«Kung-fu panda» mening o‘g‘lim
Bugungi kunda zangori ekranlarda namoyish etilayotgan, kelajakni nishonga olgan, yot g‘oyalarga «to‘yintirilgan» mediamahsulotlar asta-sekin o‘z ta’sirini ko‘rsata boshladi. Bolalar tilida jajjilarga umuman xos bo‘lmagan noodatiy va notabiiy so‘zlar paydo bo‘la boshladi. Ajabtovur xatti-harakatlari hech kimni hayratlantirmay qo‘ydi. O‘zini qaysidir multfilm qahramoniga o‘xshatgan bolakaylar haqida hatto ota-onalarning o‘zi faxr bilan gapiradi. Odat tusiga kirayotgan «Mening qizim Masha», «O‘g‘lim Kung-fu Pandaga o‘xshaydi» kabi gaplarni siz ham eshitgandirsiz.
Aslini olganda, multfilm tomosha qilishning hech qanday salbiy tomoni yo‘q. Lekin aksariyatida g‘oyaviy ta’sir vositalari, bolaning ruhiyatini shikastlovchi, to‘satdan paydo bo‘luvchi tasvir va grafikalar, ovoz effektlaridan foydalanish holatlari, tarbiyani buzishga xizmat qiluvchi ikkinchi darajali elementlar ko‘zga tashlanadiki, bularning naqadar dahshatli oqibatlarga olib kelishi mumkinligi olimlar tomonidan allaqachon isbotlangan.
Ko‘pchiligimiz qandaydir sariq mavjudotlar haqidagi «Minionlar» degan multfilmni ko‘rganmiz. Unda nojinslilik targ‘iboti (hozir aksariyat g‘arb kinematografiyasi mahsulotlarida bu odatiy holatga aylangani sir emas), nosog‘lom odatlarga undash holatlari bor. Masalan, bir minion ayollar kiyimini kiyadi, boshiga parik taqib oladi. Shuningdek, ulardan birortasi falokat tufayli o‘lsa, bunga boshqalari yo kulgili, yo umuman ahamiyatsiz voqeadek qaraydi. Multfilm formatining sifatliligi, syujeti qiziqligi bilan tomoshabinni o‘ziga tortadi. Natijada esa turli g‘oyalarni singdirgan, bizga arzimasdek ko‘ringan nuqsonlar ong ostida ta’sir ko‘rsatishda davom etadi.
«Masha va maymoq» multfilmining mazmuniga ko‘ra, asosiy qahramon Masha istagancha odobsizlik va buzg‘unchilik qiluvchi, shunga qaramay sira jazolanmaydigan obraz. Nihoyatda qaysar, faqat o‘zini o‘ylaydigan xudbin qizaloqning qilgan ishlari doim ayiqqa muammo tug‘diradi. O‘rmondagi boshqa hayvonlar Mashaning ovozini eshitishi bilan o‘zini panaga oladi. Chunki qizaloq, albatta bir ko‘ngilsizlikni «tashkillashtiradi». Afsuski, undan o‘rnak olayotgan va uni eng sevimli multqahramoni deb biladigan jajji qizchalar hozir minglab topiladi.
Bolaligimizda televizorda «Pokaxontas» degan multfilm namoyish etilardi. Unda bir hindu qizning insoniy fazilatlari, hammaga yordam berishi, qabilalarni birlashishga undagani haqida hikoya qilinar, deyarli hamma qismida u barmoqlarini bir-biriga kiyishtirgancha «Buyuk ruh»dan yordam so‘rardi. Bu qaysidir dinning odatlariga juda o‘xshashini ulg‘aygach, bilib oldim.
Albatta, gap bu haqida emas. Audiovizual axborotlar, ayniqsa, internet va televideniye orqali yetkazilgan ma’lumotlar odamning diqqatini tortadi. Texnologiyalar rivojlanib borayotgan davrda kino, multfilm, umuman, kompyuter grafikasi orqali yaratiladigan mediamahsulotlarni ishlab chiqarish bir zamonlardagidek murakkab emas. Ma’lum bir g‘oyani targ‘ib etuvchi, kimlarningdir manfaatiga xizmat qiluvchi media «vosita»ni tarqatish esa undan ham oson. Bu jarayonni mutlaq cheklashning iloji yo‘q. Faqatgina kelayotgan axborot oqimini filtrlash, milliy mediamahsulotni ishlab chiqarish orqali biroz himoyalanish mumkin.
To‘g‘ri, multiplikatsiya sohasida o‘zgarishlar qilinmoqda. Masalan, 2017-yil 28-dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekkino» Milliy agentligi faoliyatini tashkil etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga binoan agentlik huzurida «Multiplikatsion filmlar studiyasi» Davlat unitar korxonasini tashkil etish ko‘zda tutilgan. Hozirga qadar mamlakatimizda bir qancha sifatli multfilmlar tayyorlangan. Ammo, tan olish kerak, ishlab chiqarish va namoyish etish borasidagi ishlar hali yetarli darajada emas. Mavjud multfilmlarning aksariyati mazmun jihatdan qiziq bo‘lsa ham, aksariyati sifat jihatidan, ya’ni grafikasining soddaligi, murakkab effektlardan foydalanilmasligi sabab bolalarni juda tez zeriktirib qo‘yadi.
Soha mutaxassislariga aql o‘rgatish niyatim yo‘g‘-u, lekin bugungi sharoitda sustkashlikka yo‘l qo‘ymasdan, tomoshabin uchun yanada qiziqroq, mazmun va sifat jihatidan chet el mediamahsulotlaridan qolishmaydigan multfilmlar ishlab chiqarilsa, auditoriyani jalb etish, o‘sib kelayotgan avlodni zararli g‘oyalardan biroz bo‘lsa-da, himoyalash imkoniyati paydo bo‘ladi. Ana shunda hech qanday filtrga ham, bolaning yonida o‘tirib voqeani tahlil qilib berishga ham hojat qolmaydi. Qadimgi Sharq xalqlari juda boy madaniy merosga ega. Bizgacha yetib kelgan og‘zaki va yozma manbalarda, juda ko‘p hikoya va rivoyatlar, ertag-u afsonalar mujassam. Ulardan foydalanib bolalar uchun qanchadan-qancha ibratli, qiziqarli multfilmlar tayyorlash mumkin.
A’zamjon ABULFAYZOV, O‘zDJTU talabasi.
Manba: «ishonch.uz»
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter