Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kaltaklangan qizaloqning o‘limi – bu jamiyatning muammosi

Kaltaklangan qizaloqning o‘limi – bu jamiyatning muammosi

foto: internet, ochiq manba

11 yoshli gulday qizaloqning bevaqt o‘limi. Bu xabarning tafsilotlarini eshitgan, o‘qigan har qanday inson chuqur qayg‘uga botadi. Ijtimoiy tarmoqlar otaga yo‘llangan qarg‘ishlar bilan to‘lib ketdi, bu tabiiy, lekin men vaziyatga bir oz chuqurroq nazar solishga chorlamoqchiman sizlarni.

To‘g‘ri, otaning qilmishini hech qanday vaj bilan oqlab bo‘lmaydi. Bolani kamar bilan shunday shafqatsizlik bilan urish, bu – mutlaqo qabul qilib bo‘lmas zo‘ravonlik. Lekin, voqeaning tubiga nazar tashlasak, bir qancha savollar tug‘iladi.

Nega qizaloq o‘g‘irlik qilishga majbur bo‘ldi?

Nega ota shunchalik shafqatsiz bo‘lib ketdi?

Bu yerda faqatgina otaning aybi bilan cheklanish to‘g‘rimi?

Otaning ruhiy holatiga nazar:

Aytishlaricha, ota mutaassiblikka berilgan... Bu darajadagi mutaassiblik, aslida, insonning real hayotdan uzilib, o‘z ichki dunyosiga qamalib qolishning belgisi bo‘lishi ham mumkin. Ko‘pincha bunday holatlar stress, iqtisodiy qiyinchiliklar, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashning yetishmasligi kabi omillar ta’sirida kelib chiqadi. Biz otaning ichki dunyosida nimalar kechayotganini bilmaymiz, lekin istalgan biror bir boshqa inson bunday shafqatsizlikka borishi, balki, u ham qandaydir ruhiy azob chekayotganidan darak bo‘lishi  mumkin.

Zo‘ravonlikni hech qachon oqlab bo‘lmaydi, ammo bunday holatlarning sabablarini tushunish, muammoni yechishga bir qadam bo‘lishi mumkin. Zo‘ravon otani mutlaqo oqlash niyatim yo‘q, qonun oldida jazosini olishi shart. Postni yozishimdan maqsad kelajakda yana shunday norasidalar oddiygina bulochka uchun o‘lib ketavermasin, aslida bu o‘limda jamiyatning ham aybi bor...

Maktab va ta’lim tizimining roli:

Qizaloqning och qolib, bulochka o‘g‘irlashi bu – juda achinarli holat. Maktab bu – nafaqat ta’lim maskani, balki bolalarning xavfsizligi, sog‘lig‘i va farovonligi uchun ham javobgar joy. Agar maktab xodimlari qizaloqning och, qiyin ahvolda ekanini sezmagan bo‘lsa, bu ham bir muammo. Balki, maktab bufetidagi narxlar ota-onalar uchun qimmatdir, balki oilada iqtisodiy qiyinchilik bordir. Ta’lim tizimida ijtimoiy yordamga muhtoj oilalarni aniqlash va ularga yordam berish mexanizmlari ishlashi kerak.

Agar qizaloq o‘z vaqtida yordam olganida, bu fojia sodir bo‘lmasligi mumkin edi.

Jamiyatning mas’uliyati:

Bu voqea faqatgina ota, maktab yoki ta’lim tizimining muammosi emas.

Bu – butun jamiyat muammosi.

Biz qanday jamiyatdamiz?

Nega odamlar shunchalik tushkunlikka tushib qoladi?

Nega zo‘ravonlik muammosi shunchalik keng tarqalgan?

Iqtisodiy qiyinchiliklar, ishsizlik, ijtimoiy tengsizlik – bularning barchasi odamlarning ruhiy holatiga salbiy ta’sir qiladi. Nahotki, o‘sha qizaloqning osh-ovqatga to‘ymasligini biror bir kimsa sezmadi? Muhtojlarga yordam berish eng avjiga chiqqan davrda yashayapmiz deb xato o‘ylar ekanman (internetdagi video-roliklarni ko‘rib shunday xato fikrda yashayotgan ekanman shekilli). Jamiyat sifatida biz bir-birimizga yordam berishimiz, qo‘llab-quvvatlashimiz kerak. Ruhiy salomatlikka e’tibor qaratish, psixologik yordam xizmatlarini rivojlantirish bularning barchasi juda muhim.

Yechim izlash:

Xo‘sh, bunday fojialarning oldini olish uchun nima qilishimiz kerak?

Ruhiy salomatlikka e’tiborni kuchaytirish: Jamiyatda ruhiy salomatlik muammolariga nisbatan onglilikni oshirish, psixologik yordam olishni davlat siyosati darajasiga chiqarish kerak. Faqat imkoniyati borlar uchungina bu xizmatning bo‘lishi butun boshli davlat uchun juda mantiqsizlik.

Oilalarni qo‘llab-quvvatlash: Ijtimoiy yordam dasturlarini kengaytirish, iqtisodiy qiyinchilikka uchragan oilalarga ko‘proq psixologik yordam berish. Sabr qilishga undaydigan ma’ruzalar xuddi bugungi otaning vaziyatidagi o‘xshash odamlarda ishlamaydi.

Ta’lim tizimini takomillashtirish: Maktablarda bolalar bilan ishlaydigan psixologlar sonini kamaytirish emas ko‘paytirish kerak (ular administrativ vazifani bajarayapti), o‘qituvchilarni o‘zlariga ham alohida ruhiy yordam olishiga shart-sharoit qilinishi kerak.

Zo‘ravonlikka qarshi kurashish: Zo‘ravonlikning har qanday ko‘rinishiga qarshi murosasiz bo‘lish, jazoning muqarrarligini ta’minlash.

Bu fojia biz uchun bir saboq bo‘lishi kerak!

Biz faqatgina ijtimoiy tarmoqlarda ayuhannos solish, yomonni qarg‘ashlar bilan cheklanib qolmasdan, muammoning yechimini ham bir bo‘lib izlashimiz kerak. Bo‘lmasa hali yana nechtalab bunaqa go‘daklarimizning o‘limiga birgalikda sababchi bo‘laveramiz.

Har birimiz o‘z o‘rnimizda, oilamizda, mahallamizda, ish joyimizda bunday holatlarning oldini olish uchun harakat qilishimiz lozim. Chunki, har bir bola – bizning kelajagimiz!

Sizlar nima deb o‘ylaysiz bu fojea haqida? Bu muammoning yechimi nimada? Fikrlaringiz bilan o‘rtoqlashing!

                                                                                                         Madina Miytan, psixolog

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring