Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

Elmira Bositxonovaga ochiq xat...

Elmira Bositxonovaga ochiq xat...

Foto: xabar.uz

Bugun, 11-iyul kuni Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan «Oiladagi zo‘ravonlik masalalari, turli vaziyatlar tahlili va bu borada olib borilayotgan chora-tadbirlar» mavzuida OAV xodimlari bilan brifing o‘tkazilibdi.

Tadbirda «Bozorchi ayollarda ma’rifat yo‘q, ma’naviyat yo‘q. U bozorchi», degan fikrlaringiz omma e’tiboriga tushibdi. Siz bozorchi ayollarga shoira Zulfiyaning «Xotiram siniqlari» kitobidan she’r o‘qib turilishini va bu bilan ayollardagi ma’naviyatni butlash g‘oyasini ilgari suribsiz. Eh, qaniydi shunday bo‘lsa. Men ham istayman, hatto bozorchi opa-singillarimizning qo‘lidan kitob tushmasa, bozor davrasida dahanaki jang qilmay, bir-biriga she’r aytib o‘tirsa. Ammo hayot boshqa, xayol boshqa. 

Mana shu yerda sizning internetdan ancha uzoqligingiz bilinib qolibdi. Bugun siz bir paytlar ishlab yurgan kunlar ortda qolib ketdi. Odamlarning uyg‘onganiga ancha bo‘lgan. Saytlarda chiqqan bugungi tadbir bilan bog‘liq maqolalar «Facebook»da chiqqach, unga bildirilgan keskin fikrlarni o‘qib chiqdim.

To‘g‘ri, ayolning ma’naviyatli bo‘lmog‘i juda muhim. Axir millat kelajagi onalar qo‘lida, deb bejiz aytilmagan. Ammo bugun «ma’naviyat» so‘zini hech kimning eshitgisi yo‘q. Haqiqiy holat bilan tanishgingiz kelsa, «Facebook» ijtimoiy tarmog‘idagi «Xalq bilan muloqot», «Xalq fikri», «Xalq nazorati» guruhlari bilan ko‘p emas, uch kun birga bo‘ling.

«E, men hech qanday internetga kirmayman», degan gaplarning urfdan qolganiga ham ancha bo‘lgan. Bu guruhlarda turli kasb egalaridan tortib, siz aytayotgan o‘sha bozorchi ayollargacha uchratishingiz mumkin. Afsuski, tepada o‘tiradigan rahbarlarning ko‘pi shunday guruhlar bilan ishlamaydi. Agar xalq bilan muloqotda bo‘lishganda edi, haqiqiy ahvol bilan yaxshiroq tanishgan bo‘lishardi. Ayniqsa, bu guruhlarga matbuot kotiblarining muntazam ravishda bog‘lanib turishi foydadan holi emas. Barcha yangiligu ajoyib fikrlar, qarashlar mana shu guruhlarda.

Sizlar qilayotgan xayrli ishlardan ko‘z yummoqchi emasman. Ammo mana shu internet, OAV orqali ko‘rayotgan, eshitayotgan, o‘qiyotgan ba’zi voqealar baribir ayollarning ahvoli u qadar yaxshi emasligini isbotlayveradi.

Birgina misol, Xorazmning Xozarasp tumanida yashaydigan Nodira Xolmirzayevaning ikki nafar farzandi bor, bir nafari nogiron, ozgina oylik oladi, 20 yildan beri uyi yo‘q. Imtiyozli kreditga beriladigan uyga puli yo‘q. Men bu ayol haqida sizdan oldingi rahbarning shaxsiy pochtasiga ham yozdim, Ozoda ismli xotin-qizlar qo‘mitasining huquqshunosi bilan ham gaplashdim. Gazetalarga, saytlarga maqola yozdim. Ammo hali hamon u ayolning muammosiga yechim topilmadi. Faqat tumandan, mahalladan bir necha xodim yo‘qlab borishgan, «ertak» va «alla»larini aytib qaytishgan. Borganlarning barchasi haliyam uysizligidan hayratlangan, albatta muammongiz o‘rganib chiqiladi, degan yupatishlar bo‘lgan.

U bechora ayol har safar sizlar tomonlaringizdan borgan ezgulik elchilarining gaplaridan haligacha mutaassir. Endi umidlari puchga chiqay deganda biror xodim borib umidlarini uyg‘otib kelishdan boshqasiga yaraganlari yo‘q hozircha. Bunday misollar juda ko‘p. Internetga kirsangiz, saytlarni muntazam o‘qib borsangiz bozordagi ayollarga she’r o‘qib berish fikridan qaytasiz. Haqiqatga tik qaray boshlaysiz.

Hurmatli Elmira Bositxonova! Endi boshqacha hayot boshlandi. Ayollar ma’naviyatiga jon kuydirganingizni yaxshi tushunaman. Lekin bugun ma’naviyatning o‘zi bilan qorin to‘ydirib bo‘lmasligini xalq anglab yetdi. Zamonga boshqacha ko‘z bilan qarash kerak, turli hisobotlaru tadbirbozliklar bilan kifoyalanish urfdan qoldi.

Men har safar internet orqali xotin-qizlar qo‘mitalari xodimlari bilan to‘qnashganimda mana bu takliflarimni aytaman: Xotin-qizlar qo‘mitasi xayriya tashkiloti emas. Bitta muammoni yechsa ikkinchisi chiqib kelaveradi. Muammoning tub ildizini topish kerak. Masalan yolg‘iz ayollar ishlaydigan qo‘shma korxonalarning oyligi qay darajada? 500-800 ming oylikka bolalarni boqsa bo‘ladimi? Masalan, nogiron bolaga beriladigan nafaqa 296 ming so‘m. Ona bemor bolani deb ishlolmaydi. Agar ayol yolg‘iz bo‘lsa bolasini deb ishlolmasa, bola uchun beriladigan 296 ming pulga qanday yashash mumkin? Balki bolaning nafaqasini ko‘tarib qo‘yish kerakdir. Balki bolaga uyga kelib qaraydigan o‘qituvchi yoki tarbiyachi davlat tomonidan oylik bilan ta’minlanishi lozimdir.

Shunda ona biror joyga ishga kirib ishlashi mumkin bo‘lar. Balki shunda qo‘sh xotinliklarga barham berilar. Axir buyam bir muammo, buning ortida qanchadan-qancha haq-huquqi poymol bo‘lgan odamlar turibdi. Buyam davlat uchun bir yuk...

Yaqinda saytimizda 6 oylik homilasi bilan bir ayolning ishdan bo‘shatilganiyu haligacha haqiqat qaror topmagani haqida maqola berdik. Mana shunday paytda ayolning haq-huquqini himoya qilish sizlarning vazifalaringiz emasmidi?

Oxirgi gapim: bugun zamon tezkor. Xohlaymizmi, yo‘qmi texnologiyalar asri. Internet bilan qattiq ishlangizlar, onlayn muloqot, onlayn savol-javoblar, onlayn hisobot, onlayn qabul, onlayn maslahatlarni yo‘lga qo‘yish vaqti yetdi. Chunki har qanday rahbar bugun xalqdan bir qadam oldinda yurmas ekan, hatto gapiradigan gapining salmog‘ini o‘ylab ko‘rmas ekan, internetda kun mavzusi, hattoki «hafta qahramoni»ga aylanib qolishi hech gap emas...

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring