Diniy tashkilotni ro‘yxatdan o‘tkazishda dalolatnoma-deklaratsiya talabi bekor bo‘ldi
Hukumatning 2018-yil 31-mayda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasida diniy tashkilotlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, qayta ro‘yxatdan o‘tkazish va tugatish tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlangani haqidagi qarori bilan adliya organlaridan diniy tashkilotga jarima solish vakolati olib tashlangani, masjidlarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun davlat boji kamaytirilgani, haqida to‘xtalgan edik. Shuningdek, masjidni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun talab qilinadigan hujjatlar ro‘yxati ham berildi.
Mazkur qarorga binoan, endilikda diniy tashkilotni ro‘yxatdan o‘tkazishda quyidagi hujjatlarni topshirish talab etilmaydi:
- pul mablag‘lapining tashkil topish manbalari — dalolatnoma-deklaratsiya;
- diniy tashkilot nomlanishining hokimlikda ro‘yxatdan o‘tganligi to‘g‘risidagi guvohnomaning nusxasi.
Diniy tashkilotni ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha faoliyatga ham «yagona darcha» tamoyili joriy etilgan.
Xususan, endilikda diniy tashkilot davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgandan keyin STIR va KTUT kodlari adliya organlari tomonidan bir yo‘la tegishli guvohnoma bilan taqdim etiladi.
Ilgari bu hujjatlarni ham diniy tashkilot soliq va statistika organlaridan o‘zlari mustaqil olishi lozim edi.
Ilgari amal qilgan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgani to‘g‘risidagi guvohnoma hamda ta’sis hujjatlarining dublikatlarini berishda, shuningdek, diniy tashkilotni tugatishda taqdim qilinadigan hujjatlarning aniq ro‘yxati belgilanmaganligi amaliyotda muammolarga sabab bo‘layotgan edi. Mazkur kamchiliklar yangi qarorda bartaraf etildi.
Shuningdek, hisobotlar soni ham kamaytirildi. Endilikda diniy tashkilotlar bir yilda bir marta tegishli adliya organiga hisobot taqdim etadi. Ilgari har chorakda hisobot taqdim etishi lozim edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter