Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Farzandining maktabga borishiga to‘sqinlik qilgan shaxs otalik huquqidan ayrildi

Farzandining maktabga borishiga to‘sqinlik qilgan shaxs otalik huquqidan ayrildi

Bola huquqlari bo‘yicha vakilga ayni vaqtda Turkiya davlatida istiqomat qilib kelayotgan hamyurtimiz A.S. tomonidan murojaat kelib tushdi.

Murojaat muallifining yozishicha, u 2015-yilda turmush o‘rtog‘i V.M.dan qonuniy ajrashgan, ular o‘rtasida 2013-yilda tug‘ilgan bir nafar o‘g‘il farzand bor.

Sobiq turmush o‘rtog‘i V.M. alimentdan qarzdorligi sababli hamda ta’qiqda bo‘lishiga qaramay noqonuniy yo‘l bilan O‘zbekiston Respublikasidan chiqib ketadi va Rossiya Federatsiyasida yashab yuradi.

V.M.ning hozirgi kunga qadar to‘lanmasdan kelinayotgan aliment qarzdorligi 50 mln. so‘mdan ortgan. Murojaatchi A.S. 2019-yilda turk fuqarosi bilan qonuniy nikohdan o‘tadi. Sobiq turmush o‘rtog‘ining ko‘p miqdorda aliment qarzdorligi vujudga kelganligi sababli, A.S. o‘z o‘g‘lini Turkiya davlatiga olib ketishida otaning ruxsati shart bo‘lmagan.

Turkiya davlatida farzandining yashashi uchun barcha sharoitlar mavjud, biroq Turkiya davlati qonunlariga ko‘ra, voyaga yetmagan chet el fuqarolarining qonuniy ro‘yxatdan o‘tishi uchun ota-onasining ruxsati bo‘lishi belgilangan. Ushbu ruxsat bo‘lgandagina farzand maktabda ta’lim olishi mumkin. Ammo, bolaning sobiq otasi bunga rozilik bermagan.

Mazkur murojaat Ombudsman tomonidan nazoratga olinib, o‘rganildi. Sobiq er-xotinlarning o‘zaro shaxsiy xusumati tufayli ota V.M. o‘z o‘g‘liga Turkiya davlatida qonuniy ro‘yxatdan o‘tishi uchun rozilik berishdan bosh tortgan. Murojaatchi A.S.ning farzandi hozirgi kunda 8 yoshga to‘lishiga qaramay maktabga bora ololmagan. Ushbu masala yuzasidan A.S.ning akasi ishonchnoma asosida V.M.ni otalikdan mahrum qilish bo‘yicha Fuqarolik ishlari bo‘yicha Urgut tumanlararo sudiga da’vo arizasini kiritgan.

Shuni ta’kidlash joizki, V.M.ning 50 mln. so‘mdan ortiq aliment qarzdorligi bo‘lib, 7 yil mobaynida u o‘z farzandini biror marta ham ko‘rmagan va xabar olmagan, na moddiy, na ma’naviy hech qanday yordam ko‘rsatmagan, otalik burchini bajarishdan bosh tortib kelayotgan, qonunga zid ravishda O‘zbekistondan chiqib ketgan sobiq turmush o‘rtog‘ini (V.M.ni) otalik huquqidan mahrum qilish masalasi Oliy sudgacha yetib kelgan.

Bola huquqlari bo‘yicha vakilning mazkur ish yuzasidan Oliy sudga kiritgan xulosasi hamda nazorat instansiyasida Ombudsman vakilining ishtirok etishi bilan murojaatchining sobiq turmush o‘rtog‘i otalikdan mahrum qilinib, Turkiya davlatida onasi bilan yashab kelayotgan o‘g‘il maktabga borib ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring