Islom Karimovning ilk uchrashuvi. Tatyana Karimova xotiralaridan
O‘zbekiston Respublikasining Birinchi xonimi Tatyana Karimova Birinchi Prezident Islom Karimov bilan ilk marta qanday uchrashgani haqida so‘zlab berdi.
«Islom Abdug‘aniyevich bilan 1970-yili Samarqandda, akasi Ibod G‘aniyevichning uyida tanishganmiz. Uning rafiqasi Xayriniso Sultonovna mening ammavachcham edi. Men Samarqandda muhandislik-texnologiya fakultetida tahsil olib, talabalar yotoqxonasida istiqomat qilar, darsdan keyin ularnikiga tez-tez mehmonga borib turar edim. Ibod G‘aniyevich oqko‘ngil, aqlli va odamshavanda inson, boz ustiga, yaxshi suhbatdosh ham edi.
Yangi yil eshik qoqib turgan kunlarning birida opamnikida o‘tgan navbatdagi mehmondorchilikdan so‘ng endigina ketishga taraddud ko‘rib turganimda bir yigit kelib qoldi. Uni menga Ibod G‘aniyevichning ukasi deb tanishtirishdi. Bu Islom Abdug‘aniyevich edi. Birinchi uchrashuvimizda deyarli gaplashmadik. Qizlik idrokimda nedir kuchli taassurot qoldirganini eslolmayman. Men uchun u paytda Islom Abdug‘aniyevich oq-qorani tanigan jiddiy bir odam, egachimning qaynisi edi.
Oradan bir necha oy o‘tib, fevral oylarida biz yana Toshkentda ko‘rishdik. Men Farg‘onaga ta’tilga ketayotgan edim. Quvasoydagi qarindoshlarni yo‘qlashga otlangan Xayriniso Sultonovna menga hamroh bo‘ldi. Islom Abdug‘aniyevich chipta olishda yordam berdi. Poytaxtda birrovga to‘xtab o‘tdik.
Bu gal ham suhbatimiz uzoq davom etmadi.
Kechagidek yodimda, martning yettinchi kuni, ayni bayram arafasi edi. Ko‘klamning xush iforga to‘la iliq havosi. Shig‘alab yog‘ib o‘tgan yomg‘irdan keyin atrof-borliq toza, musaffo va go‘zal bo‘lib ketgan. Ko‘lmaklarda osmon parchasi aks etar, ko‘ngillar yorishib, farahbaxsh hislarga limmo-lim to‘lgan edi. Men talabalar yotoqxonasida edim. Ittifoqo bir yigit so‘rab kelganini xabar qilishdi. U kim ekani yetti uxlab tushimga ham kirmagani rost. O‘zimcha otam yo‘llagan (ehtimol biror narsa berib yuborgandir) yoki oilamiz, xonadonimizga daxldor birovdir-da deb o‘yladim.
Chiqib ko‘rdimki, meni yo‘qlab kelgan odam Islom Abdug‘aniyevich ekan.
Meni sayr va suhbatga taklif qildi. Biz ilk bor yolg‘iz o‘zimiz ko‘rishib turgan edik. Tabiat, ob-havo, o‘qish haqida suhbatlashdik. Odatiy suhbat.
Lekin sayr asnosida Islom Abdug‘aniyevich to‘xtab, hech kutilmaganda «Menga turmushga chiqasizmi?» deb so‘radi. Men, albatta, hayratdan qotib qolgan edim. Qanday izohlashni ham bilmayman, men shunday holga tushgan edim: aql vaziyatni hali to‘liq anglab, baholab bo‘lmasdan, qalb va yurak «ha» deya javob berib bo‘lgandi. Ko‘ngil shubhayu gumondan xoli kezlarda shunday bo‘ladi. Men bu insonning kuchi, samimiyati, jozibasi, qat’iyati va nedir bir oxanrabosini sezgan bo‘lsam kerak… Men «ha» deya javob berdim. Bari ana shunday kechgan edi. Bor-yo‘g‘i bir necha qisqa uchrashuv…»
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter