Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Koronavirusga chalinganlar orasida o‘zbekistonliklar yo‘q – TIV

Koronavirusga chalinganlar orasida o‘zbekistonliklar yo‘q – TIV

Foto: focus.ua

O‘zbekistonning Xitoydagi diplomatik vakolatxonalari bergan ma’lumotga ko‘ra, 25-yanvar holatiga ko‘ra koronavirusli pnevmoniyadan vafot etganlar soni 41 nafarga, kasallanganlar esa 1287 nafarga yetgan. Yana 1965 kishi kasallangan degan gumon bilan shifokorlar nazoratida. Ular orasida O‘zbekiston fuqarolari qayd etilmagan, deya ma’lum qildi O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi.

Ushbu virus tarqalishining oldini olish maqsadida Xubey provinsiyasining Uxan shahri va boshqa 12ta shaharlari karantin uchun yopildi. Gavjum joylarda virus yuqishi xavfining yuqoriligini inobatga olib, sanitariya tadbirlari davomida tashqariga chiqmaslik tavsiya etilmoqda.

Karantin e’lon qilinishi munosabati bilan, tegishli hokimiyat organlari Xitoyda akkreditatsiya qilingan xorijiy mamlakatlarning barcha diplomatik vakolatxonalariga chet el fuqarolarini karantin e’lon qilingan shaharlardan evakuatsiya qilish bo‘yicha rad javobini bermoqda. Karantin kiritilganidan so‘ng boshqa davlatning elchixonalari o‘z fuqarolarini evakuatsiya qilgani to‘g‘risidagi xabar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.

Ta’kidlanishicha, Tashqi ishlar vazirligi va O‘zbekistonning Xitoydagi diplomatik vakolatxonalari vaziyatni nazoratga olgan hamda barcha masalalarni, jumladan zarurat tug‘ilganda O‘zbekiston fuqarolarini evakuatsiya qilish masalarini hal qilish uchun tegishli hokimiyat organlari bilan doimiy aloqada bo‘lib turibdi.

«Elchixona va Bosh konsulxona vakillari O‘zbekiston fuqarolari bilan doimiy muloqot o‘rnatgan, jumladan «WeChat» ijtimoiy tarmog‘ida «Uxan 2020 O‘zbekiston» va «Uzbeks in Wuhan» guruhlari ishlab turibdi», – deyiladi TIV bildirishida.

Ayni paytda vaziyatni monotiring qilish va virusning O‘zbekiston hududida tarqalishining oldini olish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rish uchun Sanitariya-epidemiologik osiyishtalik agentligi qoshida shtab tashkil etildi. Xavfli hududlardan keladigan barcha fuqarolar kuzatuvga olinadi.

Xitoy hududidagi O‘zbekiston fuqarolari zarur holatlarda istalgan vaqtda mamlakatning Pekin shahridagi elchixonasiga (tel.:  +86 135-1102-4242 Bobur Yaxyayev, +86 139 1175-4476 Shuxrat Umirov) hamda Shanxay shahridagi Bosh konsulxonasiga (tel.: +86 131-2255-5772,  Aziz Ulug‘bekov) murojaat qilishlari mumkin.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring