Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Hokim hayitlik ulashdi. Ular orasida uy ham bor

Hokim hayitlik ulashdi. Ular orasida uy ham bor

Ramazon hayiti arafasida har bir musulmon kishi savob amallar qilishi, xususan, bemorlar, nochor va ko‘ngli yarim insonlar holidan xabar olishi ham farz, ham qarzdir. Toshkent viloyatida ham bunday tadbirlar an’anaga aylangan bo‘lib, ko‘pchilik boquvchisini yo‘qotgan oilalar, ko‘ngli o‘ksik insonlarning uylariga borib, hol-ahvol so‘rashmoqda.

Iyd Ramazon hayitidan bir kun oldin viloyatdagi barcha shahar va tumanlardagi 88 ta sektor rahbarlari, homiylar va tadbirkorlar o‘z hududidagiga ehtiyojmand oilalarning uyiga borib, sovg‘a-salomlar ulashdi. Viloyat hokimi Rustam Xolmatov ham bir necha oilalarning xonadonida bo‘lib, ularninng holidan xabar oldi, avvalo samimiy suhbatlashdi. Ularga esdalik sovg‘alar, 2 million so‘mdan moddiy yordam va boshqa qimmatbaho sovg‘alar ulashildi.

Viloyat rahbari dastlab O‘rta Chirchiq tumaning «O‘rtaovul» mahalla fuqarolar yig‘inidagi Hamdo‘stlik ko‘chasi 56-uyda istiqomat qiluvchi Ilyosovlar xonadoniga tashrif buyurdi. Uy bekasi Arabgul aya uzoq yillardan beri og‘ir kasallik bilan kurashib keladi. Taqdirni qarangki, onaxonning farzandi va kelini ham bugun og‘ir darddan aziyat chekib, muolaja olishmoqda. Rustam Xolmatov ularga hayitlik ulashar ekan, muloqot davomida bu xonadonga kelgusida ham zarur yordam ko‘rsatish, ayaning farzandi va nabiralari uchun munosib hayot tarzini ta’minlash bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

Nurafshon shahrida yashovchi Zuhra Dadayeva ancha oldin turmushidan ajralib, farzandlarini yolg‘iz o‘zi tarbiyalab kelmoqda. Ayni paytda oila a’zolari bilan vaqtincha ijrada turadi. Viloyat hokimi bilan muloqot chog‘ida u shu kunda uy-joyga muhtojligini bildirdi. Ahvolning og‘irligi hisobga olinib, yaqin kunlarda Zuhra ayaga Nurafshon shahridan yangi uy-joy ajratiladigan bo‘ldi.



Keyingi manzil – Oqqo‘rg‘on tumani «Zarbdor» mahalla fuqarolar yig‘ini bo‘ldi. Bu yerda ketma-ket taqdir zarbalariga duchor bo‘lgan, mash’um falokat tufayli ota-onasidan ayrilib, uch singlisini bir o‘zi katta qilayotgan farishtadek bir qiz yashaydi. Birin-ketin voyaga yetayotgan, nigohlari mas’um bu norasidalarni viloyat hokimligi otaliqqa olgan. Yaqinda o‘tkazilgan «Ming oilaga – ming tuhfa» aksiyasi doirasida qizlarning og‘zi oqlikka yetdi – bu xonadonga sog‘in sigir tuhfa qilingan edi.

Muloqot chog‘ida viloyat hokimi qizlarning kelgusi hayoti, o‘qish va ishlari bilan qiziqdi. Biri shifokor, ikkinchisi biolog bo‘lishga havasmand yoshlar o‘z reja-maqsadlarini gapirib berishdi. Viloyat hokimi, o‘z navbatida, poytaxtimizdagi to‘qimachilik korxonalaridan birida mehnat qilib kelayotgan qizlarning to‘ng‘ichi ish joyini yaqinda Oqqo‘rg‘on tumanida faoliyatini boshlagan to‘qimachilik korxonasiga ko‘chirish, unga ma’lum yengilliklar berish bo‘yicha taklif bildirdi. Bundan albatta, oila a’zolari xursand bo‘lishdi.

Shu kuni Rustam Xolmatov Oqqo‘rg‘on tumaning «Hamid Olimjon» fuqarolar yig‘ini Fidoyi ko‘chasida istiqomat qiladigan Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi – 100 yoshdan oshgan Fayzulla bobo Nurmatov xonadonida ham bo‘ldi. Katta hayot va turmush tajribasiga ega bo‘lgan otaxon suhbat chog‘ida yurtimizda shu kunlarda odamlarning ahilligi, hayotdagi sinovlar qarshisida mardonavor jipslashganini hayrat va hayajon bilan aytar ekan, yoshlik yillari, umr hikmatlaridan so‘zladi.

Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, shu kuni viloyat rahbari yana bir necha yurtdoshlarimiz xonadonida bo‘lib, ularni ham muborak bayram bilan qutlab, o‘z sovg‘alarini topshirdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring