Giyohvandlar jazoga tortildi
Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tumani sudi va tuman Ma’muriy sudi tomonidan «Davlatobod» mahalla fuqarolar yig‘ini aholisi bilan «Mening mahallam – mening sudyam» shiori ostida ochiq muloqot o‘tkazildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Tadbir doirasida tashkil etilgan sayyor sud majlisida Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudi tomonidan ikki nafar ayblanuvchiga tegishli jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. Ayblov xulosasiga ko‘ra, ular joriy yil 5 fevral kuni giyohvandlik vositasini tayyorlab, iste’mol qilayotgan vaqtida ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan qo‘lga olingan. Sud majlisida bu ikki shaxs qilmishidan pushaymon holatda barcha aybiga iqror bo‘ldi. Ularga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan qonunda belgilangan tartibda jazo tayinlandi.
Shuningdek, sayyor sud majlisida Uchtepa tuman Ma’muriy sudi tomonidan bir qator fuqarolarni ma’muriy javobgarlikka tortishga doir materiallar ko‘rib chiqildi.
– Bu kabi sayyor sud majlislarida jinoyat sodir etgan shaxsning qilmishi qanday oqibatga olib kelishi fuqarolarga ko‘rsatilmoqda, – dedi Uchtepa tuman sudi sudyasi B.Sultonov. – Aholi bilan muloqotlarda atrofda bo‘layotgan voqealarga loqayd qaramaslik zarurligi tushuntirilmoqda. Jinoyatchilikka qarshi kurashishda jamoatchilikning o‘rni muhim ahamiyatga ega ekani ta’kidlanib, aholining huquqiy madaniyatini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter