Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yevropa farmatsevtika kompaniyalarini O‘zbekiston bozoriga kirishini osonlashtirish taklif qilindi

Yevropa farmatsevtika kompaniyalarini O‘zbekiston bozoriga kirishini osonlashtirish taklif qilindi

16 aprel kuni Toshkentda o‘tkazilgan davra suhbatida O‘zbekiston farmatsevtika sanoatining bugungi holati, bu borada Yevropa Ittifoqi shirkatlari bilan hamkorlikni chuqurlashtirish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Tadbir Yevropa–O‘zbekiston iqtisodiy hamkorlik assotsiatsiyasi (EUROUZ) tomonidan «Taraqqiyot strategiyasi» va Progressiv islohotlar markazlari bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Unda EUROUZ’ning Sog‘liqni saqlash va tabiiy fanlar qo‘mitasi, parlament a’zolari, sog‘liqni saqlash va farmatsevtika sohasidagi yetakchi davlat tashkilotlari mas’ullari, YeI diplomatik korpusi va yigirmadan ziyod Yevropa kompaniyalari vakillari qatnashdi.

Ishtirokchilar O‘zbekiston va Yevropa farmatsevtika kompaniyalari o‘rtasida sarmoya va hamkorlik uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratdilar. Xususan, Yevropa kompaniyalarining mahalliy bozorga kirishini osonlashtiradigan va O‘zbekistonda sifatli Yevropa dori vositalaridan foydalanish imkonini yanada oshiradigan me’yoriy-huquqiy bazani takomillashtirish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.

Anjumanda ta’kidlanishicha, O‘zbekistonda so‘nggi paytlarda dori vositalaridan zaharlanish va o‘lim holatlari kuzatilayotgan bir paytda dori vositalari xavfsizligini ta’minlash masalalarini tezroq hal etishga bo‘lgan talab ortmoqda. Bu esa tizimda davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish, dori vositalarining bioekvivalentligini baholash va aniqlash samaradorligini oshirish,  ularni retseptlash, davlat xaridlari shaffofligini oshirish kabi vazifalarni kun tartibiga qo‘ymoqda.

Jahon amaliyoti shuni ko‘rsatadiki, xususiy sektor ishtirokisiz tizimda sezilarli muvaffaqiyatlarga erishib bo‘lmaydi. Binobarin, “O‘zbekiston–2030” strategiyasida ham sog‘liqni saqlash tizimida xususiy sektorning ishtirokini oshirish ko‘zda tutilgan.

Qayd etilishicha, EUROUZ’ning Sog‘liqni saqlash va tabiiy fanlar qo‘mitasi ushbu maqsadlarga erishish yo‘lida global dori vositalari ishlab chiqaruvchilardan tortib milliy tartibga soluvchilarga qadar – turli bo‘g‘inlarni birlashtiruvchi platforma vazifasini o‘tamoqda.

Yevropa–O‘zbekiston iqtisodiy hamkorlik assotsiatsiyasi (EUROUZ) Yevropada rasman qo‘llab-quvvatlangan birinchi biznes-savdo palatasining yurtimizdagi filiali sifatida faoliyat yuritmoqda. Uyushma o‘z a’zolariga maqsadli bozorni tushunish, kuchli biznes tarmoqlarini yaratish va davlat, xususiy manfaatdor tomonlar bilan yanada samarali muloqot borasida yordam ko‘rsatadi.

Avval xabar berganimizdek, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri (hozirda Raqamli texnologiyalar vaziri) hamda EUROUZ bosh kotibi uchrashuvida «ko‘hna qit’a»ning yirik IT kompaniyalarini O‘zbekistonga jalb qilish yuzasidan fikrlashilgandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring