«Chirchiq ko‘z o‘ngimizda o‘lik daryoga aylantirilmoqda...»
Tabiat resurslari vaziri maslahatchisi, sobiv deputat Rasul Kusherbayev Chirchiq daryosi va uning atrofida yuzaga kelayotgan ekologik falokat haqida post qoldirdi.
«Chirchiq daryosining relefi buzilishi natijasida daryo o‘zani sathi Toshkent viloyati hududida 2-3 metrgacha, Toshkent shahri Roxat ko‘li yaqinida avvalgiga nisbatan 10 metrgacha pasayib ketgan.
Bunda ko‘p yillik qirg‘oqlar orasidagi masofa 300-350 metrgacha kengayib, daryo o‘zani bir necha bor o‘zgartirilgan. Qum-shag‘al materiallarini tartibsiz va ruxsatsiz qazish natijasida yer usti va yer osti suvlari kamayib ketishi kuzatilmoqda.
Daryoning muxofaza zonasidagi 530 gektar maydonni egallagan Toshkent davlat o‘rmon xo‘jaligining Saksonota va Yangiyo‘l o‘rmon xo‘jaligi bo‘limlariga qarashli o‘rmon va to‘qayzorlar butkul nobud qilinib, daryo vodiysida yashillik olami yo‘qotilgan. Bu o‘z o‘rnida ixtiofaunaga boy bo‘lgan Chirchiq daryosida baliq zaxiralarining qirilib ketishiga olib keldi...», deya yozadi Kusherbayev.
Uning fikricha, «Toshkent shahri va viloyatining asosiy hayot manbai hisoblangan Chirchiq shu tariqa ko‘z o‘ngimizda o‘lik daryoga aylantirilmoqda».
Ta’kidlash joizki, uzunligi 155 kilometrni tashkil etuvchi Chirchiq daryosi O‘zbekistonning asosiy suv havzalaridan biri sanaladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter