Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Har yetti oyda qul kabi sotilgan Inobat

Har yetti oyda qul kabi sotilgan Inobat

Foto: «Caravan.kz»

46 yoshli O‘zbekiston fuqarosi Inobat Po‘latova uzoq muddat garovda qolib ketgan. 2019-yilda hech qanday hujjatsiz Aktobega kelib qolgan. Hattoki olti yoshli o‘g‘lida ham tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma mavjud emas. O‘zini umidsiz ahvolga solib, ayol bir yarim yil davomida mahalliy fermalarda faqatgina qorin to‘yg‘azish uchun ishlashga majbur bo‘lgan. Va har yetti oyda u oddiy qul sifatida sotib yuborilavergan.

Inobat Chimkentga 2005-yilda kelgan.

— Erim Qozog‘iston fuqarosi, u O‘zbekistonda ishlagan. Men undan uchta farzandli bo‘ldim. Kattasi allaqachon turmush qurgan va Chimkentda yashaydi.

Bizning pulimiz yo‘q edi va o‘rtancha o‘g‘limizni tug‘ilganidan keyin darhol bolalar uyiga berishga majbur bo‘lganmiz.

Hayot yaxshilanganida uni olib ketishni rejalashtirgan edik. Hozir u 14 yoshda. Kichik o‘g‘lim Damir 2014-yilda tug‘ilgan, ammo men tug‘ruqxonada bo‘lganimda erimni mashina urib yuborgan. Hujjatsiz va pulsiz ko‘chada qoldik, — deydi Inobat.

U Atirau viloyatiga borganida bir ayol bilan tanishib qoladi. Ayol uni o‘z uyiga olib ketadi va oz bo‘lsa ham pul bilan ta’minlab turadi. Ayol Inobatga o‘g‘liga hujjat olishda yordam bermoqchi bo‘ladi, ammo ming afsuslar bo‘lsinkim o‘tgan yilda bevaqt olamdan o‘tib qoladi.

Ayolning o‘limidan so‘ng eri unga nisbatan juda yomon munosabatda bo‘ladi, hattoki zanjir bilan qattiq kaltaklaydi.

Bu azoblarga chiday olmagan Inobat uydan qochib ketishga majbur bo‘ladi. Natijada Shalkarga kelib qoladi va bu yerda ham bir erkak bilan tanishib qoladi. Erkak unga boshpana va ish taklif qiladi.

Erkak unga «ishla, pul yig‘, keyin Olmaotaga borasan. O‘g‘lingga achinaman, hali hech narsani ko‘rmadi. Hujjati ham yo‘q, shu sababli maktabga ham bormagan», deya kuyunib gapiradi. Shu tariqa Inobat bir yarim yilda uch joyga ko‘chib borib ishlaydi.

— Shu vaqt mobaynida hamma ishni qildim, uy egalari hatto meni o‘g‘irlikda aybladilar. Hech qachon menga maosh berishmagan. Men ularning «o‘g‘lingni hujjatlarini to‘g‘irlab beramiz» degan va’dalariga ishonib yashadim. Ularga oylik so‘ramasdan, kechayu kunduz ishlaydigan odam kerak edi, xolos.

Oxirgi bor ishlagan uyimning egasi meni Temir tumani ichki ishlar bo‘limiga olib bordi va o‘sha yerda qoldirdi. Ichki ishlar xodimlari shunday sovuq qish kunida qayerlarga yuborishini bilmas edi, shunda yig‘lab ulardan yordam so‘rashdan boshqa ilojim qolmadi. Qattiq tushkunlikka tushib qoldim, — deydi Inobat.

Endi Inobatning bor umidi maslahat markazidan.

— Ular uyimga qaytishga ruhsatnoma qilib berishlari bilan bu yerdan ketaman. Vatanga qaytaman, u yerda qarindoshlarim bor, yordam berishadi. Muhimi, o‘g‘limning hujjatlarini to‘g‘irlayman, natijada hamma bolalar singari maktabga borishi mumkin bo‘ladi, — deya so‘zlarini yakunlaydi Inobat.

— Yaqinda Inobat uyga qaytadi, ularni qaytarish to‘g‘risida kerakli hujjatlar tayyor, — deydi markaz direktori Gulnur Idigiyeyeva.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring