«Istiqlol marshi» muallifining kitobi o‘zbek tilida chop etildi
Turkiya Respublikasi davlat madhiyasi – «Istiqlol marshi» matni muallifi, atoqli shoir Mehmet Akif Erso‘y qalamiga mansub «Safahot» nomli kitob o‘zbek tilida chop etildi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida bo‘lib o‘tgan kitob taqdimotida Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TİKA) rahbari Serkan Kayalar boshchiligidagi delegatsiya vakillari ham qatnashdi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining o‘rinbosari G‘ayrat Majid keyingi yillarda turkiy xalqlar o‘rtasida adabiyot sohasida ham hamkorlik kengayib borayotganini ta’kidladi.
TİKA rahbari Serkan Kayalar ikki qardosh millatning adabiy robitalari ko‘p asrlik tarixga ega ekani, yangi chop etilgan «Safahot» to‘plami bu aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qilishini qayd etdi.
To‘plam atoqli o‘zbek shoiri Miraziz A’zam tomonidan tarjima qilingan. Kitobga Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on so‘zboshi yozgan.
«Safahot» so‘zi o‘zbek tilida «Sahifa» degan ma’noni bildiradi. Bu kitob to‘liq tarjimada chop etilmasdan avval ham turkcha nomida o‘zbek she’rxonlari orasida mashhur edi. Tarjimon shuni inobatga olgan holda uning nomini o‘zbek tiliga tarjima etmay, asliyatdagidek qoldirgan», – deyiladi Yozuvchilar uyushmasi xabarida.
To‘plamga Mehmet Akif Erso‘y tomonidan 1911-1933 yillarda yozilgan «Safahot», «Sulaymoniya minbarida», «Haq vahiysi», «Fotih minbarida», «Xotiralar», «Osma» va «Soyalar» kabi yetti asar kiritilgan.
Mehmet Akif Erso‘yning (1873–1936) otasi Mehmet Tohir asli alban millatiga mansub mudarris, onasi esa buxorolik o‘zbeklarning qizi Omina Sharif xonim edi. Shoir «Istiqlol marshi»ni yozish bilan turk xalqining sinayozgan g‘ururini yana tiklab, ko‘p millionli millatni yagona bayroq ostida birlashtirishga xizmat qilgan edi. Avvalroq madhiyaning yozilish tarixi va Erso‘yning favqulodda vatanparvarligi, mukofotdan ham voz kechgani haqida hikoya qilgan edik.
Toshkentda avval ham turkiy dunyoning Istiqlol shoirlari, jumladan, Mehmet Akif Erso‘yning xotirasi ehtirom bilan yodga olingandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter