Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Hokimning aytgani aytgan, degani degan bo‘lishi kerakmi? Kitob o‘qigan hokimdan javob

Hokimning aytgani aytgan, degani degan bo‘lishi kerakmi? Kitob o‘qigan hokimdan javob

Foto: Xabar.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev bekorga amaldorlardan kitob o‘qishni talab qilmagan edi. Kitob o‘qigan odam bilan suhbatning yaxshi tomoni shundaki, birinchi marta ko‘rishib turgan bo‘lsang ham, umumiy mavzu topa olasan. U xoh tarix bo‘lsin, yoki biror ilmiy soha, qaysidir adabiyotda kelgan bo‘ladi, baribir. Shunday emasmi?

Uzun tuman hokimi Bahrom Tursunov bilan suhbatimiz shu bois boshidanoq yurishib ketdi. U turli asarlardan keltirayotgan iqtiboslarning ba’zilarini, ochig‘ini aytsam, o‘zim ham dabdurustdan eslay olmadim. Ha, adabiyot ulkan ummon, unga qancha sho‘ng‘ima, sendan chuqurroq ketganlar albatta topiladi. Ammo Bahrom Tursunov bilan suhbatimiz (taassufki) badiiy asarlar emas, hokimlik ishlari haqida bo‘ldi.

— Hozir «yangilanayotgan O‘zbekiston» va «Yangi O‘zbekiston» degan atamalar urf bo‘lmoqda. Sizning tushunchangizda bu nima degani?
— Shavkat Mirziyoyev davlat boshqaruviga kelgani hamono ikkita institut joriy etildi — «Xalq qabulxonasi» ochildi va hududlar to‘rtta sektorga bo‘lindi. Bu ikki institut bir-biri bilan uzviy bog‘liq. Aytaylik, hokim «Xalq qabulxonasi»da fuqarolar dardini eshitishi mumkin, ammo 174 000 kishining muammosini yolg‘iz o‘zi hal qila olmaydi. Sektorlar rahbarlari esa o‘zaro kelishib, ishni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishlari mumkin.

Bu tashabbus bizga nima berdi? Yaxshi bilamiz, to‘rt yil oldin davlat va xalq bir-biridan ajralib qolgan edi. Yuqoridagi mansabdorlar quyidagi fuqarolarning dardi-hasratini eshitmay qo‘ygandi, oqibatda turli muammolar va noroziliklar paydo bo‘lgandi. Jamiyat deyarli inqiroz yoqasiga kelib qolgandi. Prezidentimizning tashabbusi bilan mana shu inqirozning oldi olindi — qabulxonalar xalq va davlat o‘rtasidagi ko‘prik bo‘ldi. To‘g‘ri, balki hozir ham muammolar bordir, ammo eng kattasining oldini olganimiz rost. Mavjud kamchiliklar esa kun o‘tgani sari bartaraf etilmoqda. Mening tushunchamda yangilanayotgan O‘zbekiston mana shu bo‘ladi. Ya’ni, biz — hokimiyat vakillari xalq bilan bahamjihat ishlashni o‘rgandik. Umid qilamanki, bu hamjihatlik vatanimiz ravnaqiga poydevor bo‘ladi.

—Yaqin vaqtlargacha hokim deganda eng avvalo paxta va g‘allaga mas’ul bo‘lgan odamni tushunardik. O‘zbekiston yangilanmoqda, tabiiyki hokimlarning vazifasi ham o‘zgardi, aniqrog‘i, mantiqiy ko‘rinish kasb etdi. Siz o‘z zimmangizdagi vakolat va mas’uliyat haqida nima deya olasiz?
— Ochig‘i, bu savolingizning javobi o‘zi bilan. Hokim paxta va g‘alladan bo‘shab, o‘z vazifasini bajarayotganiga eng avvalo tizim o‘zgargani sababchi. To‘g‘risini aytganda, ilgari nafaqat hokim, balki hududlardagi barcha soha paxta, deb yashar edi. U IIB bo‘ladimi, yoki prokuratura, undan eng avvalo paxta talab qilingan. Paxta ishiga maktablardan tortib, shifokorlaru tadbirkorlar ham mas’ul bo‘lishiga sabab shunda.

Vaziyat ancha og‘ir edi. Mineral o‘g‘itlar yetib kelmasdi, yoqilg‘i qora bozorda sotilardi. Manfaat bo‘lmagani uchun fermer dalaga bormay ham qo‘yaverardi. Paxta esa hokimdan, IIBdan va prokuraturadan talab qilinardi. Shu sababli iloji yo‘qlikdan budjet xodimlari paxtaga chiqarilardi. Eng yomoni, fermerga paxta yetishtirish uchun kredit ajratilgan. O‘sha qarzni vaqtida yopish kerak va unga ham biz javob berardik.

Endi esa vaziyat tubdan o‘zgardi, hokimlarga talab ham boshqacha qo‘yilmoqda. Qishloq xo‘jaligiga klaster tizimi kirib keldi. Klaster pul tikadi, demakki o‘zi manfaatdor. Hokim ham, prokuror va IIV ham klaster va fermer o‘rtasidagi munosabatga aralashgani yo‘q. Klaster fermer bilan shartnoma qilyapti va urug‘ yetkazib berishdan tortib, yig‘ib olishga qadar bo‘lgan vaziyatni o‘zi nazorat qilmoqda. Biz faqat bir vaziyatda aralashishimiz mumkin — qachonki klaster va fermer o‘rtasida nizo kelib chiqsa, o‘shani hal qilamiz. O‘zaro kelishib ishlashsa, hech qanday e’tiroz yo‘q.

Bu tizim ko‘plab muammolarni hal qildi. Tan olish lozim, ilgari qo‘shib yozish holatlari uchrab turardi. Klaster tizimiga o‘tgach, mana shu illat yo‘q bo‘ldi. Boisi, qo‘shib yozishdan klasterga naf yo‘q. U qancha paxta yetishtirmasin, baribir o‘zi qayta ishlaydi va tayyor mahsulot ko‘rinishida sotadi. Qo‘shib yozib kimni aldaydi, o‘zinimi?

Ilgari paxta shunchaki chigitdan ajratilib, «toy paxta» darajasiga olib kelingan va chetga sotilgan. Arzon-garovga. Natijada qo‘shimcha ish o‘rinlari ham bo‘lmasdi, soliq tushumlari ham. Klaster paxtani tayyor mahsulot ko‘rinishiga keltirib, o‘zi ham foyda olmoqda, davlatga ham manfaat keltiryapti.

Yana bir masala — klaster texnikani o‘zi sotib oladi. Ilgari texnika davlatniki bo‘lgan, shu sababli uni extiyot qilishni birov o‘ylamagan. Hozir esa texnikani avaylamagan, uni o‘z o‘rnida ishlatmagan odam klasterda bir kun ham qolmaydi. Bir so‘z bilan aytganda, qishloq xo‘jaligida islohot o‘tkazilishi natijasida hokimlarga qo‘yilayotgan talab ham o‘zgardi.

Hokimning birlamchi vazifasi — fuqarolar farovonligini o‘ylash. Ishsizlik — kambag‘allikni keltirib chiqaruvchi asosiy omil. Kim non bersa, o‘sha odamning hurmati yuqori bo‘ladi. Buni hammamiz yaxshi bilamiz, azaldan shunday bo‘lib kelgan. Bizning asosiy vazifamiz — ish o‘rinlari yaratishdan iborat. Hozir hokimlarga qo‘yilayotgan talab shunday. Bizning zimmamizdagi mas’uliyat shunchaki paxta va g‘alla yetishtirishga nisbatan ancha yuqori turadi. Hokimlar tumandagi ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal qilishi, sarmoya olib kelishi va hududni ko‘tarish uchun lozim bo‘lgan barcha ishni bajarishi shart.

— Uzun tumani eng chetda joylashgan hududlardan biri. Ishsizlikni kamaytirish uchun nimalar qilyapsiz?
— Prezidentimiz shu vaqtga qadar qaysi lavozimda faoliyat yuritgan bo‘lmasin, har doim xalq ichida yurgan. Shu sababli vaziyatni ham ancha-muncha mutasaddidan yaxshiroq biladi. Qishloq xo‘jaligida paxta va g‘alla ekilib, mutlaqo manfaat keltirmaydigan yerlar bor edi. Prezidentimiz tashabbusi bilan shunday yerlar hisobdan, «oborot»dan chiqarildi. Mana shu yerlarni ishsiz fuqarolarga bo‘lib berganmiz. Sho‘r joylarga zovur qazildi, suvsizlariga artezian quduq kavlanib, suv chiqarildi. Natijada 1200 gektar yer fuqarolarga bo‘lib berilgan bo‘lsa, yana 600 gektari foydalanishga qaytarildi. Bu ishlarni hali yana davom ettiramiz. Yeri bor odam, hammamiz yaxshi bilamiz, boy odam hisoblanadi. Nasib qilsa yaqin vaqtlarda Uzunda boylar soni oshadi.

Shuningdek ish o‘rinlari yaratishda kichik biznesning o‘rni juda katta. Tumanda yakka tadbirkorlik, o‘zini-o‘zi band qilish, kasanachilik va hunarmandchilikni rivojlantirishga harakat qilyapmiz. Kichik sanoat zonasida 13 ta loyiha bo‘lib, 100 dan ortiq fuqarolar ish bilan ta’minlangan. Hozir yana bitta kichik sanoat zonasi ochish bo‘yicha ish olib boryapmiz.

Yana bir yo‘nalish — daryo o‘zanida baliqchilikni yo‘lga qo‘ymoqdamiz. Bu ham o‘z navbatida oziq-ovqat xavfsizligi va tuman salohiyatini oshirishda katta o‘rin tutadi.

— Hokimlikning yuki qanaqa? «Hokimning aytgani aytgan, degani degan» bo‘lishi kerakmi?
— Shu savolga javob berishdan oldin bir narsani aytib ketsam maylimi? Men ichki ishlar tizimidan chiqqanman, hokimlikka qadar bir qator tumanlarda, xususan Uzun tumanida ham rahbar lavozimlarda ishlaganman. O‘sha vaqtlarda tumandagi eng og‘ir ishni men bajaraman, deb ishonardim. Qishloq xo‘jaligi va ijtimoiy masalalarni hal qilish mening zimmamdagi vazifa emas, deb o‘ylardim. Hokim bo‘lganimdan so‘ng endi aniq bilamanki, eng og‘ir ish hokimning zimmasidadir. Prezidentimiz bekorga «hokimlar mening hududlardagi vakilim», deb aytmagan ekan.

IIVda siz qiladigan ish aniq, kontingent bitta — jinoyat qilgan yoki jabrlangan inson bilan ishlaysiz. Hokim bo‘lganimdan so‘ng esa ish hajmi juda oshib ketdi. Aytaylik, oldimga bir inson keldi — uning na uy-joyi bor va na yordam beradigan qarindosh-urug‘i. Ko‘mak beradigan yagona odam faqat siz va u bor umidini sizga qadab turadi.

Hokimning ishi oson, hamma uning aytganini qiladi, deb o‘ylashadi. Haqiqatan ham, hamma hokimning aytganini qiladi. Ammo mas’uliyatchi? Uning o‘rni qanchalik katta? Boyagi odamni uy bilan ta’minlash ham hokimning zimmasida. Ammo hech kim chetdan turib yordam qo‘lini cho‘zmaydi.

— Shunday odamlarni qanday qilib uy bilan ta’minlayapsiz?
— Hokimlikning yuki ham shunday, u nafaqat buyruq beradi, balki kimnidir aka deydi, kimnidir esa uka. Nima qilib bo‘lsa ham tumanning rivoji uchun yo‘l topadi. Davlatimizga rahmat, hozirda tadbirkorlarga keng yo‘l ochib berilgan. Shukrki, odamlarimiz savobtalab, sahovatpesha. «Ko‘pniki ko‘lni to‘ldiradi» — agar muhtoj odam bitta bo‘lsa, unga yordam beraman deganlar yuzlab topiladi. Bizdan talab qilinadigani faqat ularni muvofiqlashtirish xolos. Tumanda sahovatpesha odamlar yordami bilan muhtojlar uchun 21 ta uy qurdik. Kerak bo‘lsa, yana quramiz.

— Hokimning shaxsiy hayoti qanday kechadi? Ish shuncha ko‘p ekan, oila uchun ham vaqt ajrata olasizmi?
— To‘g‘risini tan olishim kerak, shu narsa sal muammo. Ishimiz shu qadar ko‘pki, o‘ylab qarasam, biror marta oilam bilan konsertga tushmagan ekanman. Katta qizim bu yil yettinchi sinfga bordi, shu vaqt ichida yettita joyga ko‘chibmiz va u ham yettita maktab almashtiribdi. Farzandlarim kim bilan do‘st bo‘lishni ham bilishmaydi. Ba’zan shunday bo‘ladiki, qarindoshlarning to‘yiga oilaviy borishga kelishib olamiz va ular uyda tayyorlanib, kutib turishadi. Ammo mening ishim chiqib qoladi va bora olmay qolamiz. Shunaqa holatlar ham bo‘lgan. Biroq ming shukrki, oilam tomonidan biror marta menga e’tiroz bo‘lmagan. Mening asosiy kuchim ham shunda, har qancha qiyinchilik bo‘lmasin, uyda qo‘llab turadiganlar borligini bilaman.

— Ish shuncha og‘ir ekan, tashlab ketsangiz bo‘lmaydimi? Ana, davlat tomonidan tadbirkorlarga yaratilayotgan imkoniyatlarni o‘zingiz ham aytib turibsiz, biror sohani egallasangiz bo‘ladi-ku!
— Gapingizda jon bor, ammo ishimiz siz o‘ylaganchalik faqat qora bo‘yoqlarda emas. To‘g‘ri, ko‘p ishlaymiz, ammo biz avvalo shunga tayyor bo‘lib, so‘ngra sohaga kelganmiz. Keyin, ba’zan shunday holatlar bo‘ladiki, hamma charchoqlar chiqib, qilgan ishingizdan rozi bo‘lib ketasiz. Avval IIV tizimida ishlaganimni aytdim, u yerda har doim yo birov birovni urgan bo‘ladi yoki nimanidir o‘g‘irlagan. Urganni jazolab, o‘g‘irlangan buyumni topib bergan taqdirimda ham kimdir baribir norozi bo‘lib qoladi. Axir jinoyatchini qamashga majburmisiz? Majbursiz. Demak uning zor qaqshaganini ham eshitasiz. U adashib qilganmi o‘sha ishni, yoki boshqa sabab bormi, qonun — baribir qonun! Bajarish shart. Ammo ko‘ngilxiralik qolishi ham bor gap.

Hokimlik ishida esa biz odamlarga yordam beramiz. Kimningdir ishini hal qilib beramiz, mol-hol olishiga yoki boya aytganimdek uy qurishiga qarashamiz. Uy — har qanday insonning bir umrlik orzusi, kichkinagina vatani. Uzoq yillar qiynalib uy olgan odam shunaqa xursand bo‘ladi, Prezidentimizdan tortib, hokimlikdagi oddiy odamlargacha rahmat aytib, yig‘lab duo qiladiki, barcha qiyinchiliklar esdan chiqib ketadi.

Mana shunaqa vaziyatlar uchun ham har qancha ishlasa arziydi...

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring