Iffatga qo‘yilgan haykal

Ayol gunoh qilsa, bunga erkak ham aybdordir.
(Shotland xalq maqoli)
Qo‘limga bir maktub tushib qoldi. Qizig‘i, xat menga bitilmagan, lekin egasiga ham jo‘natilmagan. Keling, maqsadga o‘tishdan oldin ushbu maktub bilan tanishamiz:
«Assalomu alaykum, adasi!
Mana siz sababli begona yurtlarni kezib, nomahram erkaklar orasida ishlab yuribman...
To‘g‘ri, bunga o‘zim rozi bo‘ldim. Chunki oilaviy muammolarimizga siz biror yechim topolmagach, men shunday xatarli safarga otlandim. Qarzlarimiz bo‘ynimizdan oshib, qarz egalari ostonamizda tunu kun qo‘riqchilik qilishlariga qaramay, siz mas’uliyatni bo‘yningizga ololmadingiz. Men esa loaqal uch bolam qiynalmasligini istab, o‘zga yurtda mardikorlikka chiqdim...
Istanbulga kelganimdan buyon har qanday qiyinchiliklarga dosh berib ishlayotgan edim. Ammo bugun hammasiga tupurib, uyga, o‘z yurtimga, bolalarim bag‘riga qaytishga qaror qildim. Sababi pul topaman deb eng qimmatli narsalarimdan ayrilishni istamayman. Yurtimga qaytgach, mayli farrosh bo‘lay, ko‘cha supuray, mayli kimningdir eshigida cho‘ri bo‘lay, faqat ayollik sha’nim, or-nomusimga dog‘ tushirmasam bo‘lgani...
...Men ishlayotgan kafe xo‘jayini uyini tozalab berishimni, evaziga yaxshi haq to‘lashini aytdi. Ikkilandim, ammo ishlab pul topishga bo‘lgan ehtiyojim uning taklifini qabul qilishga undadi. Vazifalarimni tushuntirgach, ortiga qaytdi. Ishga kirishdim. Ammo negadir ko‘nglim juda g‘ash torta boshladi. Endigina yumushlarni tamomlab bo‘lgandim hamki, ko‘cha eshikdan uy egasi kirib keldi. Oynadan uning eshikni qulflayotganini ko‘rib qoldim. Ko‘nglimdagi g‘ashlik ortdi. Burilib ulgurmasimdan kelib, belimdan quchdi. Dod solib eshik tomon otildim. U esa:
– Seni ilk ko‘rganimdayoq yoqtirib qoldim. Ayolim bilan ajrashganman. Gaplarimni eshit, iltimos! Men bilan qol, seni baxtli qilaman, – dedi.
– Men erli ayolman! – tilimga kelgan birgina jumla shu bo‘ldi. U turgan yerida qotib qoldi. Darhol meni qo‘yib yubordi. Taajjub bilan:
– Ering bor?.. Aldamayapsanmi? – dedi.
– Erim, bolalarim bor... Erim bo‘lmaganida ham menga nomahramsan! Xudodan qo‘rqmaysanmi? – dedim-da, qulfni ochiboq bor kuchim bilan ko‘chaga otildim. G‘ira-shirada yugurib ketarkanman, ortimdan uning ovozi keldi. Biroq to‘xtamadim, qayrilib ham qaramadim. Ammo qancha yugurmay, u menga yetib oldi, tiz cho‘kkancha:
– To‘xta, buni kiyib ol! Meni kechir... Kechirdim deb ayt? Istasang, ertagayoq yurtingga jo‘nab ketishingga yordam beraman. Faqat kechirsang, bo‘lgani! Bu ish qiyomatga qolmasin?.. – deya yalindi.
Oyoqyalang ekanimni shundagina bildim. Qolgan birorta gapi qulog‘imga kirmadi. Bir amallab kafega yetib oldim. Zarurat ne ko‘ylarga solganidan xo‘rligim keldi, ayol ekanimdan ilk bor pushaymon yedim, tuni bilan yig‘lab chiqdim. Bolalarimiz ko‘z o‘ngimdan o‘ta boshladi. Garchi biror nojo‘ya ish qilmagan bo‘lsam ham «Endi sizning, bolalarimning ko‘zlariga qanday qarayman?» degan o‘y ich-etimni kemirdi.
Uning uyida qolib ketgan sumkam ertalab eshigim tutqichiga osib qo‘yilganidan bildimki, menga ro‘para bo‘lishga jur’ati yetmagan.
...U va’dasida turdi – nihoyat uchoqdaman. Yig‘layotganimni bildirmaslik uchun ro‘molchamni axtararkanman, barmoqlarim buklangan qog‘ozga tegdi. Ajablandim. Xat ekan. Orasiga solib qo‘yilgan «ko‘kqog‘oz»larni ko‘rib, hammasini tushundim. Xat qisqagina edi:
«Singlim!
Meni tavbaga, sajdaga, namozga qaytarding.
Sendan qarzdorman.
Bundan keyin begona yurtlarga hech qachon yolg‘iz borma...
Eringga ayt, sendek ayolini asray olmasa, badali og‘ir bo‘ladi.
Shuni bilki, yuragimga haykal o‘rnatib ketding – nomusning haykalini, iffatning haykalini...».
Har ikki maktub shu yerda tugaydi.
Ushbu xat ayol bilan o‘rtamizda ko‘rinmas rishta bog‘ladi. U bilan yaqindan tanishdim, keyingi hayoti bilan qiziqdim.
Aytishicha, uyiga qaytgach ancha paytgacha o‘ziga kelolmay, yoqimsiz xotiralarini unutolmay qiynalgan. Alam bilan, ko‘zyoshlar bilan bitgan maktubini esa eriga o‘qitishga jazm qilolmagan.
– Mana yuragimni toshdek bosib yotgan, hech kimga aytolmagan sirlarimdan voqif bo‘ldingiz. Bularni yozishingizni istayman. Ehtimol kimgadir foydasi tegar? Erimga o‘xshagan erkaklar o‘qisa, ibrat olar? Chet elda ishlashga borib, qiyinchilikdan qochib, fahsh yo‘lni tanlayotgan ayollarning yo‘ldan qaytishiga turtki bo‘lar? Erim ham o‘qib qolar?.. – dedi u.
Men yozishga va’da berdim.
Bir kuni uni xafa holatda topdim. Sababini bilgim keldi.
– Yaqin o‘rtog‘imning eri meni yoqtirishini aytib qoldi. Unga munosib javob qildim. Lekin u: «Bu nima, nozmi? Chet elga chiqib kelgan ayollarni yaxshi bilaman!», — dedi surbetlik bilan. Uni do‘kondan quvib chiqardim-da: «Yana bir marta kelsangiz, dugonamga hammasini aytib beraman!», — dedim.
Menga alam qilgani – u mening erim borligini biladi-ku? Nahot xorijlik bir begona erkakchalik bo‘lolmasa?..
Endi siz rostini ayting, men yengiltak ayolga o‘xshaymanmi? – dedi.
Daf’atan berilgan bu savol qarshisida jim qoldim. Kipriklarimni ko‘tarib, g‘amgin nigohiga qarashga majolim yetmadi. Faqatgina:
– Dugonangizning eri hatto or-nomusga ham haykal o‘rnatish mumkinligini, bu haykal faqat Allohdan qo‘rquvchi qalblardangina joy olishini, afsus, bilmaydi. Alloh o‘rnatgan halol-harom chegaralaridan ham g‘aflatda. Bilganida, u ham tavba eshigini qoqib, nafsi ammorasini yengish ilinjida istig‘for arqonini mahkam tutgan bo‘larmidi... – deya oldim.
Maktub bahona bir ayolning iztirobli kechinmalari hamda xiyonatdan, haromdan hazar qiluvchi pok qalbi, metin irodasi bilan tanishdingiz.
Ammo bularni nega yozayapman?
Har gal Istanbul ko‘chalarida yalangoyoq holda nomusini opichlab yugurayotgan ojiza yodimga tushsa, achchiq haqiqatga yo‘g‘rilgan «Ayol gunoh qilsa, bunga erkak ham aybdordir» maqolini beixtiyor eslayman. Ko‘z o‘ngimdan esa ming bir toifaga mansub ayollar birma-bir o‘ta boshlaydi:
– birgina tun hamda bokiraligi evaziga tongda «kino yulduzi» bo‘lib uyg‘ongan «malika»lar...
– karera hamda mashhurlik ilinjida rejissyorining nafaqat pinjidan, hatto to‘shagidan boshpana topgan ba’zi telejurnalistlar...
– bozordagi do‘konlarini xorijiy mollar, cho‘ntagini esa pullar bilan to‘ldirish istagida chet ellarga borib, beshyulduzli mehmonxonalarda nomahram tijoratdoshi bilan bitta xonada tunayotgan «tadbirkor» ayollar...
– ovozi borligiga hatto o‘zi ham ishonmaydigan, lekin qomati-yu yasama – bo‘yab-bejalgan sovuq raftorini reklama qilish, prodyuserining bitta ishorasi bilan unga nima kerakligini ilg‘aydigan va so‘zsiz bajo keltirish evaziga san’at osmonida «chaqnayotgan» «yulduzcha»lar (iloho, bunday «yulduz»lar bitta qolmay to‘kilib tushib, osmonimiz mayli yulduzsiz, lekin musaffo qolsin!)...
– «avval divan, keyin ekran» deb ataluvchi yozilmagan jirkanch qoidaga amal qilish bilan teleekranlardan tushmay kelayotgan, na qalami, na fikri bo‘lgan ayrim teleboshlovchilar...
– internet tarmoqlarida uch-to‘rttadan profilga ega, lekin eri uning faqat bittagina profilini kuzatish huquqiga ega bo‘lgan (aslida bu huquqdan ham mahrum etilmaganliklarining o‘zi bir baxt! Shunday ayollarning erlari mabodo xotinining qolgan profillarida joylangan suratlarini ko‘rganida, «Voh! Bu hurliqo kim bo‘ldi?!» deya sevib qolishlariga zarracha shubha qilmayman!) «sohibjamol»lar...
– xorijga ishlash uchun borgach, eri tirik holda, tip-tirik erini o‘ldiga chiqarib («ko‘mib kelib») yoxud u bilan ajrashganini e’lon qilib, chet ellik biror puldor bilan yashayotgan va yurtiga qaytgach, yana hech narsa ko‘rmagandek, «tirilib ketgan» eriga xotin bo‘lib ketaverayotgan ba’zi ayollar...
– uyida bitta, ko‘chada yana bitta eri bo‘lgan «qo‘sherli» xotinlar...
– adabiyotning «a»sini, she’riyatning «sh»sini tushunmasdan turib, «aka»larining dastagi bilan katta adabiyotga «kirib kelgan ijodkor»lardan to ishqiy sarguzashtlari vositasida biror mansab kursisini band etgan «xonim»largacha...
Ko‘ngilni behuzur qiluvchi ushbu ro‘yxatni davom ettirishni istamayman.
Faqatgina so‘zim so‘ngida ayrim savollarimga javob olishni istayman: muhtarama ayol! O‘z juftingiz uchun nomahram ayollarga hatto uning xayoli ham ketishiga yo‘l qo‘ymaydigan darajada sadoqatli, fidoyi rafiqa, ayol bo‘la oldingizmi? Farzandlaringizga ular boshini tik tutib, siz bilan faxrlana oladigan ona bo‘loldingizmi?
Siz-chi, oilaning ustuni, farzandlarining suyangan tog‘i, ayolining ikki dunyodagi qalqoni bo‘lishi lozim bo‘lgan mardi maydon erkaklar! Sizga qorachiqlari yonib turgan farzandlarni tug‘ib bergan ojizangizga ham dunyo, ham oxirat qiynoqlaridan himoyalovchi (libos) parda bo‘la olayapsizmi?
Shunday bo‘lsa, bu sharaf sizga muborak bo‘lsin!
Agar shunday bo‘lsa, qora tunda qop-qora toshning ustidagi qora qumursqani ko‘rishga, oyoq tovushlarini eshitishga qodir bo‘lgan Zot sizga jannatini mukofot etsin!
Gulbahor Abdulloh
Ushbu blogpost muallifi O‘zbekiston blogerlari chempionatida ishtirok etmoqda. Mukofot jamg‘armasi 60 mln so‘mdan ortiq chempionatga kelib tushgan boshqa ijodiy ishlar bilan tanishish uchun ushbu havolaga o‘ting.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter