Fuqarolik uchun til bilish: bu biz uchun nega ahamiyatli?
U paytlarda talaba edik.
Ijara kvartirada turar, o‘qishdan bo‘sh vaqt bo‘lganda ozroq bo‘lsa ham pul topish ilinjida u-bu ishlarni qilib yurardik.
Biz bilan yashaydigan yoshi kattaroq akamiz bir kuni yangilik topib keldi. Aytishicha, ko‘plab kasb egalarini Koreya Respublikasiga ishga olib ketishayotganmish. Tanish-bilishlarning ba’zilari bu xabarni eshitib, xursand bo‘lishdi. Lekin bu jarayonda ishga usta bo‘lishdan tashqari koreys tilini ham bilish shart ekanligini bilishgach, bo‘shashib qolishdi. Axir, ularning hech biri koreys tili tugul rus yoki ingliz tilini taxminan ikki bahoga bilardi.
Demak, Koreyaga ketishning iloji yo‘q.
Uddaburonlar buning ham yo‘lini topishdi. Koreyaga ishga yuboradigan tashkilot qoshida koreys tilini o‘rgatuvchi markaz faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bir oy davomida bir dunyo pul evaziga o‘qiysiz, keyin imtihon o‘tkaziladi, imtihondan yetarlicha ball to‘play olsangiz, xorijga ketish imkoniyatini qo‘lga kiritasiz. Ba’zilar o‘qidi, kimdir o‘tdi, kimdir o‘tolmay, kurs uchun to‘lagan puliga kuyib qolaverdi.
Ishga ketish istagida bo‘lganlarning hammasi ham bir oy davomida o‘tkaziladigan o‘quv kurslarida xorijiy tilni o‘zlashtira olmas, shuning uchun ham garchi o‘z ishining ustasi bo‘lsa-da, tilni yaxshi o‘zlashtira olmaganligi uchun bu imkoniyatni qo‘ldan chiqarardi.
Ana shunday paytda ba’zilar o‘ksinar, bizning Ona tilimiz ham jahon tillaridan biri emasligidan nolir, yoshligida qaysidir xorijiy tilni chuqurroq o‘rganmaganligidan afsuslanardi.
Til masalasida keyingi bir necha oy ichida ko‘tarilgan masalalar, o‘zbek tilining davlat tili sifatida nufuzi va mavqeini yanada yuksaltirish borasida amalga oshirilgan ishlar, bunga nisbatan bildirilgan fikrlar, ko‘rsatilgan qarshiliklar haqida yana bir marta eslatishning, yanayam aniqrog‘i eslashning hojati bo‘lmasa kerak...
Bundan olti oy avval chet davlat fuqarosini yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsni O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilish bo‘yicha “O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida”gi Qonuniga o‘zgartish kiritish yuzasidan takliflar keng jamoatchilik muhokamasiga havola etilgandi.
Muhokama o‘z nomi bilan muhokama. Unda hamma o‘zi bilgandek fikr bildirishi, o‘z taklifini kiritishi mumkin. Shuning uchun ko‘pchilik o‘z taklifini kiritdi. Qonun ijodkorlari esa bu takliflarni har tomonlama o‘rganib chiqib, ularning ma’qullarini qabul qilishdi yoki aksincha rad etishdi.
Mana, o‘sha muhokamalarga ham olti oy birpasda o‘tib ketibdi. 2020-yil 15- sentyabrdan boshlab “O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida”gi Qonun kuchga kirdi. Qonun 2020-yil 13-mart kuni imzolangan va oradan 6 oy o‘tgach kuchga kirishi belgilangan edi.
Mazkur Qonunning 19-moddasiga O‘zbekiston fuqaroligiga umumiy tartibda qabul qilishning asosiy shartlaridan biri sifatida ariza topshirgan shaxsning davlat tilini muloqot qilish uchun zarur darajada bilishi ham kiritidi. Ushbu moddaga asosan davlat tilini bilish darajasini aniqlash tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
“O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilishda davlat tilini bilish darajasini aniqlash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi muhokamasi ham juda ko‘plab tortishuvlarga sabab bo‘ldi.
Nizomga ko‘ra, davlat tilini bilish darajasini aniqlash va davlat namunasidagi malaka sertifikatini berish Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi yoki uning hududiy bo‘linmalari tomonidan amalga oshirilishi belgilandi.
Davlat tilini bilish darajasini aniqlashga tayyorgarlik ko‘rish, test materiallarini tayyorlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan shakllantiriladigan ishchi guruh ariza topshirgan shaxsning nutqiy, lingvistik, matnni tushunish kompetensiyalariga e’tibor qaratadi.
Muhokamalar davomida kimdir bu talablar keragidan ortiqcha desa, yana kimdir ayni muddao, degan fikrlarni bildirdi. Xullas, nima bo‘lganda ham Qonun kuchga kirdi. Unda belgilangan me’yorlar bugundan boshlab amaliyotga tatbiq etila boshlandi.
Bir so‘z bilan aytganda, bugundan boshlab O‘zbekiston fuqaroligini olish uchun davlat tilini bilish shart bo‘ladi.
Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad ona tilimizni rivojlantirish bu borada eng muhim yo‘nalish bo‘lib qoladi.
Nurulla Abdullayev
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter