Karantin hududida bir kun. Haqiqiy ahvolni ko‘rdik, kuzatdik
Ba’zan ijtimoiy tarmoqlarda karantin muassasalaridan shikoyat qilingan murojaatlarga ko‘zimiz tushadi va bunga ko‘pda ishonamiz, karantinga olinganlarning ahvoliga achingandek bo‘lamiz. Guruch kurmaksiz bo‘lmaganidek, aynan shikoyat qilishga majbur bo‘linadigan holatlar ham yo‘q emas. Lekin ba’zida voqelikni o‘z ko‘zingiz bildan ko‘rganingizdan keyin fikrlaringiz o‘zgarishi ham tabiiy.
Kuni kecha Toshkent viloyati Yuqorichirchiq tumanidagi karantin markaziga Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti va Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonalari hamda Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz vakillari bilan birgalikda biz jurnalistlar ham tashrif buyurdik, karantinga olingan fuqarolarning yashash tarzi, yaratilgan sharoitlari bilan tanishdik. Haqiqiy ahvolni ko‘rdik, kuzatdik.
Maydoni qariyb 15 gektar
Mana shunday katta hududda 20 kun ichida tayyor shart-sharoitga ega karantin markazining tashkil qilinishining o‘zi katta gap.
—20 ming o‘ringa mo‘ljallangan karantin hududida hozir 15 mingga yaqin karantinga olingan fuqarolar bor, — deydi markaz rahbari Feruz Karimov. — Ularga 1000 nafardan ziyod tibbiy va texnik xodimlar xizmat ko‘rsatmoqda. Bu yerda Sog‘liqni saqlash vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiya, Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi xodimlari faoliyat olib borishmoqda. Ularning xavfsizliklari ta’minlangan. Markazga 2 ming 562 ta konteyner o‘rnatilgan va jihozlangan. Har bir xonada 4 kishi joylashgan — televizor, konditsioner, telefon bilan ta’minlangan.
Oshxonada tushlikka tayyorgarlik
Oshxonaga kirguningizcha har qadamingizda maxsus dizenfeksiyalovchi jihozlar — bir martalik niqob, bosh kiyim, qo‘lqop.
Farhod Muhammadiyev, markaz bosh oshpazi:
— Karantin markazidagi ushbu maxsus oshxonada 4 marta ovqat tayyorlanadi, yarim tayyor oziq-ovqat mahsulotlari bir martalik idishlarda, sanitariya qoidalariga rioya qilgan holda yetkazib beriladi. Kunduzi 250 nafar, kechasi 70 nafarga yaqin xodimlar ishlaydi.
Otabek Imomov, tibbiy masalalar bo‘yicha direktor o‘rinbosari:
— Karantin markazi 3ta hududga bo‘lingan. Oshxona tomon «yashil» hudud hisoblanadi. Bu yerda ishlaydigan xodimlar «sariq» hududga ham «qizil» hududga ham qadam bosmaydi. 15ga yaqin maxsus avtoulov taomlarni «sariq» hududgacha yetkazib beradi, «sariq» hududdan keyin boshqa ulovlar «qizil» hududga. U yoqdan qaytadigan damaslar har doim dizenfeksiya qilib turiladi. Berilayotgan ovqat bir marotabalik idishlarda, qoshiqdan tortib choy ichadigan idishigacha bir martalik idishlar. Ular bo‘shaganidan keyin zararsizlantiriladi va yoqiladi.
Oshxonada maxsus stol atrofida qator turgancha kimdir bir martalik qoshiqni, kimdir ovqat idishini, yana kimdir nonni alohida o‘rab taxlab chiqmoqda.
Taomnoma ratsionida inson organizmi uchun kerak bo‘ladigan barcha mikroelementlar bor. Masalan yogurt, sut, qatiq, tuxum, qozonda pishiriladigan taomlarda albatta go‘sht va sabzavotlar. Yarim tayyor mahsulotlar ham alohida bir martalik idishlarda yetkaziladi. Karantinda saqlanadigan fuqaroga bir kunlik oziq-ovqat xarajati 78 ming 280 so‘mni tashkil qiladi. Tasavvur qiling hozirgacha qanchadan qancha fuqarolarni kutib va kuzatib olishini hisobga oladigan bo‘lsak sarflanayotgan mablag‘ni. Bugungi kunga qadar markazda jami 66 070 nafar fuqarolarimiz karantinga olingan, shulardan 2082 fuqaroda virus aniqlanib Virusologiya ilmiy-tekshirish institutiga jo‘natilgan.
Pochta xizmati va koll-markazi
Markaz xodimlarining bu yerdagi shart-sharoitlar haqidagi axboroti orqali pochta va aloqa xizmati haqida ham ma’lumotlarga ega bo‘ldik.
«Biz olib kelgan jo‘natmamiz egasiga yetib bormabdi», degan karantinga olingan fuqarolarning qarindoshlari tomonidan ba’zida noroziliklar bo‘ladi, degan savolga markaz rahbari Feruz Karimov xalqaro tashkilot vakillariga jo‘natmalar qay tarzda hududga olib kirilishini tushuntirdi: «Tasavvur qiling 15 ming odamga xizmat qilishni. Ko‘pincha bloklarni adashtirishadi. Masalan, lotin tilida «V» blok deb yozilgan. Karantinga olingan fuqaro xonasini krill alifbosida «V» deb ma’lumot beradi qarindoshlariga. Va bu anglashilmovchilik tufayli jo‘natma egasini topa olmasligi mumkin. Egasini topa olmagan jo‘natma yana mana shu pochta xizmati xonasiga qaytib keladi. Bunday anglashilmovchiliklar bo‘lib turadi. Yoki qarindoshlari mumkin bo‘lmagan narsalar: tort, spirtli ichimlik, gazli ichimliklar, ho‘l mevalar, tez ayniydigan oziq-ovqatlar va shunga o‘xshash narsalar olib kelishadi, tabiiyki biz bu mahsulotlarni egalariga yetkazishga haqqimiz yo‘q.
Xalqaro ekspertlar tomonidan nima uchun faqat maxsus telefon orqali gaplashishga ruxsat berilgan degan savolga markaz rahbari quyidagicha javob berdi: «O‘z telefonidan foydalanish hollarida quyidagilarni kuzatdik — masalan bir xonada to‘rt kishi kimdir soatlab telefonda gaplashadi yoki baland ovozda gaplashib hamrohining tinchini buzadi yoki baland tovushda o‘yin o‘ynaydi yoki o‘zini suratga olaman deb, noqulay ahvolda yotgan xonadoshini ham suratga oladi. Maxsus telefondan foydalanishga ruxsat berishdan maqsad boshqa fuqarolarning xavfsizligini, tinchini o‘ylash.
Har bir xonaga bitta telefon...
Bu yerda koll-markaz xizmati ham yo‘lga qo‘yilgan. O‘zmobayl kompaniyasi vakili bu yerdagi ishni nazorat qilib turadi. Masalan karantindagi fuqaroning qarindoshi jo‘natma olib kelgan bo‘lsa, qaysi xonada ekanini bilmasa, telefondan qo‘ng‘iroq qilib bilib olishi mumkin. Ichkarida har bitta blokka bitta shifokorlardan xodim tayinlangan. O‘sha xodim fuqaroga kerakli narsalar ro‘yxatini tuzib chiqadi va koll-markazga qo‘ng‘iroq qiladi. Koll-markaz orqali so‘ralgan narsalar ichkariga yetkaziladi. Koll-markazga o‘rnatilgan 6 ta katta tabloda har bir blokdagi holat — kim kirib chiqayotgani, vaziyat qandayligi doimo kuzatib turiladi. U yerda ishlayotgan mutaxassislar har bir fuqaroning qo‘ng‘irog‘iga javob berishadi, qarindoshlari bilan aloqani o‘rnatishni yo‘lga qo‘yadi.
Shundan so‘ng... Ekspertlar fuqarolarning yashash sharoiti bilan tanishish maqsadida maxsus kombinezonlarda karantin hududida ham bo‘lishdi.
— Biz har bir inson har qanday vaziyatda insondek yashashi uchun yaratilgan shart-sharoitlarning qay holatda ekanligini ommaviy axborot vositalari orqali boshqalarga ham yetkazilishini istaymiz. Uning huquqlari buzilmayaptimi bularni ham nazorat qilamiz va o‘rganamiz. Yutuqlarini boshqa joylarga tavsiya qilamiz, kamchiliklari bo‘yicha o‘z tavsiyalarimizni beramiz, — dedi ichkaridagi vaziyat bilan tanishgach o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlasharkan YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalar koordinatori, elchi Jon Makgregor.
— Pandemiya davrida qisqa vaqt ichida bu kasallik bilan kurashish barchamizga xatolarimizdan saboq chiqarishni o‘rgatdi, albatta bu qisqa vaqt ichida o‘rganganlarimiz ham ko‘p bo‘ldi. Shunday vaziyatda shart-sharoit ko‘ngildagidek bo‘lishi uchun o‘z tavsiyalarimiz bilan o‘rtoqlashamiz va saboq oladigan tomonlarimiz ham bor, — dedi BMTning O‘zbekiston Respublikasidagi doimiy vakili Xelena Freyzer...
Xalqaro tashkilot vakillari albatta o‘z xulosalarini aytadi. Biz esa ko‘rganlarimizni qanday bo‘lsa shundayligicha qog‘ozga tushirdik, xulosa chiqarish esa o‘quvchilardan...
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter