Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Eshikka tikilgan ko‘zlar

Eshikka tikilgan ko‘zlar

Yo‘qotmasdan avval asra

Ular juda qattiq janjallashib qolishdi. Xotin tugunini tugib, bolasini opichlab, ota uyiga jo‘nadi. Er bir og‘iz «qol» demadi. Mahallalariga kiraverishda, dugonasini uchratib qoldi. Dugona «Seni ko‘rib qolganim yaxshi bo‘ldi-da, bolangni onangga tashlab, tezroq chiq. Bir janozaga birga borib kelamiz», deb o‘tindi uning rang-ro‘yiga ham qaramasdan. U ham siqilib turgan edi. Birga borishdi.

Keksagina bo‘lsa ham, o‘smali qoshlar-u, surmali ko‘zlari bir husniga o‘n husn qo‘shib turgan oppoq momiqdek ayolning dunyoni buzib, «Voy, azizim!» deb ko‘ksiga mushtlab yig‘lashi unga biroz erish tuyuldi. «Nabira-chevaralarning oldida...»

Ular qattiq arazlashgan edi. Eri ham yo‘qlab kelmadi. Ota uyida ancha qolib ketdi. Tasodifmi, dugonasi bilan biron yetti oy o‘tib, yana o‘sha xonadonga yil oshiga borishdi. Dasturxonda qushning sutidan bo‘lak hamma narsa bor, faqat o‘sha «Azizim!» deb ko‘ksiga urib yig‘lagan go‘zal ayol ko‘rinmasdi. Dugonasidan uni so‘radi. U esa davra to‘rida bir parchagina bo‘lib o‘tirgan mushtipar ayolni ko‘rsatdi. U bir zum lol qoldi, yuragidan nimadir chirt uzilib tushgandek bo‘ldi: «Yolg‘izlikning yuki qanchalar og‘ir».

Uyga kelib, tugunini tugdi, bolasini olib, uyiga yo‘l oldi: «Ayiq edi, maymoq edi, erim edi. Yoriq edi, yuriq edi, uyim edi...»

Qo‘ltiqtayoqlar

Qo‘ltiqtayoqlar... Unutilgan, changga botgan holda karavot tagidagi qorong‘i burchakda yotib, egasining harakatlarini jimgina kuzatadi. Kechagidek yodida, uning qo‘ltig‘iga kirib, titroq vujudini yelkalariga olib, xona uzra avaylabgina odimlashganlari. O‘shanda u qo‘rqqanidan, qo‘ltiqtayoqqa emas, yonidagi jiyaniga yopishib olgan edi: «Buncha og‘ir, buncha qo‘pol!..» Bu gapni ko‘ngliga olib ham o‘tirmadi.

U sekin-asta qo‘ltiqtayoqda yurishni o‘rganib oldi. Bir kuni hovliga chiqdi, ayni bahor edi, charaqlab nur sochayotgan quyoshni, qarshisida tovlanib turgan yashil dunyoni ko‘rib, ko‘zlari qamashdi. Uni mashinasiga o‘tqazib, shahar aylantirishdi. Chiroyli binolar, dov-daraxtlar, mashinalar, odamlar... Lekin u o‘zini oqimning ichida his qila olmadi, xuddi televizor tomosha qilayotgandek edi... Keyin ko‘chalarga qo‘ltiqtayoqda chiqishni o‘rgandi. Bir oz toliqqan bo‘lsa ham, xushnud holda qaytdi.

Keyin... Qo‘ltiqtayoqlarsiz yurishni o‘rgandi. Endi qo‘ltiqtayoqlar qorong‘i burchakda yotib, yelkalarida opichlab, yurishni o‘rgatgan egasining pildirab yurishlarini mamnun kuzatadi. O‘zicha g‘ururlanadi...

Biz-chi? Og‘ir kunlarida qo‘ltig‘imizga kirib suyagan do‘stimiz baxtiyor kunlarida bizni unutib yuborsa, shu qo‘ltiqtayoqlardek mamnun holda g‘ururlana olamizmi?

Hasad

Ular institutda birga o‘qishgan. O‘qishni bitirishgach, biri olis tog‘li qishloqqa, ikkinchisi shaharga kelin bo‘lib tushdi.

Oradan yillar o‘tib, tog‘lik kuyov kattalarning nazariga tushib, shaharga ishga keldi. Endi ular ishdan so‘ng birga-birga qaytishadi. Ularning bir-biriga aytadigan gaplari juda ko‘p edi. Ammo gurung qizigan payt kimdir qarshilaridan chiqib, shaharlik dugonani gapga tutib qoladi. Harqalay, necha yillar yashagan joyi, tanish-bilish ko‘p, birov shunchaki ahvol so‘raydi, birov dardini aytadi. Bu tanishlarining og‘ziga qarab qolib ketadi, tog‘lik dugona sal nariga o‘tib, nim tabassum bilan uni kuti-i-ib turadi.

Ittifoqo, bir kuni qarshilaridan shahar hokimi chiqib qoldi. Hokim uni qayerda ko‘rsa, iltifot ko‘rsatib yurguvchi edi. Bu safar unga unchalik e’tibor bermadi, tog‘lik dugonaga rosa xushomad qildi. Bu odam tog‘lik dugona uchun suhbatlarini bo‘lgan yagona inson edi.

Negadir uning kayfiyati buzildi. Gurungga rag‘bati qolmadi. O‘zlarining muyulishlariga kelgach, dugonasi bilan ruhsizgina xo‘shlashdi. Ich-ichini hasad o‘ti kemirayotganini anglab yetguncha ancha vaqt kerak bo‘ldi. So‘ng o‘zidan uyaldi.

Qarz

Keyingi paytlarda u tez-tez yotib qoladigan odat chiqardi. Yotgan odamning kunlari uzun, tunlari undan-da uzun bo‘ladi. «Tiq» etsa eshikka qaraydi, kim keldi ekan, deb. Endi xastalangan paytlari yo‘qlamagan odam qolmadi hisob. Yuragi xasta edi. Ketma-ket keluvchilardan toliqqan kunlari ko‘p bo‘ldi. Ba’zilar ezmalik qilib, yonida uzoqroq qolib ketsa, ketishgandan so‘ng, uydagilardan ginalaydigan bo‘ldi: «Bir bahona qilib, chiqarib ketmadinglar. Mazam qochdi. Juda charchadim. Bu odamlar ham bemorning ziyorati qisqa bo‘lishi lozimligini tushunishmaydi».

Vaqt o‘tib, kasali eskirdi. Uning xastalanganligi haqidagi ma’lumot ham eskirdi. Yo‘qlovchilar ham saralanib qoldi. Eng yaqin odamlari, jigarlari ish orasida bir-bir yo‘qlab ketishadigan bo‘ldi. Endi u eshikka termilgancha barmoq bukib sanaydi: «U keldi, bu keldi. O‘zi kim qoldi, kelmagan? Eh-he, hamma kelib bo‘libdi-ku...» Shu hisob-kitob asnosida hayotning bir shafqatsiz haqiqatini anglaydi: «Odamlar bemordan ahvol so‘rash uchun emas, qarzini uzish uchun yo‘qlar ekan, bilmabman. Esiz, sog‘-salomat paytlarimda odamlarni ko‘proq yo‘qlab, ko‘proq qarz qilib qo‘ymagan ekanman».

Savatdagi kampir

Bandalikni bajo keltirayotgan ota o‘g‘liga «onangni ehtiyot qil», deya vasiyat qilgan. O‘g‘il unga javoban «Xotirjam bo‘ling, onamni boshimda ko‘tarib yuraman» deb va’da qilgan. Va onasini savatga solib, boshida olib yurishga odatlangan. Bir kuni oftobro‘yada o‘tirgan bir chol undan so‘rab qolibdi:

− Hoy, yigit! Boshingdagi nima?

Yigit g‘urur bilan javob qilibdi:

− Rahmatli otamga va’da bergandim. Onamni boshimda ko‘tarib yuribman.

− Ey, nodon, yaxshisi sen onangni erga ber, − debdi chol.

Sal yurishgach, savatda yotgan kampir o‘g‘lidan so‘rabdi:

− U chol nima deyapti?

− Onangni erga ber, deyapti.

− Aqlli odam ekan, − degan xo‘rsiniqli ovoz eshitilibdi tepadan.

Jamila Ergasheva

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring