Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Jarima soluvchi mol bozori (noxush manzara)

Jarima soluvchi mol bozori (noxush manzara)

Foto: «Vodiy Media»

Samarqand viloyatidagi Pastdarg‘om mol bozori. Bozorga yaqinlashgan sayin yuk mashinalari va yengil avtomobillarning tirbandligi ko‘nglingizni xira qila boshlaydi, ulardan amallab o‘tib olib... tiqilinch piyodalar oqimiga yuzma-yuz kelasiz.

Mol bozoriga eltuvchi yo‘ldan ketarkansiz, har ikki tarafda arpa-bug‘doy uyumlari, tarozi-yu chelak, ora-orada qoziq, arqon, ketmonu o‘roq sotiladigan yoyma rastalari, yuk tashuvchi mototsikllar, ko‘chma vetaptekalaru, kiraverishda «dollar, rubl» deb turgan azamatlar yonidan zo‘rg‘a o‘tasiz. Yo‘l-yulakay «po‘sht-po‘sht» degan ovozdan sergaklanib, o‘zingizni vaqtida chetga ololmasangiz, tajovuzkor buqa bilan to‘qnashishingiz ham hech gapmas. Mana shu tiqilinchdan zo‘rg‘a o‘tib, ichkariga kirasiz.

Katta stadiondek bozor, yoritish vositalari kamligidan deyarli nimqorong‘i, yurish yo‘laklari plandayam bo‘lmagan, odamlar qanday yo‘l topib yurishadi, hayron qolasiz. Tirband holatda kimdir qo‘y, kimdir molning arqonidan tutib mijoz kutadi. Molbozorning tuproq maydoni bir kun oldingi yomg‘irdan shilta loyga aylangan. Bu yerga kamida etik kiyib kemaganingizga afsuslanasiz. Har daqiqa hushyorlik kerak, biror buqa yoki sigir turtib-netib qolmas deysiz-da.

Ha endi molbozor bo‘lsa, bu yerga soyabon tutgan oliftalar kelmaydiku dersiz, lekin etiksiz yurib bo‘lmaydigan, shilta loy va mol tezagi aralashib ketgan shu abgor joyga bir tuflab ko‘ringchi!..

Har qanaqangi kuzatuv moslamasidan ko‘zi o‘tkir nozir shu zahotiyoq yoningizda paydo bo‘ladi.

Eng qizig‘i ana shunda boshlanadi: «jamoat joyida tartibni buzdingiz, jarima to‘lang!» Tabiiyki, «qanday jarima, nima qildim», deb hayron bo‘lasiz. Ha, bu mol bozorida oddiy tuflash ba’zida nos tuflash deb e’tirof etiladi va jarimaga tortilasiz.

Buni o‘qib, «ana qonunlar ishlayotgan ekanku», dersiz. Ehtimol. Lekin buning boshqa tarafiyam bor. O‘sha jamoat joyi deb e’tirof etiladigan tumandagi ba’zi joylarda — shaharlararo va xalqaro yo‘nalishli taksilar va transport bekatlari hamda avtotransport vositalarini vaqtinchalik saqlash joylarida, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning binolarida, sog‘liqni saqlash tizimi muassasalari va tashkilotlari, ta’lim muassasalari, jismoniy tarbiya, sog‘lomlashtirish va sport inshootlari, ko‘p xonadonli uylarning yo‘laklari, shuningdek uylar oldi hududlarida joylashgan bolalar va sport maydonchalari; xiyobonlar, bog‘lar, ko‘chalar va boshqa joylarda biror inson tuflagani uchun jarima to‘laganini ko‘rmaysiz. Savol tug‘iladi, nega aynan mol bozori eng ko‘p jarima undiriladigan joy? Nima, boshqa joylarda hamma huquqiy madaniyati shakllanganlar yuradimi?

Tabiyki, buning birinchi sababi — mol bozoriga odamlar pulsiz kelmaydi. Keyin bu joyga  keladiganlar orasida nos yoki sigaret chekishga moyillar ko‘p.

Lekin, qizig‘i, bozorning biror joyida chekish taqiqlanadi, degan ogohlantirish yozuviga ko‘zingiz tushmaydi. Tag‘in har qadamda sigaret, nos, pista sotuvchilar bu o‘lgurlarni ko‘z-ko‘z qilib, «oling, oling» deb turishadi.

Bozor g‘ala-g‘ovuri erta tongdan miyani charchatganda, bilmay qolsa kerakda shu savilni chekkanini. Shaxsan men, chekmaganim uchun, uning xumoriyu, o‘zga jihatlarini bilmayman. Bu bilan chekuvchilarning yonini olish yoki ularga moyil fikrlarni bildirish niyatim ham yo‘q, shunchaki, salla desa kallani mo‘ljal qiluvchilarning xatti-harakatlariga bir nazar tashlamoqchiman.

Axir o‘sha bozor kim uchun? Aholi uchunku, unga kirib chiqqan har bir xaridor mol uchun 32 ming so‘m, qo‘y uchun 16 ming so‘mdan patta puli to‘layotgan bo‘lsa, nega ularga bozorda tayinli shart-sharoit yaratilmaydi? Nega o‘sha loy bilan tezak aralashmasiga beixtiyor tuflaganlar yoki biror qog‘oz bo‘lagi tashlaganlar jarimaga tortilaveradiyu, bozorni tartibga keltirib qo‘ymaganlar javobgarlikni bo‘yniga olmaydi?

Bozor ma’muriyati oldin xaridorlar va sotuvchilar uchun yetarli sharoitni yaratib bersa, bozorda  hech bo‘lmasa haftada bir marta tozalik ishlari amalga oshirilsa, mashinalar uchun turarjoylar qilinsa, unga asfalt yoki beton yotqizilsa, yo‘laklar qilinsa, ana undan keyin olavermaydi tuflaganlardan jarimasini!

Ha-ya, bozordan chiqishda qo‘l yuvaman desangiz, biror moslama yoki vodoprovod kranini topolmaysiz. Azonlab bozorga keluvchilarda ko‘p yillik an’ana bor. Ya’ni mol sotgan yoki olgan odam hamrohlariga, dallolga, «haq beradi», ziyofat qilib beradi. Bozor tashqarisidagi «kafelar» esa xizmatingizga muntazir. Bu kafe deganimizning atrofida ustunlar bo‘lib, ularga «haq beruvchilar» ba’zan mollarini bog‘lab, o‘zlari deyarli yonginasida ovqatlanishadi. Kafedagi tutun, Temur bobomizning harbiy «trevoga» signal tepaliklaridan-da yuksaklarga bo‘ralaydi.

Shunda nogahon oyog‘ingiz bir mayin narsaga tegib ketsa, hayron qolmang, bu o‘sha siz taomlanayotgan qo‘yning terisi, ichida ichak-chavoqlari...

Sal nariroqda sizga bir juft ko‘zini tikib, biron ilinjda, goh mo‘ltirab, goh olayib mushuk va itlar qarab turadi.

Bu yerga asosan sanitariya so‘zini yoqtirmaydiganlar va immun tizimi metin mijozlar tashrif aylasa kerak, deb o‘ylab qolasiz. Endi barcha ishlar tugab, bozor yonidagi «stoyanka» o‘rnidagi bir tolning tagiga qo‘ygan mashinangizga yaqinlashsangiz, sizni mashina tagida yotgan kutilmagan mehmonlar — haybatli itlar qarshilaydi. Kutilmagan mehmon aslida sizsiz... Albatta-da, tuman obodonlashtirish boshqarmasining daydi itlarni tutish brigadasi bu yerlarga umuman kelmas ekan, itlar o‘sha manzilning doimiy sohiblari, biz esa kutilmagan mehmonlar bo‘lib qolaveramiz.

Bu yerda ana shunday manzara. 

Shuhrat Normurodov

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring