazi Xavfsizlik xizmati rahbari vazifasini bajarib turgan videokuzatuv xizmati katta operatori B.R.Sayidov egallab turgan lavozimlaridan ozod qilinib, ishdan bo‘shatilgan.
Shuningdek, korxonaning Infrastrukturadan foydalanganlik hamda bino va inshootlarning ijarasi uchun to‘lovlar nazorati bo‘limi boshlig‘i A.E.Ahmedov, Xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha xizmat boshlig‘i U.Rahimov va boshqa bir qator xodimlar qattiq ogohlantirilib, Bosh direktorning birinchi o‘rinbosariga bu kabi holatlarga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rish lozimligi qat’iy ta’kidlangan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter