Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ipoteka kreditidan foydalanishda aholiga qo‘shimcha qulayliklar yaratilmoqda

Ipoteka kreditidan foydalanishda aholiga qo‘shimcha qulayliklar yaratilmoqda

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Ipoteka kreditidan foydalanishda aholiga qo‘shimcha qulayliklar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

«Uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj aholini qo‘llab-quvvatlash, ipoteka krediti mexanizmlaridan foydalanish amaliyotini yanada takomillashtirish va kengaytirish maqsadida:

1. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq 2023-yil 1-yanvardan boshlab dastlabki badalning va ipoteka krediti bo‘yicha foizlarning bir qismini qoplash uchun subsidiya berilgan fuqarolarning uy-joylarni sotib olish, qurish yoki rekonstruksiya qilish uchun olingan ipoteka kreditlarini hamda ular bo‘yicha hisoblangan foizlarni to‘lash uchun yo‘naltirilgan ish haqi va boshqa daromadlari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘iga tortilmaydi».

Mazkur qarorning 1-bandida ko‘zda tutilgan imtiyoz qarz oluvchi va birga qarz oluvchilar daromadining bir soliq davrida mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining sakson baravaridan oshmagan qismiga tatbiq etiladi;

2023-yildan boshlab ipoteka krediti hisobiga sotib olingan, qurilgan va rekonstruksiya qilingan mol-mulk unga bo‘lgan huquq davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan sanadan e’tiboran o‘ttiz olti oy ichida begonalashtirilganda, mazkur qarorning 1-bandida nazarda tutilgan daromadlar belgilangan tartibda soliqqa tortiladi.

2022-yil 1-noyabrdan boshlab, xususiy pudrat tashkilotlari tomonidan tayyor holda topshirish shartisiz qurilgan uylardagi kvartiralarni (xonalarga bo‘lingan va pardoz ishlariga tayyor) birlamchi uy-joy bozorida sotib olish uchun ipoteka kreditlarini ajratishga hamda ular bo‘yicha dastlabki badalning va ipoteka krediti bo‘yicha foizlarning bir qismini qoplash uchun subsidiya to‘lashga ruxsat beriladi.

2021-yilda yangi tartib asosida ipoteka kreditlari ajratishning maqsadli parametrlari doirasida berilgan subsidiya ajratish to‘g‘risidagi xabarnomalarning amal qilish muddati 2022-yil 31-dekabrga qadar uzaytiriladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari yil yakuniga qadar uy-joylarni sotib olish va ipoteka kreditlarini rasmiylashtirish jarayonlarida fuqarolarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida viloyatlar markazlarida Toshkent shahri tajribasi asosida ipoteka markazlarini tashkil etadi.

Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda aholiga uy-joy sotib olish yoki yakka tartibdagi uy-joylarni qurish va rekonstruksiya qilish uchun subsidiya ajratish jarayonlarini raqamlashtirish, shuningdek, ipoteka krediti ajratish tartibini soddalashtirishni nazarda tutuvchi qarorni qabul qiladi.

Qarorning to‘liq matni ushbu havolada.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring