Farg‘ona: besh nafar bolaning endi oilasi bor
Ezgulikning qanoti bor deyishadi. Yaqindagina Farg‘ona viloyatida oilaviy bolalar uyi ochilgani haqida xushxabar tarqalgandi.
Hech qancha o‘tmasdan Qo‘shtepa tumani, Vatan mahalla fuqarolar yig‘ini, Gulshan ko‘chasi, 22-uyda yashovchi xonadon sohiblari Elyorjon Zokirov va Sanobarxon Zokirova Marg‘ilon shahrida joylashgan 1-Mehribonlik uyidan 4 nafar o‘g‘il va 1 nafar qiz jami 5 nafar tarbiyalanuvchilarni olib, «Mustaqil oilam kelajagim poydevori» nomli oilaviy bolalar uyini tashkil etdi.
Elyorjon akaning farzandlari, ya’ni Farg‘ona Davlat universitetining talabasi Mohichehra va Nizomiy nomli Toshkent Davlat universiteti talabasi Elyorjoning endi ota-onasiga ko‘makchi ukalari va singlisi bor. Opa-akalarining o‘rnini to‘ldirib turgan, xonadonga quvonch olib kirgan bu bolalar tezda yangi oilaga o‘rganib ketishdi. Bolajonlarning biri kelajakda «dadam kabi feldsher bo‘laman», desa yana biri «onam kabi o‘qituvchi kasbini tanlayman», deydi...
Bolalarning kelgusida o‘z orzulariga erishish uchun bu xonadonda barcha sharoitlar mavjud. Muhimi, ularning o‘zlariga bo‘lgan ishonchini orttiradigan ota-onasi, aka-opasi bor. Oila baxtini his qilib yashashdan ham ortiq baxt bormi dunyoda.
Eng quvonarlisi, bu kabi oilaviy bolalar uyining ko‘payayotgani, Farg‘ona viloyatining o‘zida ularning soni beshtaga yetgani.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter