Karantin qoidalari bo‘yicha qonun imzolandi
Karantin ostidagi mahsulotlarni olib kirish va olib chiqish qoidalarini buzish javobgarlikka sabab bo‘ladi.
«O‘simliklar karantini va himoyasi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qonun (O‘RQ–743-son, 11.01.2022 y.) Prezident tomonidan imzolandi.
Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga quyidagi o‘zgartirishlar kiritildi:
➖ o‘simliklar karantini ob’yektlariga va boshqa zararli organizmlarga qarshi kurashishga doir fitosanitariya talablarini hamda boshqa qoidalarni karantin ostidagi mahsulotlarni ishlab chiqarish, tayyorlash, saqlash, tashish, qayta ishlash, realizatsiya qilish va yo‘q qilish chog‘ida buzish – fuqarolarga BHMning 3 baravarigacha (810 ming so‘mgacha), mansabdor shaxslarga 5 baravarigacha (1 mln 350 ming so‘mgacha);
➖ karantin ostidagi mahsulotlarni O‘zbekistonga olib kirish va olib chiqish qoidalarini buzish – fuqarolarga BHMning 5 baravarigacha (1 mln 350 ming so‘mgacha), mansabdor shaxslarga 10 baravarigacha (2 mln 700 ming so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Shuningdek, «O‘simliklar karantini to‘g‘risida»gi Qonunga o‘zgartirishlar kiritildi.
Unga ko‘ra, fitosanitariyaga oid yuqori xavfga ega bo‘lgan karantin ostidagi mahsulotni, shu jumladan ekish, payvandlash, ko‘paytirish uchun mo‘ljallangan ekish materiallarini xorijiy mamlakatlardan O‘zbekistonda yashovchi fuqarolarga pochta va kurerlik jo‘natmalarida yuborish, shu jumladan bagajda va qo‘l yukida olib o‘tish taqiqlanadi.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter