Toshlar orasidagi hayot. Neolit davrida tamal toshi qo‘yilgan Hasankeyf
Turkiya turizm va madaniyat vazirligi tashabbusi bilan uyushtirilgan press-turning so‘nggi kunida kichik, ammo beqiyos go‘zalliklarga boy bo‘lgan Hasankeyf shahrida bo‘ldik.
Hasankeyf Dajla daryosi qirg‘oqlarida joylashgan, suv bo‘ylab katerlarda bemalol sayohat qilish mumkin. U juda uzoq va shonli tarixga ega. Ayrim manbalarda uning poydevori deyarli neolit davriga to‘g‘ri keladi, bu paytda Mesopotamiyaning shimoliy qismida sivilizatsiyaning paydo bo‘lish jarayoni endigina boshlangan va Go‘bekli tepa va Qoraxontepa megalit ibodatxonalari majmualari qurilgandi.
Hasankeyf haqida birinchi yozma eslatma Ilanshura ostida Mari shahridan olingan loy lavhalarda uchraydi, unda hudud Dajla daryosi bo‘yida mustahkamlangan shahar sifatida tasvirlangan. Ushbu ma’lumotlar miloddan avvalgi 1800-1750 yillarga to‘g‘ri keladi. Bu ma’lumotlar Hasankeyfni eng qadimgi doimiy aholi punktlaridan biri ekanini ko‘rsatadi.
Rimliklar bu yerda Kefe qal’asini qurdilar, ayrim manbalarda shahar nomi shundan kelib chiqqan degan qarashlar mavjud. 640 yilda arablar uni Vizantiyadan qaytarib olib, Xisn Kayfa deb nomladilar. XII asrda shahar artukiylar tomonidan bosib olinib, uni poytaxtga aylantirgan. 1232 yilda shahar Ayyubiylar qo‘liga o‘tadi, 1252 yilda esa Misr mamluk turklari ularni mag‘lub etib, shaharni boshqarib, unda ko‘plab masjidlar qurib, islom dinining muhim markaziga aylantiradi. 1260 yilda shahar mo‘g‘ullar tomonidan vayron qilingan, lekin asta-sekin qayta tiklangan. Bu yerda Oqqo‘yunlu amirlarining yozgi qarorgohlari qurilgan. 1534 yilda Eron bilan urush paytida Sulaymon I Hasankeyfni egallab, Usmonlilar imperiyasi tarkibiga kiritdi.
Shaharda Hasankeyf muzeyi joylashgan. Unda hududning tosh asridan tortib, zamonaviy tarixgacha bo‘lgan davri osori-atiqalari mavjud.
Agar siz Hasankeyf manzalaridan bahramand bo‘lmoqchi bo‘lsangiz Batman shahri orqali hududga tashrif buyurishingiz mumkin. Batman aeroportidan Turkiya poytaxti va boshqa yirik shaharlariga doimiy aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilgan.
Sizga yana bir muhim va tarixiy ob’yekt haqida hikoya qilamiz. Quyidagi rasmdagi inshoot Malabadi ko‘prigi deya nomlanadi.Uning bunyod etilganiga qariyb to‘qqiz asr bo‘ldi.
Ko‘prik 1155 yilda Mardin shahrida yashovchi hukmdor Temur-Tosh buyrug‘i bilan Turkiya janubi-sharqidagi Batman daryosi ustida qurilgan. Ko‘prikning qurilgan sanasi uning sharqiy uchidagi esdalik yozuvida ko‘rsatilgan.
Qanotli ko‘prik XII asrning me’moriy va muhandislik mo‘’jizasi bo‘lib, tarixiy, ramziy va estetik ahamiyatga ega. Ko‘prikning uzunligi 281,67 metr, kengligi 7,15 metrni tashkil qiladi. Bu dunyodagi eng uzun tosh arkalik ko‘prik bo‘lib, kengligi 40,86 metrga etadi. Ko‘prik beshta kamardan iborat bo‘lib, markazda asosiy kamar va har bir qirg‘oqda ikkita yon arka bor.
Qanotli ko‘prik XII asr oxiri - XX asr boshlarigacha bo‘lgan davrda qayta tiklandi. Tarixiy jihatdan, bu Batman daryosi ustidagi yagona ko‘prik bo‘lib, 1950 yillarda yuqori oqimdagi yangi yo‘l ko‘prigi ochilgunga qadar uzluksiz foydalanilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter