Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Izlamasin onalarini janggohlarda go‘daklar zinhor — Xayrulla Hamidov yangi yilga atab she’r yozdi

Izlamasin onalarini janggohlarda go‘daklar zinhor — Xayrulla Hamidov yangi yilga atab she’r yozdi

Bugun 2019 yil yakunlanmoqda. Shoir Xayrulla Hamidov yangi yil kirib keladigan kecha oldidan she’r yozdi.

Shoir ushbu she’rida urushlardan azob tortayotgan diyorlarni qalamga olgan.

YaNGI YILDA...
Yangi yilda urush bo‘lmasin,
Shomni vayron etmasin janglar,
Gursillagan tanklar zarbidan
O‘rlamasin falakka changlar.

Yangi yilda tugasin bor g‘am,
Sho‘rliklar ham yashasin endi.
Farqi yo‘qdir, ikki tomon ham
Qurolini tashlasin endi.

Yangi yilning har bir faslini
Tarix bizga atasin bahor,
Izlamasin onalarini
Janggohlarda go‘daklar zinhor.

Yangi yilda o‘yin qilmasin
Kuchsizlarni kuchli janoblar,
Har bir yovuz ishiga o‘ksib,
Korchalonlar bersin javoblar.

Yangi yilda afg‘on tog‘larin
Boburlarning quchsin merosi,
Bog‘doddan to Damashq bog‘larin
Bosib ketsin bulbul ovozi.

Yangi yilda qora qit’aga
Yorug‘ kunlar kelsin nihoyat,
Bosib ketdi BMTni ham
Urushlardan ortgan shikoyat.

Yangi yilda Falastinda ham
Sokin uxlay olsin bolalar.
Yuraklarni teshib tashladi
Undan oqqan so‘ngsiz jolalar.

Yangi yilda tinchlik degan so‘z
Xalqqa aylantirsin ommani...
Shundagina yangi yil bilan
Tabriklashim mumkin hammani.

Xayrulla Hamidov

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring