Koreyaga keta olmayotganlar masalasida rasmiy izoh berildi
Bugun, 27-aprel kuni AOKA zalida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi axborot xizmati rahbari Mavjuda Mirzayeva ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi. Brifingda Koreya Respublikasida ishlash uchun imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tgan, ammo pandemiya sharoitida jo‘nab keta olmagan fuqarolar murojaati yuzasidan rasmiy izoh berildi:
Joriy yilning 22-aprel kuni Koreya Respublikasida ishlash istagida bo‘lgan 100 nafarga yaqin fuqarolar tomonidan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi binosi oldida to‘planib, imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tganligi, hozirgi vaqtda shartnomasi kelib, jo‘nab ketishini kutib turganliklari, mazkur masala qachon hal bo‘lishi va Koreya Respublikasiga qachon ketishi hamda nima uchun E-8 viza turi orqali fuqarolar jo‘nab ketayotganligi, ammo E-9 vizasi egalariga ruxsat berilmaganligi yuzasidan murojaat yo‘llangan.
Ushbu murojaatlarga vazirlik tomonidan quydagicha javob berilgan.
E-9 vizasi – Koreya qonunchiligiga muvofiq malaka talab etilmaydigan ishchi viza hisoblanadi.
E-9 vizasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Koreya Respublikasi bandlik va mehnat vazirligi o‘rtasida tuzilgan Anglashuv memorandumiga asosan o‘zbek ishchilari bandlikka ruxsat berish tizimi (EPS) orqali vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun tashkiliy tarzda jo‘natiladi.
Mazkur viza orqali ishchi kuchi yetishmovchiligining oldini olish uchun fuqarolar kichik va o‘rta biznes korxonalariga, xususan sanoatdagi ishlab chiqarish sohasiga jalb etiladi.
Mazkur viza egalari uchun shartnoma muddati 4 yil 10 oyni tashkil etadi.
Bandlikka ruxsat berish tizimi (EPS) orqali vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun tashkiliy tarzda fuqarolani yo‘llash uchun mas’ul idoralar O‘zbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Koreya Respublikasi bandlik va mehnat vazirligi, ishchi organlar esa Koreya Inson resurslarini rivojlantirish xizmati (HRD Korea) va O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi hisoblanadi.
Ushbu viza turi bo‘yicha Koreya Respublikasiga vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida bo‘lgan fuqarolar, o‘rnatilgan tartibda koreys tili bo‘yicha EPS-Topik hamda malaka test imtihonlaridan o‘tishlari shart.
Test imtihonlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan fuqarolar koreys ish beruvchilari tanlovlar bazasiga Agentlik tomonidan ma’lumotlari kiritiladi va Koreya tomoniga ko‘rib chiqish va tasdiqlash uchun jo‘natiladi.
Koreyaning Inson resurslarini rivojlantirish xizmati test imtihonlarini o‘tkazish, fuqarolarning ma’lumotlarini ko‘rib chiqish va va o‘rnatilgan tartibda tashkiliy tarzda Koreya hududiga vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun kirib borishini ta’minlovchi yagona vakolatli organ hisoblanadi. Boshqa tashkilotlar bu vakolatga ega emas.
Tizimga muvofiq, Koreya ish qidiruvchi chet ellik fuqarolar tanlovlar bazasiga kiritilgan nomzodlar koreys ish beruvchi korxonalari tomonidan tanlanganidan so‘ng, ularga mehnat shartnomasi va mazkur mehnat shartnomasiga muvofiq vizalar taqdim etiladi.
Koreys ish beruvchisi xorijiy ishchilarni tasodifiy tanlash orqali tanlab oladi.
Koreya tomonidan ma’lumotlari tasdiqlangan fuqarolar, tasdiqlangan kundan boshlab 2 yil muddat tanlovlar bazasida ishtirok etadilar.
2020-yil 1-aprelidan Koreya Respublikasi kasalliklarni oldini olish va profilaktika qilish shtabi qaroriga muvofiq Bandlikka ruxsat berish tizimi orqali ishchi kuchini yuboruvchi 16 ta davlatdan xorijiy ishchilarning kirib kelishiga mutlaqo ta’qiq qo‘yilgan. Hozirda faqatgina Kambodja davlatiga Koreya tomonidan ishchilar kirib borishlariga to‘liq ruxsat berilgan.
Hozirgi kunda birinchi marotaba shartnoma loyixasi kelganlar soni jami 1009 nafarni, qayta shartnoma bilan kelganlar 550 nafarni tashkil etmoqda.
2020-yilda (pandemiyaga qadar) Agentlik tomonidan 97 nafar fuqaro ish joylariga tashkiliy tarzda jo‘natilgan.
2020-yil 10-iyundan boshlab hozirgi kunga qadar Agentlik Koreya Respublikasidan ta’tilga kelgan fuqarolarni ish joylariga kirib borishlarida ko‘maklashib kelinmoqda. (ta’tilga kelgan fuqarolarni ish joylariga kirib borishlari, Koreya xukumati tomonidan belgilangan talablarga asosan amalga oshirilmoqda).
Pandemiya davri boshidan buyon, O‘zbekiston Respublikasining tegishli tashkilotlari bilan hamkorlikda o‘zbek ishchilarini Koreya Respublikasidagi ish joylariga kirib borshilarini ta’minlash bo‘yicha bir qancha muzokaralar o‘tkazildi. Xususan joriy yilning 10 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh Vaziri maslahatchisi hamda Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi elchisi bilan uchrashuv o‘tkazilgan, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi hamda Agentlikning Koreyadagi vakolatxonasi tomonidan doimiy ravishda muzokaralar o‘tkazilib, zarur ma’lumotlar berilib kelinmoqda.
Shu kunga qadar, Koreya Respublikasi tomonidan E-9 vizasi bo‘yicha shartnomasi kelgan fuqarolar masalasi, ikki davlatdagi koronavirus bilan bog‘liq epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib ko‘rib chiqilishi ma’lum qilinib kelinmoqda.
Ye-9 viza egalari birinchi bor kirib borishi jarayonida albatta Koreya kichik va o‘rta biznes Federatsiyasi tomonidan o‘tkaziladigan o‘quv kurslarida ishtirok etishlari hamda 14 kunlik karantin o‘tashlari masalasi vaziyatni qiynlashtirmoqda.
Bu yil test imtixonini o‘tkazish epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib o‘tkazilishi kutilmoqda, test bo‘lib o‘tish sanalari bo‘yicha agentlikning rasimiy veb sahifasi, telegram kanallari orqali ma’lumot olishingiz mumkin.
E-8 vizasi – Koreya qonunchiligiga muvofiq qishloq xo‘jaligi sohasiga xorijiy ishchilarni jalb qilish vizasi hisoblanadi.
Koreya Respublikasi qishloq xo‘jaligi sohasida ishchi kuchining yetishmasligi sezilarli darajada oshganligi natijasida Koreya Respublikasi hukumati tomonidan mavsumiy ishlarga xorijiy ishchi kuchini jalb qilish borasida qaror qabul qilingan.
Ye-8 vizasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Koreya Respublikasining mahalliy okrugi ya’ni hokimligi o‘rtasida tuzilgan Anglashuv memorandumiga asosan o‘zbek ishchilari qishloq xo‘jaligi sohasida vaqtinchalik 5 oylik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun tashkiliy tarzda yo‘llanadi.
Mazkur viza orqali ishchi kuchi yetishmovchiligining oldini olish uchun fuqarolar fermer xo‘jaliklari va qishloq ho‘jaligi korxonalariga jalb etiladi.
Mazkur viza egalari uchun shartnoma muddati 5 oyni tashkil etadi.
Ushbu viza turi bo‘yicha Koreya Respublikasiga vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida bo‘lgan fuqarolar, o‘rnatilgan tartibda koreys tili bo‘yicha suhbatdan o‘tishlari zarur. Suhbat O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan koreys tili mutaxassislari ishtirokida ochiqlik, shaffofilik va adolatlilik prinsiplari asosida tashkil etiladi.
Suhbatdan muvaffaqiyatli o‘tgan fuqarolarga mahalliy hokimlik taqdimnomasiga muvofiq Koreya Respublikasining Adliya vazirligi qoshidagi Immigratsiya xizmati tomonidan teleks vizalar yuboriladi.
Koreya Respublikasining mahalliy hokimligi tanlab olingan fuqarolar ma’lumotlarini ko‘rib chiqish (tekshirish), tasdiqlash va fuqarolarni tashkiliy tarzda ishga joylashtirish bo‘yicha vakolatli organ hisoblanadi, Agentlik esa ushbu jarayonlarni tashkillshtirishda ko‘maklashadi.
Viza tasdiqnomasi kelgan fuqarolar o‘rnatilgan tartibda yuqumli kasalliklarlarga kompleks tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Xar tomonlama sog‘lom fuqarolar ketishdan oldingi 14 kunlik karantin hamda ko‘niktirish darslarini o‘zlashtirishlari talab etiladi.
Karantin jarayonlaridan o‘tgan hamda viza tasdiqnomalari Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi rasmiylashtirilgan fuqarolar o‘rnatilgan tartibda Koreya Respublikasiga tashkiliy tarzda kirib borishlari Agentlik tomonidan tashkillashtiriladi.
Koreya Respublikasining tegishli idorasi tomonidan E-8 vizasi bo‘yicha fuqarlarga Koreya Respublikasi kirib borish uchun ruxsat berilganligi sababli Agentlik tomonidan tashkiliy tarzda jo‘natish tadbirlari amalga oshirilmoqda.
Qayd etilishicha, E-9 vizasi Koreya Respublikasining Bandlik va mehnat vazirligi, E-8 vizasi esa Koreya Respublikasining Adliya vazirligi tasarrufiga kiradi. Ushbu tizimlar mutlaqo bir biriga yaqin hamda bog‘liq emasdir.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari tomonidan imzolangan anglashuv memorandumlariga muvofiq Koreya tomonidan taqdim etilayotgan kvotalar hamda shartnomalar soni so‘nggi yillarda keskin kamayib borayotganligi kuzatilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter