Farg‘ona va Namangan viloyatlari chegaralarini o‘zgartirish masalalari ko‘rib chiqiladi
Joriy yilning 7-sentyabr kuni Oliy Majlis Senati Kengashining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Uni Senat Raisi Tanzila Narbayeva olib bordi.
Majlisda Oliy Majlis Senatining o‘ttiz ikkinchi yalpi majlisini 2022-yil 13-sentyabr kuni chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Qayd etilganidek, navbatdagi yalpi majlisda bir qator masalalar ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan.
Senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi o‘rinbosari to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqadilar.
Shu bilan birga, yalpi majlisda bir qator qonunlar muhokama qilinadi. Xususan, «Elektron tijorat to‘g‘risida»gi, «Tashqi mehnat migratsiyasi to‘g‘risida»gi, «Elektron raqamli imzo to‘g‘risida»gi qonunlar shular jumlasidandir.
Bundan tashqari, «Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartishlar kiritish haqida»gi hamda «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonunlar ham ko‘rib chiqiladi.
Yalpi majlisda O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining 2022 yil I yarim yilligi ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining hisobotini, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining 2022-yil birinchi yarim yilligidagi faoliyati to‘g‘risidagi axborotini eshitish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, Farg‘ona viloyatining Uchko‘prik, O‘zbekiston, Dang‘ara, Qo‘shtepa, Toshloq, Farg‘ona tumanlari va Qo‘qon, Marg‘ilon, Farg‘ona shaharlari chegaralarini o‘zgartirish, shuningdek, Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumani va Namangan shahri Davlatobod tumanining hamda Namangan shahrining chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi masalalar ham ko‘rib chiqiladi.
Shuningdek, senatorlar Boyovut, Qarshi, Olot, Bo‘ston va To‘raqo‘rg‘on tumanlari hamda Kattaqo‘rg‘on shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari doirasida belgilangan chora-tadbirlar ijrosini o‘rganish natijalarini muhokama qiladi.
Yalpi majlisda davlat organlari va tashkilotlari tizimida 2022-yilning birinchi yarmida murojaatlar bilan ishlash holatini ko‘rib chiqish nazarda tutilgan.
Tadbir yakunida Senat Kengashining tegishli qarori qabul qilindi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter