«Ipoteka-bank» tizimda «Korrupsiyasiz soha» loyihasini amalga oshirmoqda (foto)
Ma’lumki, 9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni, deb belgilangan. Respublikamiz bo‘ylab «Korrupsiya – rivojlanishimizga to‘siq» mavzuida tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Shunga hamohang 1 dekabr kuni «Ipoteka-bank» aksiyadorlik tijorat ipoteka banki Bosh ofis va barcha filiallari ishtirokida «Bank moliya sohasida korrupsiyaga qarshi kurashishning dolzarb muammolari» mavzuida davra suhbati tashkil etildi. Unda bankning barcha hududiy filiallari xodimlari ZOOM platformasi orqali qatnashdilar.
Tadbirda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda Toshkent davlat yuridik universiteti vakillari o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etishdi.
«Korrupsiya chuqur ildiz otgan illat hisoblanadi. Bu illat bugun yoki kecha paydo bo‘lgan emas. Azaldan bunday holatlar uchrab kelgan. Afsuslar bo‘lsinki, bugungi kunda ham har bir sohada korrupsiya, poraxo‘rlik kabi jinoyatlarni uchratish mumkin. Bu ishlarga barham berish uchun, avvalo, har bir oilada buning ildizi yo‘q qilinishi kerak, deb hisoblayman. Bu kabi ishlar jinoyat ekanligi haqida har birimizda tushuncha paydo bo‘lishi kerak. Har kim bu kabi holatlardan o‘zini saqlay olsa, poraxo‘rlik atalmish jinoyatlar uchramaydi», – deydi Toshkent davlat yuridik universiteti o‘qituvchisi, politolog Qudrat Ibragimov.
Seminar ochiq muloqot tarzda o‘tkazilib, jamiyatimizda urab turgan korrupsion holatlar tanqid ostiga olindi va shu kabi holatlarga yo‘l qo‘ymaslik, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishda O‘zbekiston Respublikasi Qonun va qonun osti hujjatlari, ularning mazmun-mohiyati, zamonaviy aksilkorrupsion tizimlarni joriy etish hamda «Komplayens-nazorat» tizimi to‘g‘risida o‘zaro fikrlar almashildi.
O‘zbekiston Respublikasi korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mas’ul xodimi Akmal Yunusov, aholi orasida, xususan mansabdorlar, hokimiyat vakillari, orasida korrupsion holatlarni aniqlash bo‘yicha doimiy tezkor tadbirlar olib borilayotganligini ta’kidlab o‘tdi.
«Ochig‘ini tan olib aytish kerak, bank sohasi korrupsiyaga moyil sohalardan biri hisoblanadi. Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi bu bitta tashkilot yoki idora emas, uning ichiga barcha organ tizimlari kiradi. Shuningdek, bu kabi holatlarni tezkor aniqlash maqsadida bizda ochiq axborot bazasi yaratilgan. Istalgan kishi kirib ma’lum bir idora yoki tashkilotning jamg‘armasi yoki ushbu budjetdan pul ajratib nimadir xarid qilgani haqida bilishi mumkin. Shu bilan bir qatorda, bizga anonim ravishda yuborilgan murojaatlarni ham izchil o‘rganish ishlari olib boriladi. 2021 yil 6 oyi davomida davlat organlari va tashkilotlari kesimida o‘tkazilgan tahlil davomida aniqlanishicha, 107 ta Sog‘liqni saqlash vazirligi, 74 ta Xalq ta’limi vazirligi, 69 ta davlat ulushi bo‘lgan davlat tashkilotlari, 66 ta bank, 64 ta Maktabgacha ta’lim vazirligi, 55 ta Transport vazirligi, 32 ta Energetika vazirligi, 26 ta Suv xo‘jaligi vazirligi, 26 ta Mehnat vazirligi va shu kabi bir qator idoralarda korrupsion jinoyatlar aniqlangan. Bundan ko‘rinib turibdiki, mamlakatimizda ushbu illatga qarshi samarali ishlar olib borilmoqda», – deya takidladi u.
Shuningdek, tadbir davomida «Ipoteka-bank» aksiyadorlik-tijorat banki rahbariyati tomonidan tizimda «Korrupsiyasiz soha» loyihasini amalga oshirish bo‘yicha Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda Markaziy bank bilan hamkorlikda yo‘l xaritasi ishlab chiqilganligini va ushbu yo‘nalishga mas’ul bo‘lgan korrupsiya va firibgarlikka qarshi kurashish maqsadida Komplayens nazorati bo‘limi tashkil etilganligi ta’kidlab o‘tildi.
«Korrupsion holat biz mehnat qilayotgan bankda uchramadi. Bu bankimizning eng katta yutug‘i deb ayta olaman», dedi «Ipoteka-bank» ATIB boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Farrux Botirov.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter