DXX xodimlari kuni boshqa sanaga ko‘chirildi
Senat yalpi majlisida «O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati organlari xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni muhokama qilindi.
Mazkur qonunda 26-sentyabr kunini DXX xodimlari kuni sifatida belgilash nazarda tutilmoqda.
Amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni o‘rganish shuni ko‘rsatmoqdaki, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining tarixi aslida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1991-yil 26-sentyabrda qabul qilingan PF–265-sonli Farmoniga borib taqaladi.
Prezident Sh.Mirziyoyevning tashabbusi bilan 2018-yilning 5-aprelida «O‘zbekiston Respublikasining Davlat xavfsizlik xizmati to‘g‘risida»gi Qonuni qabul qilindi. Hujjat bilan xizmat faoliyatining mustahkam qonuniy asoslari yaratilib, zarur tashkiliy-huquqiy mexanizmlar belgilandi.
Shu sababli 2018-yil 2-oktyabrda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati kunini belgilash to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida 5-aprel – O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining kasb bayrami etib belgilangan edi.
Bugungi kunda 5-aprel sanasini Davlat xavfsizlik xizmati kuni sifatida nishonlash (Xizmatning 30 yilligi) xavfsizlik idoralarining faoliyat yuritishini hisoblashda qarama-qarshilikni keltirib chiqarmoqda. Chunki o‘tgan yillar davomida (2006, 2011 va 2016-yillar) xizmatning tantanali yubileylariga Davlat xavfsizlik xizmatining xorijiy hamkorlari taklif etilib, ularga esdalik nishonlari topshirilgan.
Shu bois, O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 30 yillik bayrami nishonlanganidan so‘ng, 26 sentyabr kuni Davlat xavfsizlik xizmatining 30 yilligini o‘tkazish mantiqan to‘g‘ri hisoblanadi, deyiladi Senat matbuot xizmati xabarida.
Ushbu qonun qabul qilinishi natijasida 2018-yil 2-oktyabrda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati kunini belgilash to‘g‘risida»gi Qonun o‘z kuchini yo‘qotadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter